Oʻzbekiston pedagoglari ipoteka subsidiyasi uchun onlayn ariza topshirishlari mumkin
Oliy malaka toifasiga va 15 yildan ortiq ish stajiga ega pedagoglar subsidiya olish uchun arizani my.gov.uz yoki MyGov ilovasi orqali topshirishlari mumkin.

Belgilangan talablarga javob beradigan Oʻzbekiston pedagoglari uy-joy sotib olish uchun davlat subsidiyasini olishga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz yoki MyGov mobil ilovasi orqali onlayn-ariza topshirishlari mumkin.
Arizani rasmiylashtirish uchun portalda yoki ilovada avtorizatsiyadan oʻtish, «Pedagoglarga uy-joy sotib olish uchun subsidiya» xizmatini tanlash, zarur maʼlumotlarni kiritish va arizani yuborish kerak.
Hujjatlarni Davlat xizmatlari markazlari orqali ham topshirish mumkin. Ariza topshirish bepul amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 19 fevraldagi 69-sonli qaroriga muvofiq, davlat qayta moliyalashtiriladigan ipoteka krediti boʻyicha boshlangʻich badalning 25 foizini byudjet mablagʻlari hisobidan qoplaydi.
Subsidiyaga 60 yoshdan kichik boʻlgan, kamida 15 yillik ish stajiga va bosh oʻqituvchi lavozimiga mos keluvchi oliy malaka toifasiga ega pedagoglar daʼvogarlik qilishlari mumkin.
Dastur barcha taʼlim darajalaridagi tashkilotlar — maktablar va akademik litseylardan tortib texnikumlar, kollejlar va oliy taʼlim muassasalari xodimlarini qamrab oladi.
Subsidiya uy-joyning birinchi bozoridan xonadonlar sotib olish uchun moʻljallangan. Koʻchmas mulkni ariza beruvchining doimiy yashash joyi boʻyicha sotib olish mumkin. Toshkent shahri aholisi uchun mustasno holat koʻzda tutilgan: ular Toshkent viloyatidan ham uy-joy sotib olish uchun subsidiya olishlari mumkin.
Arizalarni koʻrib chiqishda pedagogning ish staji va joriy ish joyi, oliy malaka toifasi mavjudligi, kredit tarixi, shuningdek, ariza beruvchi va uning turmush oʻrtogʻining koʻchmas mulki toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tekshiriladi.
Xususan, ularning nomida ikki va undan ortiq turar joy koʻchmas mulk obʼyektlari roʻyxatdan oʻtkazilmagan boʻlishi kerak. Bundan tashqari, yer-xotindan hech biri ilgari uy-joy subsidiyasini olmagan boʻlishi lozim.
Dasturni amalga oshirish uchun har yili davlat byudjetidan 200 mlrd soʻmgacha mablagʻ ajratish rejalashtirilmoqda.

