Iqtisodiyot

“O‘zmilliybank” Xitoy kapital bozoriga 250 mln dollarli obligatsiyalar chiqarish orqali kirishni rejalashtirmoqda

'O‘zmilliybank' AJ va Xitoyning CICC kompaniyasi o‘rtasida 250 mln dollarli obligatsiyalar chiqarish to‘g‘risida bitim imzolandi. U xalqaro investorlar doirasini kengaytirish va O‘zbekistondagi ustuvor investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun Osiyo kapital bozori resurslarini jalb qilish imkonini beradi.

“O‘zmilliybank” Xitoy kapital bozoriga 250 mln dollarlik obligatsiyalar orqali kirishni rejalashtirmoqda

2026-yil 9−10-sentabr kunlari O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoyning Gonkong maxsus ma’muriy hududiga tashrifi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ (“O‘zmilliybank”) va China International Capital Corporation (CICC) Osiyo kapital bozorida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining 11-sammiti doirasida tomonlar Gonkong fond birjasida Xitoy yuani va O‘zbek so‘mida umumiy qiymati 250 million dollar ekvivalentiga teng bo‘lgan xalqaro obligatsiyalarni chiqarish hamda ularni Gonkong fond birjasida listingdan o‘tkazishni nazarda tutuvchi bitimni imzoladi.

Erishilgan kelishuv “O‘zmilliybank” AJning Osiyo kapital bozoriga ilk bor chiqishini anglatadi hamda bankning xalqaro qarz olish geografiyasini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Mazkur kelishuv amalga oshsa, bankning moliyalashtirish manbalari va valyuta tarkibini diversifikatsiya qilish, xalqaro investorlar doirasini kengaytirish hamda O‘zbekistondagi ustuvor investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun Osiyo kapital bozori resurslarini jalb qilish imkonini beradi.

Rejalashtirilayotgan ushbu emissiya “O‘zmilliybank” AJning xalqaro kapital bozorlaridagi izchil faoliyatining navbatdagi bosqichi hisoblanadi. 2020-yildan buyon bank London va Vena fond birjalarida umumiy qiymati 1,13 mlrd dollarni tashkil etuvchi uchta obligatsiya emissiyasini amalga oshirgan.

Mazkur kelishuv 2026-yilga mo‘ljallangan davlat investitsiya dasturini amalga oshirish doirasida imzolangan bo‘lib. Ushbu dasturga muvofiq, “O‘zmilliybank” AJ zimmasiga O‘zbekistondagi ustuvor loyihalarni amalga oshirish uchun yetakchi xalqaro moliya institutlaridan jami 1,5 mlrd dollar ekvivalentidagi mablag‘larni jalb etish vazifasi yuklatilgan.

Imzolangan kelishuv O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi moliyaviy-iqtisodiy hamkorlikni izchil kengaytirish borasidagi amaliy natijalardan biri bo‘lib, mazkur hamkorlik so‘nggi yillarda ikki davlat yetakchilarining uzoqni ko‘zlagan siyosati va strategik qarashlari tufayli yangi bosqichga ko‘tarildi.

Ikki tomonlama munosabatlarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 18 mlrd dollarga yaqinlashdi. Yaqin yillarda mazkur ko‘rsatkichni 30 mlrd dollarga yetkazish maqsad qilib olindi. Amaldagi qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli qariyb 60 mlrd dollarni tashkil etib, O‘zbekistonda 6 mingdan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlik kengayib, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun kapital jalb qilishning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. “O‘zmilliybank” AJning CICC bilan erishgan kelishuvi mazkur yo‘nalishdagi amaliy qadamlardan biri bo‘lib, O‘zbekistonning Osiyo kapital bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish hamda mamlakat iqtisodiyotiga uzoq muddatli resurslarni jalb etishga xizmat qiladi.

“O‘zbekiston Respublikasi Tashqi Iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ 1991-yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatdagi eng yirik tizimli ahamiyatga ega bank hisoblanadi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, bank aktivlari 12 mlrd dollardan, kredit portfeli 9 mlrd dollardan, jami kapitali esa 1,6 mlrd dollardan oshgan.

China International Capital Corporation (CICC) 1995-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Xitoyning yetakchi investitsiya banklaridan biri hisoblanadi. Kompaniya investitsiya banking, kapital bozorlari va aktivlarni boshqarish sohalarida xizmatlar ko‘rsatadi hamda Gonkong, Singapur, London va Nyu York kabi xalqaro moliya markazlarida o‘z faoliyatini amalga oshiradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.