O‘zbekistonda kriminogen vaziyatni baholashning yangi modeli joriy etiladi
Hududlardagi xavfsizlik darajasini baholash uchun “kriminogen barqarorlik indeksi” shakllantiriladi. Unda aholining xavfsizlik hissi va yashirin jinoyatchilik ko‘rsatkichlari ham hisobga olinadi. Jinoyatchilik xavflarini sun’iy intellekt yordamida prognozlash ham rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonda kriminogen vaziyatni baholashning yangi modeli joriy etiladi
O‘zbekistonda kriminogen vaziyatni baholashning yangi modeli joriy etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni tanishgan huquqbuzarliklar profilaktikasini takomillashtirish yuzasidan taqdimotda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, amaldagi baholash usullari asosan statistik ma’lumotlarga tayangan. Jinoyatchilikka ta’sir ko‘rsatuvchi ijtimoiy-iqtisodiy omillar yetarli darajada tahlil qilinmaydi, davlat idoralarining mavjud axborot tizimlari esa bir-biri bilan to‘liq integratsiyalashmagan.
Shu bois kriminogen vaziyatni baholashning yangi modelini joriy etish taklif etildi. Unga ko‘ra, ilk bor “kriminogen barqarorlik indeksi” shakllantiriladi. Buning uchun davlat idoralarining axborot resurslarini birlashtiradigan yagona kriminogen ma’lumotlar platformasini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida jinoyatchilik xavflarini tahlil qilish va prognozlash, hududlarning kriminogen xaritalarini yaratish ko‘zda tutilgan.
Yangi mexanizmlar orqali hudud va mahallalardagi kriminogen vaziyat muntazam baholanadi. Xavf darajasiga qarab manzilli profilaktika choralari belgilanadi, mas’ul idoralar faoliyati esa natijadorlik ko‘rsatkichlari asosida baholanadi.
Taqdimotda mamlakatda xavfsizlik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, hududlarda 263 mingta tanib oluvchi kamera, 70 mingta zamonaviy domofon va 22 mingta tashvish tugmasi o‘rnatilgan.
Ijtimoiy profilaktika choralari orqali 2,1 million nafar shaxsning muammolari manzilli hal etilgan. Natijada kriminogen vaziyati eng og‘ir bo‘lgan 809 ta mahallaning 701 tasi ushbu toifadan chiqarilgan. Qariyb 4,4 mingta mahalla esa “yashil” toifada qolmoqda.
Prezident huquqbuzarliklar profilaktikasi faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi bo‘lib qolmasligi, bu jarayonda barcha mas’ul idoralar, mahalla va jamoatchilik hamkorlikda ishlashi zarurligini ta’kidladi.
Taqdimot yakunida kriminogen vaziyatni baholashning yangi modelini joriy etishni nazarda tutuvchi farmon imzolandi. Mutasaddilarga raqamli tahlil va monitoring mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

