Polşa uç davlatni ortda qoldirdi: Patriot raketalariga xizmat körsatiş markazi şu yerda quriladi
Polşada Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlarining PAC-3 raketalariga texnik xizmat körsatiş markazi quriladi. Mamlakat Mudofaa vazirligi maʼlumotiga köra, Polşa loyiha uçun tanlovda Germaniya, Niderlandiya va Norvegiyani ortda qoldirgan.

Polsha uch davlatni ortda qoldirdi: Patriot raketalariga xizmat ko‘rsatish markazi shu yerda barpo etiladi
Bu haqda Polsha mudofaa vaziri o‘rinbosari Magdalena Sobkovyak-Çarnetskaya 27-oktabr kuni ma’lum qildi. U bu qarorni «tarixiy» deb atadi.
Vazir o‘rinbosari TVP Info telekanaliga bergan izohida AQSh hozirgacha tegishli texnologiya va tajribasini ulashishni istamaganini aytdi. Uning fikricha, markazning Polshada qurilishi mamlakat xavfsizligini mustahkamlash va AQShning qo‘llab-quvvatlashidan dalolat beradi.
AFP agentligi Sobkovyak-Çarnetskayaga tayanib xabar berishicha, loyiha qiymati qariyb 230 million yevroni tashkil etadi. Qurilishni bir necha oy ichida yakunlash kutilmoqda.
Keyingi maqsad — raketa ishlab chiqarish
Varshavadagi servis markazi kelajakda Patriot tizimlari uchun raketalarni mamlakat hududida ishlab chiqarishga yo‘l ochishiga umid qilmoqda. Biroq hozirgi qaror texnik xizmat ko‘rsatish markaziga taalluqli bo‘lib, raketa ishlab chiqarish hali istiqboldagi maqsad sifatida tilga olingan.
Sentabrda Sobkovyak-Çarnetskaya AQSh Ukrainaga tegishli litsenziya bersa, Polsha Patriot raketalari zavodini o‘z hududida qurishni taklif qilayotganini aytgan edi. U buni ishlab chiqarishni «xavfsiz hududda» joylashtirish imkoniyati bilan izohlagan.
Ayni paytda vazir o‘rinbosari Polshaning servis markazi va keyinchalik ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha sa’y-harakatlari Ukrainaga oid qarorlarga bog‘liq emasligini ta’kidlagan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 25-sentabrda Donald Tramp Kievga Patriot raketalarini ishlab chiqarish litsenziyalarini berish bo‘yicha «yakuniy qaror» qabul qilganini bildirgan edi.
Sobkovyak-Çarnetskaya esa AQSh prezidenti avval ham shunday bayonot bergani, keyinchalik bu borada shubha bildirganini eslatgan.
Avgust oxirida Polsha mudofaa vaziri o‘rinbosari Pavel Zalevskiy mamlakat PAC-3 tutuvchi raketalarini ishlab chiqarish uchun quvvatlarga ega ekanini va Ukraina bilan hamkorlikka tayyorligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shma ishlab chiqarish imkoniyati ham ko‘rib chiqilishi mumkin.
Patriot tizimlari Ukraina shaharlari va infratuzilmasini Rossiya ballistik raketalaridan himoya qilishda muhim o‘rin tutadi. Kiev bu tizimlar uchun raketalar yetishmayotgani haqida bir necha bor ma’lum qilgan.

