Oʻzbekistonda Uzbek Gift Contest tanlovi davom etmoqda: gʻoliblar 20 mln sumdan oladilar
«Uzbek Gift Contest» koʻrik-tanlovining ikkinchi bosqichi uchun arizalar qabuli davom etmoqda. Tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi tomonidan «Hunarmand» uyushmasi hamda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Oʻzbekistonda Uzbek Gift Contest tanlovi davom etmoqda: gʻoliblar 20 mln sumdan oladi
«Uzbek Gift Contest» koʻrik-tanlovining ikkinchi bosqichi uchun arizalar qabuli davom etmoqda. Tanlov tashkilotchilari Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi, «Hunarmand» uyushmasi hamda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi hisoblanadi.
Loyihaning maqsadi — milliy hunarmandchilik mahsulotlarini zamonaviy turistik esdalik sovgʻalari sifatida ommalashtirish, hududlardagi ustalarning ijodiy salohiyatini qoʻllab-quvvatlash hamda turistlar uchun ixcham, sifatli va hamyonbop esdalik sovgʻalari namunalarini yaratishdan iborat.
Tanlovning ikkinchi bosqichi hunarmandlar oʻrtasida oʻtkazilmoqda. Ustalar birinchi bosqichda gʻolib chiqqan 10 ta eskiz va dizayn asosida amaliy esdalik mahsulotlarini tayyorlashlari kerak.
Hunarmand oʻz yoʻnalishini inobatga olgan holda, oʻz ijodiy gʻoyasiga koʻra mahsulotni, jumladan xomashyo, rang va boshqa xususiyatlarini boyitishi mumkin.
Ishtirokchilar onlayn platforma orqali roʻyxatdan oʻtishlari hamda joriy yilning 10 noyabriga qadar oʻz tanlov mahsulotlarini «Hunarmand» uyushmasining hududiy boshqarmalariga taqdim etishlari mumkin.
Yakuniy bahoni hakamlar hayʼati beradi. Kelib tushgan barcha arizalar orasidan eng yaxshi 10 ta mahsulot gʻolib deb topiladi va ularning har biri 20 mln soʻm miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Bundan tashqari, Turizm qoʻmitasi va «Hunarmand» uyushmasi gʻoliblarga mahsulotlarni onlayn-marketpleyslar va platformalarga olib chiqishda, 3 oygacha boʻlgan muddatga SMM, targetolog va marketingning boshqa yoʻnalishlari boʻyicha zarur mutaxassislarni jalb qilishda, ularning xizmat haqi va qoʻshimcha xarajatlarini belgilangan tartibda qoplab berishda, shuningdek, yangi mahsulotlarni ommalashtirish va eksportga chiqishda koʻmaklashadi.

