O‘lim bilan yuzma-yuz kelgan Gollivud yulduzlari

**O‘lim bilan yuzma-yuz kelgan Gollivud yulduzlari**
Hatto dunyo tanigan mashhurlar ham o‘lim xavf soladigan kutilmagan vaziyatlardan sug‘urtalanmagan. Ularning ayrimlari klinik o‘limni boshdan kechirgan, komaga tushgan yoki og‘ir jarohatlar olib, chin ma’noda hayot va mamot chegarasidan omon qaytgan.
**Donald Sazerlend: Meningit sababli komaga tushgan**
Kanadalik taniqli aktyor Donald Sazerlend karyerasining ilk davridayoq bir o‘limdan qolgan. 1960-yillar oxirida Yugoslaviyada “Kelli qahramonlari” filmini suratga olish jarayonida 33 yoshli aktyor og‘ir xastalikka chalinadi. Unga bakterial meningit tashxisi qo‘yiladi. Mahalliy shifoxonalarda zarur antibiotiklar topilmagani sababli Sazerlendning ahvoli yomonlashadi. Oqibatda aktyor komaga tushadi. Shifokorlar o‘shanda Donaldning yuragi to‘xtaganini qayd etgan.
Aktyorning hayotini saqlab qolish uchun kinostudiya zudlik bilan maxsus sanitariya samolyotini chaqirtirib, uni Londonning Charing-Kross shifoxonasiga evakuatsiya qiladi. Sazerlend u yerda olti hafta davolanish va reabilitatsiya kursini o‘taydi. Kasallik chekinadi va aktyor kutilmaganda sog‘lom hayotga qaytadi.
**Geri Byuzi: Motosikl halokati tufayli bir oy komada bo‘lgan**
1988-yilning 4-dekabr kuni 44 yoshli aktyor Kaliforniyada shaxsiy Harley-Davidson mototsiklida dahshatli halokatga uchraydi. Yo‘l-transport hodisasida shlemsiz bo‘lgan Byuzi boshi bilan asfaltga yiqilib, og‘ir jarohat oladi. Aktyor o‘ta og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgach, shoshilinch neyroxirurgik operatsiya qilinadi. Jarrohlik stolidaligida aktyorda klinik o‘lim holati kuzatiladi. Shifokorlar to‘xtab qolgan yurakni qayta urdirishga va operatsiyani muvaffaqiyatli tugatishga erishadilar. Shundan so‘ng miya tiklanishi uchun vaqt yutish maqsadida uni sun’iy koma holatiga o‘tkazishadi va aktyor bu holatda salkam to‘rt hafta qoladi.
Byuzi komadan chiqqach, jismoniy jihatdan tez o‘nglanadi — unda falajlik yoki nutq qobiliyatining yo‘qolishi kuzatilmaydi. Biroq miya jarohati asoratsiz ketmadi: aktyorning o‘z-o‘zini nazorat qilish tizimiga javob beradigan peshona qismlari jiddiy zarar ko‘rgandi. Keyinchalik atrofidagilar Gerining xarakteri butkul o‘zgarganini — u o‘ta impulsiv, g‘ayritabiiy xatti-harakatlarga va agressiyaga moyil bo‘lib qolganini ta’kidlashgan.
**Xolli Berri: Diabet tufayli komaga tushgan**
1989-yilda “Jonli qo‘g‘irchoqlar” sitkomini suratga olish maydonchasida 22 yoshli aktrisa kutilmaganda hushidan ketib yiqiladi. Ma’lum bo‘lishicha, Xollida diabetik kriz yuz bergan va bu uni chuqur koma holatiga tushirgan. Shifokorlar aktrisaning hayotiy ko‘rsatkichlarini barqarorlashtirgunga qadar u bir hafta davomida komada yotadi. Shifoxonada unga 1-toifali qandli diabet tashxisi qo‘yiladi. Bu aktrisa uchun mutlaqo kutilmagan xabar edi, chunki u bungacha o‘zida bunday kasallik borligini xayoliga ham keltirmagan.
Komadan chiqqanidan keyin Xolli Berri hayot tarzini tubdan o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. U ovqatlanish ratsionini va qondagi shakar miqdorini qat’iy nazorat qilib, muntazam ravishda insulin qabul qilishni boshladi. Keyinchalik yulduz diabet asoratlaridan juda qo‘rqqanini, biroq vaqt o‘tib kasallikni jilovlashni o‘rganganini va muvaffaqiyatli karyerasini davom ettirganini aytgan.
**Sheron Stoun: Anevrizma yorilishi**
“Asosiy instinkt” filmi yulduzi Sheron Stounning hayotiga ham mashhurlik cho‘qqisida ekanida yakun yasalishi mumkin edi. 2001-yilning sentyabrida 43 yoshli aktrisa bosh miya qon tomirlari anevrizmasining yorilishini boshdan kechirdi. Hech qanday boshlang‘ich belgilarsiz aktrisaning miyasidagi arteriya yorilib ketgan va qon quyilishi yuz bergan. Shifokorlar to‘g‘ri tashxis qo‘ygunga qadar to‘qqiz kun o‘tadi — bu vaqt davomida Stoun hayot va mamot yoqasida edi. Ichki qon ketish sababli Sheron vaznining qariyb 18 foizini yo‘qotadi, mustaqil nafas ololmay qoladi, gapirish u yoqda tursin, hattoki o‘tirish qobiliyatidan ham mahrum bo‘ladi. Yakunda aktrisa komaga tushadi.
Stounni mo‘jiza tufayligina saqlab qolishgan. Jarrohlar miyada o‘ta murakkab amaliyot o‘tkazib, qon ketishini to‘xtatishga va yurak urishini tiklashga erishgan. Shundan keyin uzoq tiklanish jarayoni boshlandi. Sheron shifoxonada 8 oy yotdi va bir necha yil davomida reabilitatsiya bilan shug‘ullandi. U yurishni, gapirishni va hatto o‘qishni qaytadan o‘rgandi.
**Jeremi Renner: Mudhish baxtsiz hodisadan omon qolgan**
2023-yilning 1-yanvar kuni Marvel yulduzi Jeremi Renner Nevadadagi uyi yaqinida qor tozalash vaqtida og‘ir jarohatlanadi. 51 yoshli aktyor jiyaniga qor ostida qolgan mashinasini maxsus qor tozalash texnikasi yordamida chiqarib olishga ko‘maklashayotgan edi. Kutilmaganda bahaybat texnika nazoratdan chiqib, pastga sirg‘ala boshlaydi. Jeremi jiyanini bosib ketishidan qo‘rqib, harakatlanayotgan mashinani to‘xtatmoqchi bo‘ladi va o‘zi ulkan gusenitsalar ostida qolib ketadi.
Renner o‘ta og‘ir ahvolda maxsus sanitariya vertolyoti orqali gospitalga yetkaziladi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, aktyorning 30 dan ortiq suyagi singan — qovurg‘alar, o‘mrov suyaklari va oyoqlar maydalanib ketgan, o‘pka jiddiy shikastlangan edi. Bir necha kun davomida Jeremi reanimatsiyada qoladi, shifokorlar uning hayoti uchun kurashadi. Oqibatda aktyorning ahvoli barqarorlashadi.
O‘sha yilning bahor oylariga kelib aktyor mustaqil ravishda harakatlanishni boshlaydi. Avariyadan uch oy o‘tib bergan intervyusida u dahshatli og‘riqlar va umidsizlik damlarini boshdan kechirganini, biroq biror marta ham yashashga bo‘lgan irodasini yo‘qotmaganini ta’kidlagan.

