O‘zbekistonda ilk bor bemorga bir vaqtning o‘zida jigar va buyrak ko‘chirib o‘tkazildi

O‘zbekistonda ilk bor bir bemorga jigar va buyrak bir vaqtning o‘zida ko‘chirib o‘tkazildi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturi xabar berdi.
Milliy tibbiyot markazida amalga oshirilgan ushbu murakkab operatsiya jigar sirrozi va surunkali buyrak yetishmovchiligining terminal bosqichidan aziyat chekkan, to‘rt yil davomida gemodializ olgan bemorda bajarildi.
Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yashovchi ayol sakkiz yildan beri jigar kasalligi bilan kurashib kelgan. Keyinchalik uning buyraklari ham faoliyatini yo‘qotgan va u to‘rt yil davomida muntazam gemodializ olishga majbur bo‘lgan.
Bemorning gepatit C bilan kasallangani natijasida jigar sirrozi ham rivojlangan. Unga avval operatsiyani xorijda, jumladan, Hindistonda o‘tkazish tavsiya qilingan, biroq donor va davolanish xarajatlari uchun mablag‘ topish imkoni bo‘lmagan.
Shifokorlarning ta’kidlashicha, bunday holatda faqat jigar yoki faqat buyrakni ko‘chirib o‘tkazish yetarli natija bermasligi mumkin. Shu sababli ikkala organni bir vaqtning o‘zida transplantatsiya qilish bemorning hayotini saqlab qolish imkonini beradigan yagona yechim sifatida ko‘rilgan.
Milliy tibbiyot markazida bemorga yuqori texnologiyali operatsiya o‘tkazilib, ham jigar, ham buyrak ko‘chirib o‘tkazildi. Mutaxassislar bunday murakkab amaliyotlar odatda transplantologiya rivojlangan davlatlarda bajarilishini ta’kidlagan.
Shifokorlar mazkur amaliyot O‘zbekiston tibbiyotida og‘ir jigar va buyrak yetishmovchiligi bilan yashayotgan bemorlarga yuqori texnologiyali transplantatsiya yordamidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishini qayd etgan.

