Mahalliy

Pedagogning bir necha farzandi kontraktda oʻqisa, har biriga 30 foiz chegirma beriladi

Pedagoglarning davlat oliygohlarida kunduzgi taʼlim shaklida kontrakt asosida oʻqiyotgan har bir farzandiga alohida 30 foizlik chegirma qoʻllanadi. Kontraktni oldindan toʻlab qoʻyganlar ham imtiyozdan foydalanib, ortiqcha mablagʻni qaytarib olishi yoki keyingi oʻquv yili hisobiga oʻtkazishi mumkin.

Pedagogning bir nechta farzandi kontrakt asosida oʻqiyotgan boʻlsa, ularning har biriga 30 foizlik chegirma beriladi.

Chegirmadan foydalanish uchun kontrakt.edu.uz platformasi orqali ariza topshirish lozim. Ariza ikki ish kuni ichida koʻrib chiqiladi. Talabaning pedagog farzandi ekani tasdiqlangach, chegirma avtomatik tarzda qoʻllanadi.

Imtiyoz faqat davlat oliy taʼlim tashkilotlarining kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalarga tegishli. Agar pedagogning bir nechta farzandi ushbu talablarga mos kelsa, ularning har biri chegirmadan alohida foydalanishi mumkin.

Toʻliq boʻlmagan grant asosida, yaʼni xarajatlarning 50 foizi davlat granti, qolgan 50 foizi kontrakt hisobidan qoplanadigan tartibda oʻqiyotgan talabalarga ham ushbu imtiyoz tatbiq etiladi. Bunda 30 foizlik chegirma faqat kontrakt qismiga hisoblanadi.

Pedagogning davlat yoki xususiy taʼlim tashkilotida ishlashi imtiyoz olishga toʻsqinlik qilmaydi. Xususiy oliygoh, maktab va bogʻchalarda ishlaydigan pedagoglarning farzandlari ham belgilangan shartlar asosida chegirma olishi mumkin. Bogʻcha tarbiyachilari ham imtiyoz doirasiga kiradi.

Berilgan tushuntirishga koʻra, pedagoglar doirasi Adliya vazirligida 2026-yil 9-iyunda 3849-raqam bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan pedagogik faoliyatga oid lavozimlar roʻyxati asosida belgilanadi. Ushbu roʻyxatda 465 ta lavozim bor. Tyutorlar va oʻquv markazlari oʻqituvchilari bu imtiyoz qamroviga kirmaydi.

Chegirma quyidagilarga tatbiq etilmaydi: oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim tashkilotlarida oʻqiyotganlarga; nodavlat oliygohlar, Oʻzbekistondagi xorijiy oliygohlar va ularning filiallari talabalariga; kechki, masofaviy va sirtqi taʼlim shakllariga; qoʻshimcha va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontraktga; xorijiy hamkor oliygohlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlari va fakultetlarida oʻqiyotganlarga.

Imtiyoz har bir oʻquv yili uchun bir marta qoʻllanadi va keyingi yillarda ham undan qayta foydalanish mumkin. Agar ota yoki ona pedagog toifasidan chiqarilsa, keyingi oʻquv yilidan boshlab chegirma berish toʻxtatiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.