Pensiyaning kam yoki koʻpligi nimalarga bogʻliq?
Oʻzbekistonda oʻrtacha pensiya qancha? Ish staji va rasmiy daromad pul miqdoriga qanchalik taʼsir qiladi? Masalan, oktabr oyida 32 yildan beri maktabda oʻqituvchilik qilib kelayotgan shartli Dilmurod Davletov va 35 yillik ish stajiga ega Mavluda Aliyeva pensiyaga chiqadi. Ularga toʻlov nimadan kelib chiqib va qanday hisoblanadi? Bir kasbda yoki bir tashkilotda ishlagan ikki kishining pensiyasi bir-biridan sezilarli farq qilishi mumkinmi?

Pensiyaning miqdori nimalarga bogʻliq?
Pensiyaga chiqqan yoki yoshi ulgʻayib borayotgan kishilarning koʻnglidan "Davlat menga qancha pensiya beradi?", "Umrim mehnatda oʻtdi, nega pensiyam kam?", yoki "Hamkasbim bilan bir joyda, bir xil lavozimda ishlaganmiz, nega uning pensiyasi koʻproq?" kabi savollar oʻtishi tabiiy hol.
Xoʻsh, pensiya miqdori qanday hisoblanadi? Qaysi davrdagi ish haqi inobatga olinadi? Ish staji va rasmiy daromad pensiya miqdoriga qanchalik taʼsir koʻrsatadi?
Yoshga doir pensiya qanday hisoblanadi?
Yoshga doir pensiya erkaklarga 60 yoshga toʻlganda va kamida 25 yil ish stajiga ega boʻlganda, ayollarga esa 55 yoshga toʻlganda va kamida 20 yil ish stajiga ega boʻlganda tayinlanadi. Shuningdek, agar kamida 7 yil ish staji mavjud boʻlsa, bor stajga mutanosib ravishda toʻliqsiz yoshga doir pensiya beriladi. Agar 7 yillik staj ham boʻlmasa, fuqaroga yoshga doir nafaqa ajratiladi (erkaklarga 65 yoshda, ayollarga 60 yoshda).
Oʻzbekistonda pensiya miqdori quyidagi formula asosida hisoblanadi: P = PTM+OS+PU.
Bunda PTM – pensiyaning tayanch miqdori (oʻrtacha oylik ish haqining 55 foizi), OS – ortiqcha ish staji uchun pensiyaning oshirilishi, PU – qoʻshimcha ustama haqlari. Eslatma: oʻrtacha oylik ish haqini aniqlashda fuqaroning soʻnggi 10 yillik mehnat faoliyatidagi eng yaxshi ketma-ket 5 yillik ish haqi inobatga olinadi. Bunda pensiya hisoblash bazaviy miqdorining (2026-yil 1-iyuldan boshlab – 504 ming soʻm) 12 karrasidan (6 mln 48 ming soʻmdan) yuqori ish haqi inobatga olinmaydi. Avvalgi yillardagi ish haqi oyliklarning oshish koeffitsiyentini inobatga olgan holda indeksatsiyalanadi, yaʼni bugungi kundagi qiymati hisoblanadi.
Masalan, shartli Dilmurod Davlatov 32 yildan beri Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi maktabda oʻqituvchilik qiladi. U 1-oktabr kuni pensiya yoshiga toʻladi. Oʻtgan davrdagi eng yaxshi qatorasiga 5 yillik oʻrtacha oylik ish haqi 4 mln soʻmga teng. Bu maosh maksimal chegara boʻlgan 6 mln 48 ming soʻmdan oshmaydi, shuning uchun hisoblashda toʻliq olinadi.
Pensiyaning tayanch miqdori – 4 mln soʻmning 55 foizi = 2 mln 200 ming soʻm.

