Oʻyin ichida oʻyin: fuqaro “ikki bosqichli” firibgarlik sxemasi jabrlanuvchisiga aylandi
Andijonlik erkak oʻz ixtiyori bilan bankdan 80 mln soʻm kredit rasmiylashtirib, ushbu mablagʻni firibgarlar aytgan kartaga P2P shaklida oʻtkazib berdi. Firibgarlar bunga erishish uchun qopqon ichiga qopqon qoʻyishdi: birinchisiga tushmagan erkak ikkinchi qopqonga ilinganini oʻzi sezmay qoldi.

Oʻyin ichida oʻyin: fuqaro “ikki bosqichli” firibgarlik sxemasi qurboniga aylandi
Andijonda bir fuqaro “ikki bosqichli” firibgarlik sxemasining qurboniga aylandi: firibgarlar aloqa kompaniyasi vakili, bank xodimi va Markaziy bank “podpolkovnigi” qiyofasida “hujum va qayta hujum” usulidan foydalanib, uni 80 mln soʻmga aldab ketgan.
“VIP mijozimizsiz”
Ertalab Nozim Egamovga (jabrlanuvchi ismi oʻzgartirilgan) notanish raqamdan qoʻngʻiroq kelgan. Kim ekan, deb oʻylagan Nozim aka yashil tugmani bosgan. Qoʻngʻiroq qilgan odam rus tilida gap boshlagan:
- Assalomu alaykum. Bu Nozim Egamovmi?
- Ha.
- Sizni Beeline aloqa kompaniyasidan bezovta qilyapmiz. Siz bizning VIP mijozimiz ekansiz. Bundan buyon ham kompaniyamiz xizmatidan foydalanasizmi?
- Ha.
- U holda shartnoma muddatini uzaytirishimiz kerak boʻladi. Qayerda ishlaysiz?.
- Qayerda ishlashimning sizlarga nima qizigʻi bor?
- Biz qayerda ishlashingizni bilishimiz kerak.
- Hech qayerda ishlamayman!
Nozim aka jahli chiqib, ichida paydo boʻlgan shubha sabab ish joyini aytmaslikka qaror qilgan.
- Raqamingiz oʻchirilmasligi uchun shartnomani uzaytirishimiz kerak. Hozir sizga 5 ta raqamdan iborat kod boradi. Oʻsha kodni aytasiz.
Nozim aka shu yerda bu kiberfiribgarlar ekanini anglab, telefonning qizil tugmasini bosib suhbatni tugatgan.
Aslida, bu suhbat firibgarlarning “oʻlja”ni asosiy qopqonga olib boruvchi harakati, yaʼni umumiy “strategiya”ning bir qismi edi. Ular “oʻlja” aynan shu nuqtada bu kiberfiribgarlik ekanini sezishini oldindan bilishgan. Ularga aynan shu kerak boʻlgan.
Tushdan keyin ikkinchi bosqich — “oʻlja”ni asosiy qopqonga tushirish harakati boshlangan. Nozim akaga yana bir notanish raqamdan qoʻngʻiroq boʻlgan.

