O‘zbekistonning tashqi savdo taqchilligi to‘qqiz oyda 13,7 mlrd dollarga yetdi
2026-yilning yanvar–sentyabr oylarida mamlakatning tashqi savdo aylanmasi 65,4 milliard dollarni tashkil etdi. Eksport oltin sotuvining keskin qisqarishi hisobiga kamaygan, import esa sezilarli darajada oshgan.

O‘zbekistonning tashqi savdo taqchilligi to‘qqiz oyda 13,7 mlrd dollarga chiqdi
O‘zbekistonda 2026-yilning ilk to‘qqiz oyida tashqi savdo aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,3 foizga, ya’ni 3,9 milliard dollarga ko‘payib, 65,4 milliard dollarga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining 28-oktyabr kuni e’lon qilingan hisobotida ma’lum qilindi.
Hisobotga ko‘ra, ushbu davrda eksport 25,8 milliard dollarni tashkil etib, 2025-yilning mos davriga nisbatan 5,5 foizga pasaygan. Import esa 15,7 foizga oshib, 39,6 milliard dollarga yetgan. Shu tariqa mamlakat tashqi savdosida 13,7 milliard dollarlik manfiy saldo qayd etilgan. O‘tgan yilning ayni davrida bu ko‘rsatkich 6,9 milliard dollar bo‘lgan.
Shu bilan birga, oltinni hisobga olmaganda, tovarlar eksporti 31,6 foizga o‘sib, 13,3 milliard dollarga yetgan. Nomonetar oltin eksporti esa 2025-yilning to‘qqiz oyidagi 9,8 milliard dollardan 2026-yilda 2,8 milliard dollargacha qisqargan.
Xitoy O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo hamkori bo‘lib qolmoqda. Yanvar–sentyabr oylarida ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 15,2 milliard dollarni tashkil etgan. Undan keyingi o‘rinlarda Rossiya — 10,5 milliard dollar, Qozog‘iston — 4,3 milliard dollar, Turkiya — 2,2 milliard dollar va Afg‘oniston — 1,6 milliard dollar bilan qayd etilgan.
Hisobotda aytilishicha, eksport tarkibida xizmatlar hajmi 9,7 milliard dollarga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 31,1 foizga oshgan. Jumladan, turizm xizmatlari eksporti 5,3 milliard dollarni, transport xizmatlari esa 2,9 milliard dollarni tashkil qilgan.
Import tarkibida eng katta ulush mashina va transport uskunalariga to‘g‘ri kelgan — 12,9 milliard dollar. Bundan tashqari, 5,8 milliard dollarlik sanoat tovarlari, 4,8 milliard dollarlik kimyoviy mahsulotlar hamda 4,2 milliard dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari import qilingan.
Milliy statistika qo‘mitasi 2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekiston dunyoning 200 dan ortiq mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirganini ma’lum qilgandi. O‘sha davrda ham Xitoy 11,3 milliard dollar va Rossiya 8,1 milliard dollar bilan mamlakatning eng yirik tashqi savdo hamkorlari bo‘lgan.

