O‘zbekistonda dollar kursi 2023-yil avgustidan buyon eng past darajaga tushdi
O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi 11 778,52 so‘mgacha pasaydi. Bu 2023-yil avgust oyidagi devalvatsiyadan buyon eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Avgust oyida so‘m dollarga nisbatan qariyb 1,9 foizga mustahkamlandi. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev buni dollarning jahon miqyosida zaiflashayotgani bilan izohladi.

O‘zbekistonda dollar kursi 2023-yil avgustidan beri eng past darajaga tushdi. 26-avgust holatiga ko‘ra, AQSh valyutasining rasmiy kursi 11 778,52 so‘m etib belgilandi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning avgust oyida so‘mning keskin qadrsizlanishidan keyingi eng past qiymat hisoblanadi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, seshanba kungi savdolar yakunida dollar 39,55 so‘mga arzonlagan. Yangi kurs so‘nggi bir oy ichida dollar uchun qayd etilgan to‘rtinchi eng past ko‘rsatkichdir.
Tijorat banklarida dollar asosan 11 840−11 875 so‘mdan sotilmoqda. Eng arzon sotuv kursi 11 820 so‘m bo‘lib, uni Asia Alliance Bank, Apex Bank va Xalq banki taklif qilmoqda. AQSh valyutasini xarid qilish kursi taxminan 11 725 so‘mdan boshlanadi. Ziraat Bank esa dollarni eng yuqori kursda – 11 810 so‘mdan sotib olmoqda.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, avgust oyida so‘mning mustahkamlanishi sezilarli darajada tezlashgan. Yil boshidan iyul oxiriga qadar milliy valyutaning dollarga nisbatan kursi deyarli o‘zgarmagan, ya’ni so‘m atigi 0,01 foizga qadrsizlangan edi. Biroq, avgust oyining o‘zida so‘m qariyb 1,9 foizga mustahkamlangan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘mning mustahkamlanishi dollar qator jahon valyutalariga nisbatan zaiflashayotgani umumiy tendensiyasi fonida yuz bermoqda. Iqtisodchi shunday dedi: “Oy boshidan buyon tanlab olingan 39 ta valyutaning 28 tasi dollarga nisbatan mustahkamlandi, faqat 5 tasi zaiflashdi”.
Xolboyev keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu davrda eng sezilarli darajada Janubiy Koreya voni mustahkamlangan – qariyb 4 foizga. Qozog‘iston tengesi esa taxminan 3,5 foizga qimmatlashgan. “Umuman olganda, avgust oyida so‘mning mustahkamlanishi global tendensiyalarga mos kelmoqda”, – deb yozdi Mirkomil Xolboyev.
Shu bilan birga, u milliy valyuta kursiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ayrim ichki omillar bo‘yicha hozircha to‘liq ma’lumotlar mavjud emasligini ta’kidladi. Jumladan, gap avgust oyidagi eksport, jahon bozorida oltin narxi oshishi fonida oltin eksporti, investitsiyalar oqimi, pul o‘tkazmalari va tashqi qarz olish haqida bormoqda. “Bu omillar, tabiiyki, katta rol o‘ynashi ham mumkin. Bu haqda keyinroq bilib olamiz”, – deydi iqtisodchi.
Olti oy davomida jismoniy shaxslar banklarga 12,3 mlrd dollarlik valyuta sotgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35 foizga ko‘pdir. Aholining valyuta xaridi hajmi esa 26 foizga oshib, 6,8 mlrd dollarga yetgan. Shu tariqa, aholi yarim yilda banklarga sotgan xorijiy valyutasi xarid qilganidan qariyb 5,5 mlrd dollarga ko‘p bo‘lgan. O‘tgan yilda bu farq 3,7 mlrd dollarni tashkil etgan.
Aholi xorijiy valyutaning yirik sof sotuvchisi bo‘lib qolmoqda. Aholining valyuta sof taklifining valyuta ayirboshlash operatsiyalari umumiy aylanmasidagi ulushi 2025-yilning birinchi yarmidagi 26 foizdan 2026-yil yanvar-iyun oylarida 29 foizga oshgan.
Avvalroq XVJ O‘zbekistondagi valyuta kursi rejimining amaldagi tasnifini “sudraluvchi” rejimdan “suzuvchi” rejimga o‘zgartirgan edi.

