Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bir vaqtning oʻzida Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisiga aylandi
Prezident oʻz administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevani bir vaqtning oʻzida Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi etib tayinladi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bir vaqtning oʻzida Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi etib tayinlandi
Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Shavkatovna Mirziyoyeva amaldagi lavozimini saqlab qolgan holda Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi lavozimiga tayinlandi. Tegishli farmonni Prezident Shavkat Mirziyoyev imzoladi, deya xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Boshqaruvchi Moliya markazi kengashining bosh kotibi hisoblanadi, kun tartibini shakllantiradi va rais boʻlmaganda uning yigʻilishlarini olib boradi.
Boshqaruvchi faoliyatining asosiy yoʻnalishi moliya markazini ishga tushirishni muvofiqlashtirish: birinchi navbatdagi hujjatlarni tayyorlash hamda davlat organlari va markaz tuzilmalari oʻrtasidagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan iborat boʻladi, deyiladi xabarda.
Muhim vazifalar qatorida moliya markazining Oʻzbekistondagi va xorijdagi xalqaro tashkilotlar, investorlar va hamkorlar bilan oʻzaro munosabatlarida vakillik qilish, shuningdek, kadrlar boʻyicha qarorlar qabul qilishda, jumladan, moliya markazi maʼmuriyati ijrochi direktori, uning oʻrinbosarlarini tayinlash va moliyaviy xizmatlar boshqarmasi rahbariyati boʻyicha tavsiyalar kiritishda ishtirok etish ham koʻrsatilgan.
Bundan tashqari, boshqaruvchi bitimlar tuzish, ishchi guruhlar tashkil etish va ekspertlarni jalb qilish huquqiga ega.

