«O‘zmilliybank» AJ hamda «Ipak yo‘li» jamg‘armasi o‘rtasida 395 million dollarlik loyihalar bo‘yicha kelishuv imzolandi
Hamkorlik doirasida transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, zamonaviy pullik tezyurar avtomobil yo‘llarini

«O‘zmilliybank» AJ va «Ipak yo‘li» jamg‘armasi o‘rtasida 395 million dollarlik loyihalar bo‘yicha kelishuv imzolandi
O‘zbekistonda yirik infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirish borasida xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik tobora kengaymoqda. Shu doirada «O‘zmilliybank» AJ Xitoyning Ipak yo‘li jamg‘armasi bilan qiymati 395 million AQSh dollarigacha bo‘lgan loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan kelishuvga erishdi.
Kelishuv O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus ma’muriy hududiga amalga oshirilgan yuqori darajadagi tashrifi doirasida imzolandi.
Mazkur hujjat 9–10-sentyabr kunlari Gonkongda o‘tkazilgan «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusining 11-sammiti doirasida rasmiylashtirildi. Sammit investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun muhim xalqaro maydon sifatida tashkil etildi.
Kelishuvga ko‘ra, «O‘zmilliybank» va Ipak yo‘li jamg‘armasi O‘zbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli infratuzilmaviy loyihalarni birgalikda tanlaydi, ularni baholaydi hamda moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqadi. Keyinchalik tanlangan loyihalarni Ipak yo‘li jamg‘armasining uzoq muddatli kredit liniyalari hisobidan moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.
Hamkorlik doirasida transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, zamonaviy pullik tezyurar avtomobil yo‘llarini qurish bilan bog‘liq loyihalar ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘ladi.
Mazkur kelishuv 2026-yilga mo‘ljallangan Davlat investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham uyg‘unlashadi. Unga ko‘ra, «O‘zmilliybank» zimmasiga O‘zbekistondagi ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yetakchi xalqaro moliya institutlaridan jami 1,5 milliard AQSh dollari ekvivalentida mablag‘ jalb etish vazifasi yuklatilgan.
Ipak yo‘li jamg‘armasi bilan erishilgan yangi kelishuv O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi moliyaviy-investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shuningdek, u O‘zbekiston–Xitoy strategik sherikligi doirasida, jumladan, «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida aniq investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Ma’lumot uchun, «O‘zmilliybank» AJ 1991-yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatdagi tizimli ahamiyatga ega eng yirik banklardan biri hisoblanadi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, bank aktivlari 12 milliard AQSh dollaridan, kredit portfeli 9 milliard dollardan, jami kapitali 1,6 milliard dollardan oshgan. Bankning sof foydasi 160 million AQSh dollarini tashkil etgan.
Ipak yo‘li jamg‘armasi esa Xitoy Xalq Respublikasining davlat investitsiya jamg‘armasi bo‘lib, 2014-yilda «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasidagi investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.

