Mahalliy

Pedagoglar farzandlari uchun kontrakt chegirmasi: ariza va toʻlov tartibi

Pedagog xodimlarning farzandlariga toʻlov-kontrakt summasidan 30 foizlik chegirma qoʻllanadi. Bunda talaba kontraktning 70 foizini toʻlaydi, qolgan qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi. Imtiyoz uchun elektron arizalarni qabul qilish imkoniyati tez kunlarda ishga tushirilishi bildirilgan.

Pedagoglar farzandlari uchun kontrakt chegirmasi: ariza va toʻlov tartibi

Berilgan tushuntirishga koʻra, chegirma Adliya vazirligida 2026-yil 9-iyulda 3849-raqam bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan qoʻshma qarorda pedagogik faoliyat bilan bogʻliq lavozimlar roʻyxatiga kiritilgan xodimlarning farzandlariga qoʻllanadi.

Maʼmuriy-boshqaruv, texnik va xoʻjalik xodimlari bu roʻyxatga kirmaydi.

Talaba kontrakt.edu.uz axborot tizimi orqali toʻlov-kontrakt shartnomasini olish uchun ariza yuboradi. Uning pedagog farzandi ekani elektron tarzda tekshirilib, tasdiqlangach, 30 foizlik chegirma beriladi.

Ariza ikki ish kuni ichida koʻrib chiqiladi. Chegirma bir oʻquv yili davomida bir marta qoʻllanadi.

Talaba chegirmadan keyingi summani bir yoʻla yoki boʻlib-boʻlib toʻlashi mumkin. Boʻlib toʻlashda kontraktning dastlabki toʻliq summasiga nisbatan quyidagi ulushlar belgilanadi:

- 25 foizi — birinchi kursga tavsiya etilganlar uchun 15-oktabrgacha, ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun 1-oktabrgacha;

- yana 25 foizi — 1-yanvargacha;

- qolgan 20 foizi — 1-martgacha.

Shu tariqa, talabaning jami toʻlovi kontrakt summasining 70 foizini tashkil etadi. Chegirmaga toʻgʻri keluvchi 30 foiz esa 1-maygacha davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan oliy taʼlim tashkilotiga qoplab beriladi.

Xabarda aytilishicha, kontrakt.edu.uz tizimida ota-onaning pedagogik faoliyatini avtomatik aniqlash uchun vazirlik va idoralarning maʼlumotlar bazalarini integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Ariza topshirish imkoniyati ishga tushirilgani haqida qoʻshimcha eʼlon beriladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.