Mahalliy

O‘zbekistonda ayrim talabalarning 1 yil ijarada yashash xarajatlari vaucher orqali qoplanadi

O‘zbekistonda ayrim talabalarning 1 yil ijarada yashash xarajatlari vaucher orqali qoplanadi

O‘zbekistonda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarining bog‘cha puli, o‘quv markazi to‘lovi, yo‘lkirasi hamda oliygohda o‘qiyotgan farzandlarining yotoqxona va ijara uy xarajatlari 2027-yil 1-yanvardan boshlab vaucher orqali qoplab beriladi.

Prezidentning 11-sentyabrda imzolangan PF-193 sonli farmonida belgilanishicha, vaucherlar mahalla yettiligi tomonidan tasdiqlanadigan individual reja yoki bolaning qonuniy vakili tomonidan murojaat asosida shakllantiriladi.

Vaucher asosida davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi bola ta’minoti uchun belgilangan to‘lovlarni qoplash imkoni yaratiladi. Vaucherning amal qilish muddati 12 oy etib belgilanadi va oila Ijtimoiy reyestrdan chiqarilganda ham oilaga vaucher amal qiladigan muddat davomida undan foydalanish huquqi beriladi.

Vaucher orqali maktabgacha ta’lim tashkilotiga u joylashgan hududda bola ta’minoti uchun belgilangan to‘lovga teng miqdorda mablag‘ ajratiladi. Bola ta’minoti uchun belgilangan to‘lovlar davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan maktabgacha ta’lim xizmatini ko‘rsatgan tashkilotga qoplab beriladi.

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlaridagi farzandlarining qo‘shimcha ta’limga jalb qilinishi hamda ularning yo‘lkira (borish-kelish) xarajatlari qoplanadi. Bunga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ul etib belgilandi.

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talaba farzandlarining davlat OTMlaridagi talabalar turar joylaridan foydalanish, davlat-xususiy sherikchilik asosida tashkil etilgan talabalar turar joylaridagi yashash va ijara asosida xususiy uy-joylarda yashovchi talabalarning ijara xarajatlari qoplanadi.

Bunda ham vaucherning amal qilish muddati 12 oy etib belgilanadi. Oila Ijtimoiy reyestrdan chiqarilganda ham oilaga vaucher amal qiladigan muddat davomida undan foydalanish huquqi beriladi. Talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlari talaba nomiga ochilgan ijtimoiy kartaga davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Buning uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ul etib belgilandi.

Kelasi yildan Ijtimoiy reyestrga kirgan oila farzandlarining davlat va xususiy bog‘cha badali, o‘quv markazi to‘lovi, yo‘lkirasi hamda oliygohdagi yotoqxona xarajati vaucher orqali qoplab berilishi haqida 3-sentyabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilingandi. Davlat rahbari yig‘ilishda ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan yangi yondashuvlarni belgilab bergandi.

Farmon bilan “Saxovat va ko‘mak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari saqlab qolinadigan bo‘ldi. Ularning mablag‘ni tasarruf etish hamda ular hisobidan ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish vakolatlari shtablarga o‘tkaziladi.

2027-yil 1-yanvardan aholining ijtimoiy yordam va xizmatlarga muhtojligini aniqlash hamda Ijtimoiy reyestrga kiritish ko‘p o‘lchovli baholash tizimi orqali amalga oshiriladi. Bunda oilaning moliyaviy holati bilan birga, oila a’zolaridagi surunkali kasalliklar, nogironlik, tashqi mehnat migratsiyasi va oilaning ko‘p bolali ekanligi kabi mezonlar ham hisobga olinadi.

Shu sanadan boshlab mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xotin-qizlarga homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugagan kundan boshlab farzandi 1 yoshga to‘lgunga qadar nafaqa to‘lash tartibi joriy etiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.