O‘zbekistonda dissertatsiya himoyalarining yangi tartibi: 2027-yildan nimalar o‘zgaradi?
O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvardan ilmiy darajalar berishning yangi tartibi joriy etiladi. Shu sababli Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) amaldagi tartib bo‘yicha dissertatsiya himoyalarini o‘tkazishning so‘nggi muddatlarini belgiladi.

O‘zbekistonda dissertatsiya himoyalarining yangi tartibi: 2027-yildan nimalar o‘zgaradi?
O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvardan ilmiy darajalar berishning yangi tartibi joriy etiladi. Shu munosabat bilan Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) amaldagi tartib bo‘yicha dissertatsiya himoyalarini o‘tkazish uchun so‘nggi muddatlarni belgiladi. Bu xabar ilmiy tadqiqot olib borayotgan ko‘plab izlanuvchilarda savollar uyg‘otdi: endi dissertatsiya himoyalari to‘xtatiladimi, ilmiy ishini yakunlashga ulgurmaganlar nima qiladi, yangi tartibda qanday talablar bo‘ladi?
OAKning tushuntirishicha, dissertatsiya himoyalari to‘xtatilmaydi. Faqat 2027-yil boshidan ularni tashkil etish va ilmiy darajalar berish tartibi o‘zgaradi. Ya’ni hozirgi jarayon eski tizimdan yangi tizimga o‘tish uchun tayyorgarlik bosqichi hisoblanadi.
Bu o‘zgarishlar prezidentning 2026-yil 26-maydagi PF-98-son farmonida belgilangan. Unga ko‘ra, ilmiy darajalar berish tizimi takomillashtirilib, 2027-yil 1-yanvardan yangi tartib kuchga kiradi.
OAK ma’lumotiga ko‘ra, dissertatsiyani himoyaga tayyorlash bir necha bosqichdan iborat. Avval ilmiy ish ilmiy seminarda muhokama qilinadi, aniqlangan kamchiliklar tuzatiladi, shundan keyin dissertatsiya himoyaga qabul qilinadi. Himoya haqida e’lon berilib, ochiq himoya o‘tkaziladi. Bu jarayonlarning barchasi bir necha oy vaqt oladi.
Yangi tizimga o‘tish vaqti yaqinlashgani sababli amaldagi tartib bo‘yicha barcha bosqichlarni yakunlash uchun quyidagi muddatlar belgilangan:
13-noyabr — dissertatsiya himoyasi haqidagi e’lon ma’lumotlarini OAKka yuborishning oxirgi kuni;
30-noyabr — OAK saytida himoya haqida e’lon berishning oxirgi kuni;
31-dekabr — amaldagi tartib bo‘yicha dissertatsiya himoyalarini o‘tkazishning so‘nggi kuni.
Ushbu muddatlar OAK Rayosatining 2026-yil 29-oktyabrdagi 391/2-sonli qarori bilan belgilangan.
Bu muddatlarga ulgurmagan tadqiqotchilar ilmiy faoliyatini to‘xtatmaydi. Hozir dissertatsiya yozayotganlar tadqiqotini davom ettirishi, ilmiy rahbari bilan ishlashi va maqolalarini chop ettirishi mumkin. Dissertatsiyasi tayyor bo‘lsa-da, dekabr oyida himoyaga ulgurmaydigan izlanuvchilar esa yangi tartib kuchga kirganidan keyin ilmiy ishini himoyaga taqdim etishi mumkin.
Yangi tizimdagi eng katta o‘zgarishlardan biri — ilmiy darajalar beruvchi kengashlarning mustaqilligi oshirilishidir.
Hozirgi tartibda dissertatsiya himoyasidan keyin ilmiy daraja berish jarayonida OAKning ham alohida tasdiqlash bosqichlari mavjud. Yangi tizimda esa ilmiy kengashlar dissertatsiyani baholash, himoyani tashkil etish va ilmiy daraja berish bo‘yicha qarorlarni mustaqil qabul qiladi.
Bunda amaldagi ilmiy kengashlar butunlay tugatilmaydi. Yangi kengashlarni mavjud kengashlar tarkibi asosida shakllantirish rejalashtirilgan. Ularning vakolatlari kengaytirilib, qaror qabul qilishdagi mustaqilligi oshiriladi.
OAK ham faoliyatini o‘zgartiradi. Komissiya endi har bir himoya qilingan dissertatsiyani alohida tasdiqlash o‘rniga, ilmiy kengashlar ma’qullagan ishlarning bir qismini tanlab tekshiradi. Boshqacha aytganda, ilmiy daraja berish bo‘yicha asosiy qarorni ilmiy kengash qabul qiladi, OAK esa tizimdagi umumiy sifat nazoratini olib boradi.
Shuningdek, OAK ilmiy darajalar bo‘yicha davlat reestrini yuritadi, ilmiy kengashlar faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularning qarorlarini belgilangan tartibda tanlab tekshiradi.
Bu o‘zgarishlardan maqsad — dissertatsiya himoyasidagi ortiqcha qog‘ozbozlik va ma’muriy bosqichlarni kamaytirish, qaror qabul qilishni tezlashtirish. Biroq bu ilmiy ishlarga qo‘yiladigan talablar pasayadi degani emas. Dissertatsiyaning ilmiy saviyasi va sifatiga bo‘lgan talablar saqlanib qoladi.
Tadqiqotchilarni qiziqtirayotgan yana bir masala — xalqaro ilmiy jurnallarda maqola chop etish talabi.
OAK tushuntirishicha, prezidentning 2026-yil 26-maydagi PF-98-son farmonida barcha izlanuvchilar uchun Scopus yoki Web of Science bazalarida indekslanuvchi Q1–Q2 darajadagi jurnallarda maqola chop etish majburiyligi belgilanmagan.
Ilmiy maqolalarga qo‘yiladigan talablar boshqa tegishli normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi. Agar bu talablarga o‘zgartirish kiritilsa, yangi tartib va uning qachondan kuchga kirishi haqida alohida ma’lumot beriladi.
Yana bir muhim jihat: amaldagi talablar asosida dissertatsiya yozayotgan tadqiqotchilar yangi tizim joriy etilgani uchun ilmiy ishlarini boshidan qayta yozishlari shart emas. Avval boshlangan tadqiqotlarga yangi talablar qanday tatbiq etilishi maxsus o‘tish qoidalari asosida belgilanadi.
Avval ilmiy seminardan o‘tgan dissertatsiyalar, olingan taqrizlar va ilmiy kengashlar qabul qilgan qarorlar ham yangi tizimda qanday hisobga olinishi hozircha to‘liq aniqlashtirilmagan. OAK bu masala yuzasidan qo‘shimcha tushuntirish berishini bildirgan.
Yangi ilmiy kengashlarni shakllantirish, dissertatsiyalarni himoyaga taqdim etish va ilmiy darajalar berish tartibiga oid yangiliklar OAKning rasmiy axborot kanallarida e’lon qilinadi.
Tadqiqotchilar ma’lumotlarni OAK rasmiy sayti, Telegram kanali va Facebook sahifasi orqali kuzatib borishlari mumkin.

