O‘zbekistonda eski avtomobil shinalaridan yo‘l qurilishida foydalaniladi
Rezina bilan modifikatsiyalangan bitum (RMB) ishlab chiqarish texnologiyasini joriy etishda Vengriya kompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatiladi

O‘zbekistonda eski avtomobil shinalaridan yo‘l qurilishida foydalaniladi
Vengriyaning «MOL Group» kompaniyasi va O‘zbekistonning «SHB ROAD INVEST» kompaniyasi mamlakatimizda yo‘l qurilishi uchun rezina bilan modifikatsiyalangan bitum (RMB) ishlab chiqarish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Bu haqdagi muzokaralar Budapesht shahrida O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan uchrashuvda o‘tkazildi. Ko‘rib chiqilayotgan loyihaning qiymati 35 million dollarga baholanmoqda.
Mazkur texnologiya eski avtomobil shinalarini qayta ishlash orqali olinadigan rezina uvoqlaridan yo‘l bitumiga qo‘shimcha sifatida foydalanishni nazarda tutadi. Bu esa yo‘l qurilishi materiallarini ishlab chiqarishda ikkilamchi xomashyodan foydalanish imkonini beradi.
Muzokaralar yakunida «SHB ROAD INVEST» kompaniyasi loyiha bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan hamkor sifatida jalb etildi. Tomonlar texnologiyani mamlakatimizda joriy etish imkoniyatlarini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzoladi.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida zamonaviy yo‘l qurilishi materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish, eski avtomobil shinalarini qayta ishlash hajmini oshirish hamda O‘zbekiston va Vengriya korxonalari o‘rtasidagi texnologik hamkorlikni kengaytirish ko‘zda tutilgan.

