O‘zbekistonda jahon darajasidagi hujayra texnologiyalari markazi barpo etiladi

O‘zbekistonda jahon darajasidagi hujayra texnologiyalari markazi tashkil etiladi
Fanlar akademiyasining Ilg‘or texnologiyalar markazida jahon darajasidagi hujayra texnologiyalari markazi barpo etiladi.
Ma’lum qilinishicha, Biome loyihasini amalga oshirish uchun zarur ilmiy-texnologik asos allaqachon yaratilgan. Bu yerda O‘zbekistondagi birinchi ildiz hujayralar banki faoliyat ko‘rsatmoqda va unda 1200 dan ortiq namuna saqlanadi. Markazda ishlab chiqilgan hujayra mahsulotlari kuyish jarohatlarini davolash va to‘qimalarni tiklashda, yuz-jag‘ jarrohligi hamda oftalmologiyada qo‘llanmoqda. Shuningdek, onkologik kasalliklarga qarshi kurashish uchun NK-hujayralar asosida preparat yaratildi va uni amaliyotga joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Seulda Shavkat Mirziyoyev va Koreya prezidenti Li Je Myong huzurida O‘zbekistonda yangi Biome (milliy genomika va biobank) markazini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolangan bo‘lib, bu loyiha yangi bosqichga chiqishi va jahon darajasidagi zamonaviy infratuzilma yaratish uchun keng imkoniyatlar ochadi.
“Bizning maqsadimiz – O‘zbekistonni ilg‘or ishlanmalar yaratiladigan, ishlab chiqariladigan va bemorlarni davolashda qo‘llanadigan hujayra texnologiyalari va hujayra terapiyasining jahon markazlaridan biriga aylantirish”, deyiladi Fanlar akademiyasi xabarida.
Ma’lum qilinishicha, markaz faoliyatining yana bir yirik yo‘nalishi — “O‘zbekistonning 1000 genomi” loyihasi. 1200 dan ortiq ishtirokchiga oid qariyb 10 million genetik marker mamlakat aholisining genetik xaritasini yaratish uchun asos bo‘lmoqda. Bu irsiy xususiyatlarni o‘rganish, kasalliklar xavfini oldindan baholash va shaxsiylashtirilgan tibbiyotni rivojlantirish uchun noyob milliy resursdir.
Shu tariqa, Fanlar akademiyasida Biome’ning asosiy yo‘nalishlari — hujayra texnologiyalari, genom tadqiqotlari va klinik tibbiyot birlashgan. Yangi markaz to‘plangan ilmiy salohiyat va texnologiyalarni yagona infratuzilma asosida rivojlantirish hamda tadqiqot va ishlanmalar ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirish imkonini beradi.
Biome – hujayra va ilmiy g‘oyadan boshlab, tayyor hujayra mahsulotini ishlab chiqarish va klinikada qo‘llashgacha bo‘lgan to‘liq jarayonni qamrab oladigan yagona texnologik platforma.

