“Oʻzbekgidroenergo” AJ Koreya Milliy assambleyasi kutubxonasiga Oʻzbekiston tarixiga oid kitoblar jamlanmasini taqdim etdi
Yurtimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yosh avlodning maʼnaviy-intellektual salohiyatini oshirish, milliy tariximiz va boy madaniy merosimizni chuqur oʻrganish hamda uni xalqaro miqyosda keng targʻib etish davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida izchil davom ettirilmoqda.

“Oʻzbekgidroenergo” AJ Koreya Milliy assambleyasi kutubxonasiga Oʻzbekiston tarixiga oid kitoblar jamlanmasini topshirdi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surayotgan ushbu ezgu tashabbuslar xalqimizning koʻp asrlik tarixini, milliy qadriyatlari va maʼnaviy merosini asrab-avaylashga, shuningdek, kitob hamda ilm-maʼrifatning jamiyat hayotidagi oʻrnini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ana shu maʼrifiy tashabbuslarning xalqaro miqyosdagi amaliy ifodasi sifatida, Koreya Respublikasiga tashrif doirasida “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan Oʻzbekistonning boy tarixi, milliy davlatchiligi, madaniy merosi, bugungi taraqqiyoti hamda mamlakatimizning rivojlanish yoʻliga bagʻishlangan kitoblar jamlanmasi Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi kutubxonasiga tantanali tarzda taqdim etildi.
Mazkur nashrlar orasida Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning asarlari, mamlakatimiz tarixi va madaniy merosiga oid ilmiy-maʼrifiy kitoblar hamda Oʻzbekistonning bugungi taraqqiyotini aks ettiruvchi nashrlar bor.
Taqdim etilgan kitoblarning Koreya Milliy Assambleyasi kutubxonasining Markaziy Osiyo pavilonidan joy olishi alohida ahamiyatga ega. Endilikda ushbu nashrlar koreyalik kitobxonlar, tadqiqotchilar, talabalar, olimlar, jamoatchilik vakillari hamda xorijiy mehmonlar uchun Oʻzbekiston tarixi, madaniyati va bugungi taraqqiyoti haqida maʼlumot olishga xizmat qiladigan muhim maʼrifiy manba boʻlib qoladi.
“Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan Koreya Respublikasiga amalga oshirilayotgan xizmat safari doirasida gidroenergetika sohasida ilgʻor tajribalarni oʻrganish, oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish va professional aloqalarni mustahkamlash bilan birga, Oʻzbekistonning boy tarixi, madaniyati va bugungi yutuqlarini keng targʻib etishga qaratilgan bunday tashabbuslarning amalga oshirilayotgani ham alohida eʼtiborga loyiq.
Zero, kitob – millat tarixini saqlaydigan xotira, bilim va maʼrifatni avloddan avlodga yetkazadigan bebaho manba hamda xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan maʼnaviy koʻprikdir.

