O'zbekistonlik hunarmandlar Homo Faberda o'z ishlarini namoyish etishdi
O‘zbekistonlik ustalarning keramika va badiiy asarlari Venetsiyada o‘tayotgan Homo Faber 2026 xalqaro ko‘rgazmasida namoyish etilmoqda.

O‘zbekistonlik hunarmandlar Homo Faber 2026: An Island of Light xalqaro ko‘rgazmasida o‘z ijod namunalarini namoyish etishmoqda. Venetsiyada bo‘lib o‘tayotgan ushbu zamonaviy badiiy hunarmandchilik ko‘rgazmasida 70 mamlakatdan vakillar ishtirok etib, jami 700 dan ortiq asar taqdim etilgan. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi ma’lum qildi.
O‘zbekiston ekspozitsiyasida Sanjar Kubayev va Alisher Nazirovning "Moonjars" nomli keramik asarlari, shuningdek, Shavkiddin Kamolovning badiiy qaychilari joy olgan.
O‘zbekiston ko‘rgazmaning taʼlim dasturida ham faol ishtirok etmoqda. Diyorobek Abdullayev va Sabina Jo‘rayeva Homo Faber 2026 doirasidagi "Young Ambassadors" dasturining mediatorlari sifatida qatnashmoqdalar.
O‘zbekistonlik hunarmandlarning mazkur tadbirdagi ishtiroki O‘zbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasining Michelangelo Foundation bilan hamkorligining davomi hisoblanadi. Ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik 2023-yilda Buxoroda Homo Faber Guide’ning O‘zbekistonga bag‘ishlangan bo‘limini ishga tushirish bilan boshlangan edi.
O‘zbekistonning ishtirok dasturi doirasida Madina Qosimboyeva tomonidan anʼanaviy so‘zana kashtachiligiga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bu yilgi Homo Faber ko‘rgazmasi 70 mamlakatdan 500 dan ortiq ustalarni birlashtirib, zamonaviy badiiy hunarmandchilikning 700 dan ziyod asarini namoyish etmoqda.

