Dunyo

Pekinda Mirziyoyevning Oʻzbekiston haqidagi kitobi taqdim etildi

Xitoyda prezident Shavkat Mirziyoyevning Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasi, tashqi siyosati va islohotlari haqidagi kitobining xitoy tilidagi nashri taqdim etildi.

Pekinda Mirziyoyevning Oʻzbekiston haqidagi kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi

Pekinda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Oʻzbekiston barqaror rivojlanish va farovonlik yoʻlida» nomli kitobining xitoy tilidagi nashri rasmiy taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirda davlat tuzilmalari, ilmiy va ekspertlar hamjamiyati, biznes, ommaviy axborot vositalari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. Bu haqda «Dunyo» AA muxbiri xabar beradi.

Kitob Xitoyning «Jenmin» nashriyoti tomonidan chop etilgan va sakkizta bobni oʻz ichiga oladi.

Unda Oʻzbekistondagi keng koʻlamli oʻzgarishlar, mamlakatning BMT va Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan hamkorligi, shuningdek, respublika tashqi siyosatida Markaziy Osiyoning ahamiyati yoritilgan.

Nashrga Mirziyoyevning Yangi Oʻzbekistonni barpo etish doirasidagi islohotlar, mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga bagʻishlangan chiqishlari va maʼruzalari kiritilgan. Bundan tashqari, davlat rahbarining ilgari xorijiy ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan intervyu va maqolalari chop etilgan.

Taqdimot ishtirokchilari ushbu kitob xitoylik kitobxonlar va xalqaro auditoriyaga Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, milliy rivojlanish ustuvorliklari va mamlakatning tashqi siyosiy kursini yaxshiroq tushunishga yordam berishini taʼkidladilar.

Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Komiteti Xalqaro aloqalar boʻlimi mudiri Lyu Xaysin ushbu nashrni ikki mamlakat oʻrtasida har tomonlama strategik sheriklik oʻrnatilganining oʻn yilligi yilidagi muhim voqea deb atadi.

U, shuningdek, 2027 yil 2 yanvarda Oʻzbekiston va Xitoy diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 35 yilligini nishonlashini eslatib oʻtdi.

Uning soʻzlariga koʻra, Pekin Oʻzbekistonning mustaqil taraqqiyoti va modernizatsiyasini bundan keyin ham qoʻllab-quvvatlash niyatida. Xitoy tomoni respublikadagi oʻzgarishlarni siyosiy ishonchni yanada mustahkamlash va oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish imkoniyati sifatida koʻrib chiqmoqda.

XKP MK Tashviqot boʻlimi mudiri oʻrinbosari Xun Dayun kitobning chop etilishini ikki davlat oʻrtasidagi gumanitar aloqalarni rivojlantirishdagi muhim voqea deb atadi. U madaniy va intellektual almashinuv ikki tomonlama munosabatlar rivojlanishini toʻldirishini taʼkidladi.

Xun Dayunning baholashicha, nashr Oʻzbekiston Prezidentining davlat boshqaruviga boʻlgan yondashuvlarini va milliy rivojlanish modelining xususiyatlarini ochab beradi.

Unda, shuningdek, «Oʻzbekiston — 2030» strategisini amalga oshirishga boʻlgan siyosiy iroda oʻz aksini topgan. Kitob, uning fikricha, xitoylik ekspertlar, jamoatchilik doiralari va keng kitobxonlar ommasi uchun qiziqarlidir.

Xitoy zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi prezidenti Fu Syaotsyan ushbu nashr Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarning strategik maqsadlarini, ichki modernizatsiya va mamlakat tashqi siyosati yoʻnalishlarini chuqurroq oʻrganish imkonini berishini maʼlum qildi. U kitobni respublikaning rivojlanish jarayonlarini oʻrganayotgan xitoylik auditoriya uchun foydali manba deb atadi.

SHHT Bosh kotibi oʻrinbosari Pyao Yanfan ham ushbu nashrning Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarni tushunishdagi ahamiyatini taʼkidladi. U kitob qonun ustuvorligi, inson huquqlarini himoya qilish va aholi turmush darajasini oshirish sohasidagi oʻzgarishlarni aks ettirishini urgʻuladi.

Uning soʻzlariga koʻra, islohotlarning izchil amalga oshirilishi Oʻzbekistonning xalqaro obroʻ-eʼtibori va iqtisodiy jozibadorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Pyao Yanfan kitob Xitoyda va SHHTning boshqa mamlakatlarida oʻz kitobxonlarini topishiga, unda bayon etilgan yondashuvlar esa oʻzaro ishonch, teng huquqlilik, madaniy xilma-xillikni hurmat qilish va birgalikda rivojlanish tamoyillariga hamohang ekaniga ishonch bildirdi.

Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori oʻrinbosari Pan Dapen kitobda Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning asosiy bosqichlari izchil yoritilgani va mamlakatning ichki va tashqi siyosatini yagona kontekstda koʻrib chiqish imkonini berishini taʼkidladi.

Uning baholashicha, nashr amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmuni va zamonaviy milliy rivojlanish tamoyillarini batafsil ochib beradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.