“Postlar AQShga qaratilgan edi”. Eron TIV vakili Samarqandga oid postlar bo‘yicha munosabat bildirdi
Eron TIV rasmiy vakili Ismoil Baqoiy Samarqand merosiga oid postlar aslida AQSh tomoniga murojaat sifatida e’lon qilinganini bildirdi. U Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi mushtarak meros do‘stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

“Postlar AQShga qaratilgan edi”. Eron TIV vakili Samarqandga oid postlar yuzasidan munosabat bildirdi
Eron Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Ismoil Baqoiy Samarqandning tarixiy merosiga doir postlar atrofidagi holat bo‘yicha fikr bildirdi.
Ismoil Baqoiyning aytishicha, ayrim elchixonalar tomonidan joylangan postlar aslida AQSh tomoniga yo‘naltirilgan murojaat sifatida tayyorlangan.
“Eron va O‘zbekistonni bir-biriga bog‘lab turuvchi rishtalar bugun yoki kecha paydo bo‘lib qolgan emas. Biz O‘zbekiston bilan munosabatlarimizga katta ahamiyat beramiz”, — dedi Eron TIV vakili.
Shuningdek, u qo‘shni mamlakatlarning turli hududlarida va undan ham kengroq makonda mavjud bo‘lgan mushtarak meros xalqlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni davom ettirish hamda mustahkamlash uchun zamin bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan X ijtimoiy tarmog‘ida Samarqanddagi obidalar “eron-islom sivilizatsiyasi”ga mansub deb atalganidan so‘ng O‘zbekiston TIV Eron elchisini chaqirtirib, norozilik notasini topshirgan va postlarni o‘chirishni talab qilgan edi.
Ushbu talabdan keyin tegishli publikatsiyalar tarmoqdan o‘chirib tashlandi.

