O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatga olish 15-oktyabrdan 30-noyabrgacha o‘tkaziladi

O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatga olish 15-oktyabrdan 30-noyabrgacha o‘tkaziladi
O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatga olish 2026-yil 15-oktyabrdan 30-noyabrgacha amalga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Prezidentning 10-sentyabrdagi farmoni bilan “Statistikani rivojlantirish — 2030” milliy strategiyasi tasdiqlandi hamda ro‘yxatga olish ma‘lumotlaridan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Farmonga muvofiq, biznesni ro‘yxatga olish O‘zbekiston hududida 2026-yil 1-oktyabr holatiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, 2027-yil yakuniga qadar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalaridan foydalangan holda Milliy statistika qo‘mitasida aholining statistik registri shakllantiriladi. Uning asosida aholi sonini hisoblash va e‘lon qilib borish amaliyoti joriy etiladi.
Davlat organlarining aholiga oid ma‘lumotlar bazalari o‘zaro muvofiqlashtirilib, ma‘lumotlarni doimiy yangilab borish uchun aholining statistik registriga integratsiya qilinadi.
Registr “Kiberxavfsizlik markazi” tomonidan kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazilib, tegishli xulosa olinganidan keyin amaliyotga joriy etiladi. Axborot tizimi xavfsizligi doimiy ravishda monitoring qilib boriladi.
Aholining statistik registridan alohida ruxsat berilgan xodimlar faqat statistik maqsadlarda jamlanma statistik ma‘lumotlarni shakllantirish uchun foydalanishi mumkin.
Registrdagi individual ma‘lumotlardan davlat organlari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning foydalanishi taqiqlanadi.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligining statistik registri shakllantirilib, undagi ma‘lumotlar doimiy yangilab boriladi.
Farmon bilan 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “Statistikani rivojlantirish — 2030” milliy strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari ham belgilandi.
Ular orasida rasmiy statistika tayyorlovchilari faoliyatini yagona yondashuv asosida muvofiqlashtirish, statistika uslubiyatlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, raqamli transformatsiya, hisobot yukini kamaytirish va ma‘lumotlar infratuzilmasini modernizatsiya qilish bor.
2027-yil 1-yanvardan statistika organlari tomonidan har chorakda o‘tkaziladigan tanlanma kuzatuvlar uchun mikrofirma va kichik korxonalar yiliga faqat bir marta tanlab olinishi mumkin.

