O‘zbekistondagi ikki yil: o‘zgarishlar, insonlar va imkoniyatlar haqida mulohazalar. Akiko Fujii kolonkasi
O‘zbekistonning eng katta imkoniyati — uning odamlari, har bir inson mamlakatdagi o‘zgarishlarga o‘z hissasini qo‘sha olishi va ularning natijalaridan bahramand bo‘lishida. BMTTDning doimiy vakili Akiko Fujii mamlakatdagi ikki yillik faoliyati yakunlari bo‘yicha yangi kolonkasida o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

**O‘zbekistondagi ikki yil: o‘zgarishlar, insonlar va imkoniyatlar haqida mulohazalar. Akiko Fujii kolonkasi**
**Muallif: Akiko Fujii, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili**
O‘zbekistonga ikki yil avval, iyul oyida kelganimda, o‘rgangan ilk so‘zlarimdan biri "chilla" bo‘lgan edi. Bu – yozning eng issiq 40 kunini anglatadi. Mamlakatdagi barcha kabi, men ham bu yilgi chillaning rasman yakunlanganidan juda xursand bo‘ldim. O‘zbekistondagi BMTTDda bu voqeani mavsumga mos tarzda, ya’ni qovun bilan nishonladik. Qovun har doim mazali bo‘lsa-da, bu safar uning shirinligi ayniqsa yodda qolarli tuyuldi. Balki qovun iyul oyining nihoyasida pishgani uchun shunday shirin bo‘lgandir. O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, bu oy odatdagidan ancha issiq bo‘ldi va Toshkentda harorat +44,3 darajaga yetib, tarixiy rekordga deyarli tenglashdi.
Bu esa meni birinchi mulohazam – iqlim o‘zgarishi haqidagi fikrlarim sari yetaklaydi.
Iqlim o‘zgarishi butun dunyoda bizga ta’sir qilishda davom etmoqda, ammo bu ta’sir hamma joyda bir xil emas. Iqlimi qurg‘oqchil bo‘lgan va mamlakat hududining katta qismini cho‘l landshaftlari egallagan O‘zbekistonda yerlarning 25 foizdan ortig‘i allaqachon degradatsiyaga uchragan, qariyb 45 foizi esa cho‘llanish xavfi ostida. Bu yerda iqlim o‘zgarishi mavhum tushuncha emas, balki kundalik hayotning bir qismidir. Bu ayniqsa muhim, chunki mamlakat suv resurslarining 80 foizi hudud tashqarisidan keladi. Suv kodeksining yaqinda qabul qilinishi va suvga yo‘naltirilgan islohotlar to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadamdir, biroq iqlimga chidamlilikni kuchaytirish har bir darajada sa’y-harakatlarni talab qiladi: kelajak uchun muhim bo‘lgan mintaqaviy hamkorlikdan tortib, har bir mahallada suvni tejash borasidagi harakatlargacha.
BMTTD mamlakatning, ayniqsa, Orolbo‘yi mintaqasi kabi zaif hududlardagi sa’y-harakatlariga faol hissa qo‘shayotganidan mamnunman. Biz tabiatning holati, munosib ish o‘rinlari va samarali mahalliy boshqaruv insonlar hayotini joylarda yaxshilashda bir-biri bilan chambarchas bog‘liq ekanini e’tirof etgan holda, integratsiyalashgan portfel yondashuvini joriy eta boshladik. Hududlarga tashriflarim davomida suvni tejashning yangi usullarini sinab ko‘rayotgan, baliqchilik va qishloq xo‘jaligida ish o‘rinlari yaratayotgan ko‘plab ayollar va erkaklar bilan uchrashdim. Endi bu tashabbuslarni kengaytirish vaqti keldi.
Bugun qabul qilinayotgan qarorlar ularning oqibatlarini kim meros qilib olishini hisobga olganimizda yanada muhim ahamiyat kasb etadi: bu O‘zbekistonning nihoyatda yosh va o‘sib borayotgan aholisidir.
Bu mamlakatga ilk bor kelganimda, yoshlarning g‘ayrati meni hayratga solgandi. Yoshlik kuchi haqidagi bu taassurotim yillar davomida yanada kuchaydi. O‘zbekiston bu yil aholini ro‘yxatga olish orqali ma’lumotlar to‘plash borasida muhim qadam tashladi. Shakllanayotgan demografik manzara oldinda turgan imkoniyatlar va mas’uliyat ko‘lamini birdek ko‘rsatmoqda: aholi soni 39 milliondan oshdi, besh yoshgacha bo‘lgan bolalar esa hozirda aholining eng katta guruhini tashkil etmoqda.
O‘zbekistonning FIFA Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etishi ham men uchun yoshlar kuchining yana bir ifodasi bo‘ldi. Ammo yosh aholining salohiyati faqat raqamlar bilan cheklanmaydi. Demografik dividend o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi. Inson kapitalini rivojlantirish, ya’ni iste’dodlarni rivojlantirish va undan ham muhimi, ularni mamlakatda saqlab qolish muhimdir.
Bunga ta’lim sifati, ko‘nikmalarni rivojlantirish va kasbiy tayyorgarlik, sog‘liqni saqlash, infratuzilmadan foydalanish imkoniyati, davlat xizmatlari va odil sudlov kiradi. Aynan shu omillar O‘zbekistonning demografik salohiyati kelajakdagi farovonlikka aylanish-aylanmasligini belgilaydi.
Shu bilan birga, o‘zgarayotgan narsa faqat aholi soni emas – odamlarning yashash tarzi ham o‘zgarib bormoqda. O‘zbekistonda ilk bor aholining ko‘pchiligi, ya’ni 54,5 foizi shaharlarda yashamoqda.
Urbanizatsiya yana bir chuqur o‘zgarish, kundalik hayotning tobora raqamli tus olishi bilan birga kechmoqda. Men yoshlarning zamonaviy raqamli va sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan axborotdan misli ko‘rilmagan darajada foydalanish imkoniyatiga ega bo‘layotganini, shaharlarda harakatlanish va mustaqillikning yangi imkoniyatlari paydo bo‘layotganini, iqtisodiy imkoniyatlar esa kengayayotganini ko‘rmoqdaman.
Bu rivojlanishlar ulkan imkoniyatlarni ochib bermoqda. Shu bilan birga, har qanday o‘zgarish yangi savollarni ham yuzaga keltiradi. Hayot tarzi tobora shaharlashib va raqamlashib borayotgan bir paytda, mahallada yaqqol namoyon bo‘ladigan o‘zaro g‘amxo‘rlik va hamjamiyatga xos kuchli an’analar qanday qilib rivojlanishda davom etishi mumkin? Shuningdek, raqamli aloqa kengayishi insonlarning imkoniyatlarini oshirish bilan birga, ularni zararning yangi shakllariga duchor qilmasligini qanday ta’minlashimiz mumkin?
Onlayn zo‘ravonlik va raqamli moliyaviy jinoyatlar, ayniqsa, ijtimoiy jihatdan zaif guruhlar uchun xavf tug‘dirayotgani texnologik taraqqiyot ta’lim, xabardorlik va samarali profilaktika tizimlari bilan birga borishi kerakligini ko‘rsatmoqda. Ushbu muammolarni hal etishga yordam berish uchun hamkorlarimiz bilan samarali hamkorlik qilayotganimizdan mamnunman.
Men uchun bu O‘zbekiston transformatsiyasining eng qiziqarli jihatlaridan biridir: iqtisodiy va texnologik o‘zgarishlar odamlarning qanday yashashi, ishlashi va bir-biriga g‘amxo‘rlik qilishini ham qayta shakllantirmoqda. Bu o‘zgarish ayollar uchun mavjud imkoniyatlarning o‘zgarishida ayniqsa yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
So‘nggi ikki yil davomida jamiyat hayotining barcha sohalarida ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash borasida kuchli siyosiy iroda mavjudligiga guvoh bo‘ldim. So‘nggi bir necha yil ichida ayol tadbirkorlar soni ham 7 baravar oshdi. Biroq imkoniyatlar yaratish masalaning faqat bir qismidir.
Ayollarning ushbu imkoniyatlardan to‘liq foydalanishi ham uyda nimalar sodir bo‘lishiga bog‘liq. Ayollar haftasiga o‘rtacha 46,92 soatini bolalar parvarishi bilan bog‘liq haq to‘lanmaydigan ishlarga sarflaydi. Bu esa ularning kasbiy rivojlanishi va iqtisodiy ishtirokiga ta’sir qiladi.
Bu meni yana O‘zbekistonning yosh aholisiga qaytaradi. Demografik dividend vaqt bilan cheklangan bo‘lib, u nafaqat yoshlarni kelajakdagi mehnat bozoriga tayyorlashga, balki bolalar va keksalarga sifatli g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga ham bog‘liq. Bu muhim ish adolatli tarzda, davlat va xususiy sektorning faol qo‘llab-quvvatlash tizimlari asosida amalga oshirilishi kerak. Faqat adolatli, sifatli va barqaror parvarish tizimi orqali ayollar va erkaklarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga erishish mumkin. Shunday ekan, kompleks parvarish tizimiga kiritilgan investitsiya inson kapitaliga, ayollarning iqtisodiy ishtirokiga va pirovardida O‘zbekistonning kelajakdagi farovonligiga kiritilgan investitsiyadir.
Iqlimga chidamlilik, yosh aholi, tez o‘zgarayotgan shaharlar, raqamli transformatsiya, ayollarning iqtisodiy ishtiroki va parvarish kabi masalalar bir-biridan juda farqli ko‘rinishi mumkin. Ammo O‘zbekistondagi ikki yildan so‘ng men ularni tobora bir hikoyaning turli qismlari sifatida ko‘rmoqdaman: tez o‘zgarayotgan va bugun qabul qilayotgan qarorlari kelajak avlod uchun mavjud imkoniyatlarni belgilab berayotgan mamlakat.
Ikki yil mamlakatni to‘liq anglash uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin, ammo uning g‘ayrati va intilishlaridan ilhomlanish uchun yetarlicha uzoq vaqt.
O‘zbekiston bo‘ylab loyihalarimiz amalga oshirilayotgan hududlarga safarlarim davomida suvni tejovchi texnologiyalarni sinab ko‘rayotgan fermerlar, biznes qurayotgan ayollar, yangi imkoniyatlardan foydalanayotgan yoshlar va o‘z hayotlarini yaxshilash uchun birlashayotgan jamoalar bilan uchrashdim.
Bu uchrashuvlar meni O‘zbekistonning eng katta imkoniyati uning insonlarida ekaniga va mamlakat transformatsiyasiga har bir inson o‘z hissasini qo‘sha olishi hamda undan manfaat ko‘rishini ta’minlash muhimligiga ishontirdi.
O‘zbekistonni mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman va ushbu muhim lahzani O‘zbekiston xalqi bilan birgalikda nishonlash sharafiga muyassar bo‘layotganimdan faxrlanaman. Mamlakat uchun rivojlanish borasida noyob imkoniyatlar davrida O‘zbekistondagi BMTTDda xizmat qilayotganimdan g‘oyat mamnunman.

