Paxta terimida majburiy va bolalar mehnatiga yo‘l qo‘yilmasligi nazorat qilinadi
Ota-onalardan esa o‘quvchilarning paxta yig‘im-terimi ishlariga jalb etilishiga yo‘l qo‘ymaslik so‘raldi.

Paxta terimi jarayonida majburiy mehnat va bolalar mehnatiga yo‘l qo‘yilmasligi ustidan nazorat olib boriladi
O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi mavsumi boshlandi. Mavsum davomida mehnat qonunchiligiga amal qilinishini ta’minlash, majburiy mehnat hamda bolalar mehnatining oldini olish maqsadida maxsus shtab va ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilar va fermer xo‘jaliklarini fuqarolarni majburan mehnatga jalb qilmaslikka, bolalar mehnatidan foydalanmaslikka, mehnat munosabatlarini qonuniy rasmiylashtirishga hamda ish vaqti, dam olish va mehnatga haq to‘lash talablariga rioya etishga chaqirmoqda.
Shuningdek, ota-onalardan o‘quvchilarning paxta yig‘im-terimi ishlariga jalb etilishiga yo‘l qo‘ymaslik so‘raldi.
Mehnat huquqlari buzilgan yoki majburiy mehnat holatiga duch kelingan taqdirda Davlat mehnat inspeksiyasiga 1176 raqami yoki @munosibmehnat_bot orqali murojaat qilish mumkin.

