Pokistonda dahshatli yongʻin: 15 nafar chaqaloq halok boʻldi
Chorshanba tongida Islomoboddagi shifoxonaning tugʻruq boʻlimida kelib chiqqan yongʻin oqibatida kamida 15 nafar yangi tugʻilgan chaqaloq halok boʻldi.

Pokistonda yuz bergan dahshatli yongʻin oqibatida 15 nafar chaqaloq halok boʻldi. Bu haqda Reuters agentligi mahalliy nashrlarga tayanib xabar berdi.
Yongʻin 26-avgust kuni ertalab soat 07:00 atrofida Pokiston Tibbiyot fanlari instituti (PIMS) qoshidagi "Onalik va bolalikni muhofaza qilish" boʻlimida boshlangan. Qutqaruvchilarning maʼlumotlariga koʻra, uchinchi qavatdagi ushbu fojiali yongʻinga chaqaloqlar xonasidagi konditsionerning portlashi sabab boʻlgan.
Yongʻin boshlangan vaqtda palatada 16 nafar yangi tugʻilgan chaqaloq boʻlgan, ulardan faqat bittasi shifokor tomonidan qutqarib qolingan.
"BBC Urdu" xizmati kasalxona rasmiysidan iqtibos keltirishicha, yongʻin konditsioner blokida boshlangan va kislorod ulanmalari orqali tezda tarqalib ketgan. Sogʻliqni saqlash vaziri Mustafo Kamolning taʼkidlashicha, yongʻin sodir boʻlgan palatadagi chaqaloqlar yo inkubatorlarda boʻlgan, yoki kislorod uskunalariga ulangan.
Reuters guvohining soʻzlariga koʻra, boʻlim hududi oʻrab olingan va kasalxona binosi tashqarisida koʻplab tez yordam mashinalari toʻplangan.
**Hamma shokda**
Voqea joyidan BBC muxbirlarining xabar berishicha, kasalxona tashqarisida hamon shok holati hukm surmoqda. Politsiya kirish qismida patrul xizmatini olib bormoqda. Tashqarida oʻt oʻchirish mashinalari turibdi, yoʻlakda esa sochilib yotgan tibbiy niqoblarga singan deraza oynalari aralashib ketgan.
"Biz boʻlim yonida chaqaloqlaridan ayrilib, koʻz yoshi toʻkayotgan oilalarni koʻrdik. Bir kishi uch kunlik farzandi nobud boʻlganini aytdi", — deya xabar beradi BBC muxbirlari.
Politsiyaning maʼlum qilishicha, yongʻinda halok boʻlgan chaqaloqlar qattiq kuyib ketgan va ularning shaxsini DNK testlari yordamida aniqlash talab etiladi. Faqatgina DNK testlaridan soʻng jasadlarni ota-onalariga topshirish mumkin, deydi politsiya.

