Polshada tramvay haydash bo‘yicha Yevropa chempionati bo‘lib o‘tdi

Polshada tramvay boshqarish bo‘yicha Yevropa chempionati o‘tkazildi
Varshavada tramvay boshqarish mahorati bo‘yicha XII Yevropa chempionati — Tram-EM bo‘lib o‘tdi. Unda Yevropaning turli shaharlaridan hamda Avstraliyaning Melburn shahridan kelgan 26 ta jamoa qatnashdi.
Chempionat Varshavadagi Marshalkovskaya ko‘chasida, Madaniyat va fan saroyi yaqinida tashkil etildi. Tadbir Jamoat transporti kuni munosabati bilan o‘tkazilib, Polsha poytaxtidagi tramvay tarmog‘ining 160 yilligiga bag‘ishlandi.
Haydovchilar ko‘p tonnalik tramvaylarni boshqarishda aniqlik, tezlik va tormozlash mahorati bo‘yicha bellashdi. Har bir jamoa ikki kishidan — bir ayol va bir erkak haydovchidan iborat edi.
Eng qiziqarli topshiriqlardan biri “tramvay boulingi” bo‘ldi: unda haydovchilar tramvay bilan katta koptokni yumalatib, oldinga qo‘yilgan ulkan kegllarni urib yiqitdi.
Bundan tashqari, tramvaylarga suv to‘ldirilgan idishlar qo‘yilib, haydovchilarning ularni qanchalik ravon boshqarishi sinovdan o‘tkazildi. Yana bir shartda esa spidometr yopib qo‘yildi va haydovchilar tezlikni unga qaramasdan nazorat qilishi kerak bo‘ldi.
Musobaqada Praga jamoasi g‘olib bo‘ldi.

