Presli Gerber, Sindi Kroufordning oʻgʻli, 27 yoshida vafot etdi
Uning oilasi modelning vafotidan keyingi «juda ogʻir va azobli davrda» shaxsiy hayotga daxl qilmaslikni soʻradi.

Presli Gerber, Sindi Kroufordning oʻgʻli, 27 yoshida vafot etdi
Supermodel Sindi Kroufordning oʻgʻli Presli Gerber 27 yoshida vafot etdi.
Los-Anjeles okrugi tibbiy ekspertiza boshqarmasi hujjatlariga koʻra, model boʻlib ishlagan Gerber yakshanba kuni reabilitatsiya markazida vafot etgan. Oʻlim sababi koʻrsatilmagan.
Krouford va uning turmush oʻrtogʻi Rendi Gerberning vakili Elli Jenkins BBC’ning AQShdagi hamkori CBS telekanaliga shunday dedi: «Oila ushbu juda ogʻir va qaygʻuli damlarda ularning shaxsiy hayotiga daxl qilmaslikni soʻraydi».
Gerber onasi va singlisi Kayyaning izidan borib, model sifatida faoliyat yuritgan va ilk bor 16 yoshida Italiyaning Moschino brendi namoyishida podiumga chiqqan edi.
Кейинчалик у Burberry, Dolce & Gabbana va Bottega Veneta kabi brendlar uchun model sifatida suratga tushgan.
Uning otasi, taniqli tadbirkor Rendi Gerber Jorj Kluni bilan birgalikda Casamigos tekila brendiga asos solgan.
Soʻnggi yillarda Gerber oʻzining ruhiy salomatligidagi muammolar va giyohvand moddalar isteʼmoli haqida ochiq gapirib kelayotgan edi.
2023 yilda u Studio 22 podkastiga bergan intervyusida shunday degandi: «Ruhiy salomatlik, depressiya va shu bilan bogʻliq boshqa muammolar bilan kurashgan inson sifatida shuni ayta olamanki, hayotimning maʼlum bir davrida oʻzim tushib qolgan oʻsha chohdan loaqal bir kishiga yoki yuzlab odamlarga chiqishga yordam bera olsam, men uchun shuning oʻzi kifoya».
Shuningdek, shu oydagi Amerikaning Vogue jurnalida Kayya akasining qaramlik bilan kurashi haqida gapirgan edi. U shunday dedi: «Oilada shunday voqea yuz berganda, bu hammaga taʼsir qiladi.
Menimcha, shu sababli ham men oʻzimni muammosiz farzand sifatida koʻrsatishga harakat qila boshladim va hech qachon yordam soʻrashni istamadim».

