Portugaliyadagi nufuzli turnirda 19 yoshli velosportchi halok bo‘ldi

Portugaliyadagi nufuzli turnirda 19 yoshli velosportchi vafot etdi.
Britaniyalik velosipedchi Finli Tarling "Volta Portugaliya" ko‘p kunlik velopoygasining sakkizinchi bosqichida yo‘l-transport hodisasi natijasida olgan jarohatlari tufayli hayotdan ko‘z yumdi.
19 yoshli sportchi peloton harakatlanayotgan yo‘nalishga qarama-qarshi tomondan kelayotgan avtomobil bilan to‘qnashib ketgan. U voqea joyida vafot etgan.
Tashkilotchilar ko‘p kunlik velopoygani vaqtincha to‘xtatishga qaror qildi. Turnirning keyingi taqdiri hozircha noma’lum.
Ma’lumot uchun, "Volta Portugaliya" 1927-yildan buyon har yili Portugaliyada o‘tkaziladigan ko‘p bosqichli shosse velopoyga musobaqasidir. Velosport olamida uchta nufuzli Grand turdan ("Jiro de Italiya", "Tur de Frans" hamda "Vuelta Ispaniya") keyingi eng uzoq davom etadigan bosqichlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, u dunyodagi eng qadimgi ko‘p bosqichli velopoygalar qatoriga kiradi. Turnir ikki hafta davom etadi.
"Volta Portugaliya" uchta Grand tur kabi nufuzli bo‘lmasa-da, uzoq yillar davomida muhim musobaqalardan biri bo‘lib kelgan. Biroq so‘nggi yillarda uning ahamiyati pasayib bormoqda. Bunga, ayniqsa, musobaqaning "Tur de Frans" hamda "Vuelta Ispaniya" turnirlari oralig‘ida o‘tkazilishi sabab bo‘lmoqda. Bunday taqvim yirik jamoalar va kuchli velosportchilarning musobaqada ishtirok etish imkoniyatini cheklaydi.

