O‘zbekistonda Koksaki virusi alohida kasallik sifatida hisobga olinmaydi — Sanepidqo‘mita
Nurmat Otabekov kasallik aksariyat hollarda yengil kechadi, biroq ayrim bemorlarda zotiljam va meningit kabi asoratlarni keltirib chiqarishi mumkinligini ma’lum qildi.

O‘zbekistonda Koksaki virusi alohida kasallik sifatida statistik hisobga olinmaydi — Sanepidqo‘mita
O‘zbekistonda Koksaki virusi alohida kasallik sifatida statistik qayd etilmaydi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Mutaxassisning izohiga ko‘ra, Koksaki enteroviruslarning bir turi bo‘lgani uchun u bilan kasallanish holatlari enterovirus infeksiyalari umumiy hisobida yuritilishi mumkin. Otabekov kuz-qish mavsumida ayrim yuqumli kasalliklar, jumladan, Koksaki virusi bilan kasallanish xavfi ortishini ta’kidladi.
Uning aytishicha, Koksaki virusining 70 ga yaqin turi bor, ulardan asosan A va B turlari uchraydi. Kasallik o‘tkir ichak infeksiyalariga o‘xshash kechishi, ba’zi hollarda esa nafas yo‘llari va ichak bilan bog‘liq belgilar birga kuzatilishi mumkin.
Virusning A turi bilan zararlanganda yuz, lab, burun va barmoqlarda pufakchalar paydo bo‘lishi ehtimoli mavjud. B turi esa ichak bilan bog‘liq belgilarni, ayrim hollarda ichki a’zolardagi o‘zgarishlarni yuzaga keltirishi mumkin.
Mutaxassis kasallanganlarning aksariyati infeksiyani yengil o‘tkazishini, ayrim bemorlar esa kasallikka chalinganini sezmasligi ham mumkinligini bildirdi. Shu bilan birga, ba’zi holatlarda Koksaki virusi zotiljam va meningit kabi og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi ehtimoli bor.
Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, kasallikdan shubha qilinganda bemorlarga simptomatik davolash choralari qo‘llanadi. U to‘rt kundan ortiq davom etadigan isitma ham ushbu infeksiyadan shubhalanish uchun asos bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
Sanepidqo‘mita vakili Koksaki virusi bilan bog‘liq tarqalayotgan xabarlardan ortiqcha xavotir olishga asos yo‘qligini ta’kidladi. Uning ma’lum qilishicha, kasallik O‘zbekiston hududi uchun unchalik xos emas. Virus bilan bog‘liq holatlar ko‘proq Yevropa, Lotin Amerikasi va boshqa G‘arb mamlakatlarida qayd etiladi.
Mutaxassis kasallikning oldini olish uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish, qo‘llarni yaxshilab yuvish va kasallik belgilari paydo bo‘lganda boshqalar bilan muloqotni cheklashni tavsiya qildi.
Eslatib o‘tamiz, may oyida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi mamlakatda hantavirusning odamdan odamga yuqadigan “Andes” shtammi qayd etilmaganini ma’lum qilgandi.
Akademiya ma’lumotiga ko‘ra, mintaqada uchraydigan hantaviruslar yovvoyi kemiruvchilar orqali yuqadi. Mutaxassislar infeksiyalardan himoyalanish uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish zarurligini ta’kidlagan.

