O‘zbekistonning turli hududlarida qaysi kasb va mutaxassisliklarga talab yuqoriligi aniqlandi

O‘zbekistonning turli hududlarida qaysi kasb va mutaxassisliklarga talab yuqori ekani aniqlandi
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi texnikumlarning 2025/2026-o‘quv yilidagi qabul parametrlarini shakllantirish, taqsimlash va bajarish samaradorligini tahlil qildi. Natijalarga ko‘ra, respublikada eng ko‘p talab qilinayotgan yo‘nalish avtomobillarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish ekani ma’lum bo‘ldi. Hududlarga xos yo‘nalishlar ham belgilandi.
### Texnikumlarga qabul rejasining bajarilishi oshgan
Tahlilga ko‘ra, 2024/2025-o‘quv yilida texnikumlar uchun 201 203 ta qabul kvotasi tasdiqlangan bo‘lib, shundan 156 528 nafar abituriyent o‘qishga qabul qilingan. Shu tariqa qabul rejasining bajarilishi 76 foizni tashkil etgan. Bu har to‘rtta o‘rinlardan bittasi to‘ldirilmaganini anglatadi.
2025/2026-o‘quv yilida esa texnikumlarga jami 287 301 ta qabul kvotasi ajratilgan, shundan 249 130 nafar abituriyent qabul qilingan. Bu qabul rejasining 86 foiz bajarilganini ko‘rsatadi. Demak, bajarilish darajasi 76 foizdan 86 foizga ko‘tarilgan. Biroq qabul ko‘rsatkichlaridagi ijobiy o‘zgarishlarga qaramay, kasb va mutaxassisliklar, ta’lim shakllari hamda hududlar kesimida sezilarli tafovutlar saqlanib qolmoqda.
### O‘quvchilarning 83 foizdan ortig‘i grant asosida qabul qilingan
Tahlilga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yilida texnikumlarga qabul qilingan 249 130 nafar o‘quvchidan 206 761 nafari davlat granti asosida, 42 369 nafari esa kontrakt asosida qabul qilingan. Natijada davlat granti ulushi 83,0 foizni, kontrakt ulushi esa 17,0 foizni tashkil etgan.
### Dual ta’lim bo‘yicha qabul rejadan past bo‘lgan
2025/2026-o‘quv yili uchun jami qabul kvotasidan 59 680 tasi dual ta’lim shakli uchun ajratilgan. Ammo amalda dual ta’lim bo‘yicha 41 080 nafar o‘quvchi qabul qilingan va bu jami qabul qilinganlar ichida 16,5 foizni tashkil etgan. Natijada dual ta’lim uchun ajratilgan qabul parametrlarining 68,8 foizi bajarilgan.
Ayrim hududlarda ish beruvchilar ishtirokining cheklanganligi, amaliy ta’limni tashkil etish imkoniyatlarining yetarli darajada rivojlanmagani hamda texnikumlar va korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikning turlicha shakllangani dual ta’lim bo‘yicha qabul parametrlarining rejadan past shakllanishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
### Qabulning asosiy qismi cheklangan sondagi kasb va mutaxassisliklarda jamlangan
Texnikumlardagi kasb va mutaxassisliklar soni 450 tadan oshishiga qaramay, qabulning katta qismi cheklangan yo‘nalishlarda to‘plangan. Eng yuqori talabga ega 7 ta kasb va mutaxassislik jami qabulning 49 foizini tashkil etgan.
Xususan, “Avtomobillarni taʼmirlash va ularga xizmat ko‘rsatish” kasbi umumiy qabulning 20 foizini egallagan. Shuningdek, “Tikuvchi” 7 foiz, “Hamshiralik ishi” 6,2 foiz, “Traktorchimashinist” 5 foiz, “Davolash ishi” 4,1 foiz, “Kompyuter grafikasi va dizayn operatori” 3,8 foiz va “Raqamli axborotlarni qayta ishlash ustasi” 3,4 foizni tashkil etgan.
Bu holat abituriyentlar talabi ayrim kasb va mutaxassisliklarda yuqori darajada jamlanayotganini ko‘rsatadi hamda qabul parametrlarini belgilashda mehnat bozori ehtiyojlari bilan birga yoshlarning ta’lim kasb va mutaxassisliklarga qiziqishini ham hisobga olish muhimligini anglatadi.
### Eng yuqori va eng past talabga ega 5 ta yo‘nalish
Tahlil davomida ayrim kasb va mutaxassisliklarda qabul parametrlari belgilangan kvotalarga nisbatan 300–550 foizgacha ortiqcha shakllangani kuzatilgan. Shu bilan birga, ayrim yo‘nalishlarda buning mutlaqo aksi ham qayd etilgan. Ya’ni, bir qator kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha tasdiqlangan qabul kvotalari mavjud bo‘lsa-da, qabul parametrlari nol darajada bo‘lgan holatlar aniqlangan.
Xususan, quyidagi 5 ta yo‘nalishda rejalashtirilganidan ham ko‘proq talabalar qabul qilingan:
“Avtomobillarni taʼmirlash va ularga xizmat ko‘rsatish”;
“Tikuvchi”;
“Hamshiralik ishi”;
“Traktorchi-mashinist”;
“Davolash ishi”.
“Buxgalter”, “Ikkilamchi qayta ishlash”, “Mebel ishlab chiqarish texnologiyasi”, “Kadastr, Energatika” (issiqlik energetikasi) kabi yo‘nalishlar esa eng past talabga ega bo‘lgan.
Tahlilda qayd etilishicha, qabul parametrlarining nol darajada yoki juda past shakllanishi har doim ham mazkur kasb va mutaxassisliklarga talab yo‘qligini bildirmaydi. Amalda ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha tavsiya etilganlar soni guruh tuzish uchun yetarli bo‘lmagan hollarda, o‘quvchilarning roziligi bilan ular boshqa yaqin yo‘nalishlarga o‘tkazilgan.
“Yuqorida keltirilgan holatlar kasb va mutaxassisliklari kesimidagi qabul parametrlarini belgilashda tasdiqlangan reja va tavsiya etilganlar soni bilan bir qatorda, guruh shakllantirish imkoniyati, minimal to‘ldirilish meʼyori, o‘quvchilar tanlovi, mehnat bozori ehtiyojlari va o‘qitish xarajatlarining samaradorligini kompleks inobatga olish zarurligini ko‘rsatadi. Bu esa kam talabgor kasb va mutaxassisliklarni qayta ko‘rib chiqish va qabul parametrlarini real ehtiyojga moslashtirishni taqozo etadi”, deyiladi tahlilda.
### Bilim sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yetakchi
Qabul parametrlarining 10 ta bilim sohasi va 22 ta ta’lim sohasi kesimidagi tahlili sohalar o‘rtasida talab hamda qabul parametrlarining bajarilish darajasi bo‘yicha sezilarli farqlar borligini ko‘rsatdi. Xususan, bilim sohasi kesimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishida 34 245 ta kvotaga 40 788 nafar o‘quvchi qabul qilingan bo‘lib, bu qabul parametrlarining 119,1 foizga bajarilganini anglatadi.
Shuningdek, muhandislik, ishlov berish va qurilish sohalarida — 88,5 foiz, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot sohasida — 85,2 foiz, qishloq, o‘rmon, baliqchilik xo‘jaligi va veterinariya sohasida — 85,1 foiz, xizmatlar sohasida — 75,6 foiz hamda ta’lim sohasida — 73,8 foiz qayd etilgan.
Biznes, boshqaruv va huquq sohasida — 47,2 foiz, san’at va gumanitar fanlar sohasida — 43,7 foiz, tabiiy fanlar, matematika va statistika sohasida — 26,7 foiz hamda ijtimoiy fanlar, jurnalistika va axborot sohasida — 22,3 foiz ko‘rsatkich qayd etilgan.
### Kasbiy ta’lim tizimida texnik, texnologik va amaliy yo‘nalishlarga talab yuqori
Ta’lim sohalari kesimida eng yuqori qabul muhandislik ishi ta’lim sohasiga to‘g‘ri kelgan va ushbu sohaga 76 584 nafar o‘quvchi qabul qilingan. Bu jami qabulning 30,7 foizini tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarda axborot kommunikatsiya texnologiyalari — 40 788 nafar (16,4 foiz), sog‘liqni saqlash — 34 245 nafar (13,7 foiz), ishlab chiqarish va ishlov berish sohalari — 32 407 nafar (13,0 foiz) hamda qishloq xo‘jaligi — 24 842 nafar (10,0 foiz) ta’lim sohasi qayd etilgan.
Umuman olganda, qabulning asosiy qismi iqtisodiyot va mehnat bozori uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan sohalarga yo‘naltirilgan. Xususan, muhandislik, axborot kommunikatsiya texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi ta’lim sohalari jami qabulning 83,8 foizini tashkil etmoqda. Bu kasbiy ta’lim tizimida texnik, texnologik va amaliy yo‘nalishlarga talab yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, ayrim sohalarda qabul ulushi juda past bo‘lib qolgan. Jumladan, baliq xo‘jaligi bo‘yicha 90 nafar, transport xizmatlari bo‘yicha 17 nafar, fizika va tabiiy fanlar bo‘yicha 15 nafar o‘quvchi qabul qilingan. Ushbu sohalarning umumiy qabuldagi ulushi 0,1 foizdan kam bo‘lib, bu mazkur yo‘nalishlarga talab pastligini yoki qabul parametrlarining cheklangan hajmda shakllanganini ko‘rsatadi.
### Hududlarga xos yo‘nalishlar
Tahlilda hududlarda qaysi kasb va mutaxassisliklarga talab yuqori ekani ham o‘rganildi. Unga ko‘ra, Toshkent shahrida — kompyuter tizimlarida dasturlash, Toshkent viloyatida — kimyoviy ishlab chiqarish laboranti, Samarqand viloyatida — sartaroshlik, Surxondaryo viloyatida — qutqaruvchilik, Farg‘ona viloyatida — tikuvchilik mahsulotlari dizayni, Navoiy viloyatida — foydali qazilmalarni maydalash va saralashga talab yuqoriligi aniqlandi.
### Qabul parametrlari bajarilishida Farg‘ona va Samarqand yetakchi
Tahlil natijalari respublika hududlari o‘rtasida qabul parametrlarining bajarilish darajasi bo‘yicha sezilarli farqlar borligini ko‘rsatdi. Xususan, respublika bo‘yicha o‘rtacha qabul ko‘rsatkichi 84,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hududlar kesimida bu ko‘rsatkich 65 foizdan 100 foizgacha bo‘lgan oraliqda shakllangan. Eng yuqori natijalar Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida qayd etilgan bo‘lib, bu hududlarda qabul rejasi to‘liq bajarilgan. Shuningdek, Buxoro va Andijon viloyatlarida qabul ko‘rsatkichi 96 foizni, Jizzax viloyatida 93 foizni hamda Namangan viloyatida 92 foizni tashkil etgan.
Mazkur tahlilda foydalanilgan qabul kvotalari, amalda qabul qilingan o‘quvchilar soni, bilim sohalari, ta’lim sohalari, yo‘nalishlar, kasb va mutaxassisliklar, to‘lov shakllari hamda hududlar kesimidagi ma’lumotlar Kasbiy ta’lim agentligi taqdim etgan rasmiy ma’lumotlar asosida shakllantirilgan.

