Mahalliy

O‘zbekistonda ish kunlari 23:00 dan 07:00 gacha me’yordan ortiq shovqin chiqarish taqiqlandi

O‘zbekistonda ish kunlari 23:00 dan 07:00 gacha me’yordan ortiq shovqin chiqarish taqiqlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-sentyabr kuni “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qonunga muvofiq, fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan, shovqinning yo‘l qo‘yiladigan darajasidan yuqori bo‘lgan tovushlarga cheklov o‘rnatiladi. Bunday shovqinlar qatoriga turar joylardagi maishiy faoliyat, qurilish maydonlaridagi ishlar, qurilish texnikasi va transport vositalari, shuningdek turli transportlarning harakati natijasida yuzaga keladigan shovqinlar kiradi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, ish kunlari soat 23:00 dan 07:00 gacha, dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari esa 22:00 dan 09:00 gacha shovqinning yo‘l qo‘yiladigan darajasidan ortiq tovush chiqarib, fuqarolarning osoyishtaligini buzishga ruxsat berilmaydi.

Shuningdek, shovqinning yo‘l qo‘yiladigan darajasi odamni sezilarli darajada bezovta qilmaydigan va inson organizmining funksional tizimlari hamda shovqinga sezgir a’zolarida jiddiy o‘zgarishlarga olib kelmaydigan daraja sifatida belgilangan. Uning aniq mezonlari sanitariya qoidalari va normalari asosida belgilanadi.

Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organi sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi belgilandi.

Shovqinning zararli ta’siri oqibatida yetkazilgan zarar uchun sud tartibida kompensatsiya undirilishi mumkin. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

O‘zbekistonda turar joy uylari va aholi yashash hududlarida ruxsat etilgan shovqin darajalari qonun hujjatlarida belgilangan. Amaldagi sanitariya me’yorlariga ko‘ra:

kunduzi (07:00 dan 23:00 gacha) — shovqin darajasi 55 dBA dan oshmasligi lozim;

kechasi (23:00 dan 07:00 gacha) — shovqin darajasi 45 dBA dan oshmasligi kerak.

Mazkur me’yorlar “Sanitariya qoidalari va me’yorlari” (SanQvaM 0008-20) hujjatida tasdiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu qonun 2025-yil ikkinchi yarmida Oliy Majlis palatalarida ko‘rib chiqilgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.