Ishlaydigan onalarga endi farzandi bir yoshga to‘lguncha nafaqa to‘lanadi

Ishlayotgan onalarga endi farzandi bir yoshga to‘lguniga qadar nafaqa beriladi
O‘zbekistonda yil oxirigacha ehtiyojmand aholini ijtimoiy reyestrga kiritish tartibi qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda aholi daromadi bilan birga surunkali kasallik, nogironlik, ko‘p bolalilik va oila a’zosining xorijda ishlayotgani kabi omillarni ham qamrab oladigan ko‘p o‘lchovli baholash tizimiga o‘tiladi.
Ma’lum qilinishicha, respublikada kambag‘allik darajasi 3,9 foizga tushgan bo‘lsa-da, 3 yoshgacha farzandi bor oilalarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 6,5 foizni tashkil etmoqda. Davlat rahbari yig‘ilishda ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan yangi yondashuvlarni belgilab berdi.
“Bola parvarishlayotgan ota-onalarni uyida yoki mahallada ishli va daromadli qiladigan tizimni yo‘lga qo‘yamiz”, dedi prezident.
Ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga to‘lguniga qadar Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan nafaqa to‘lanadi.
Mehnatga layoqatsiz ehtiyojmand oilalarga “passiv daromad” keltiradigan ijtimoiy paket uchun joriy yil 300 milliard so‘m ajratilgan. Bunday yordam olgan 11 ming oilaning yarmida daromad sezilarli oshgani qayd etildi. Bir haftada ushbu tizimni davom ettirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
“Kelasi yildan reyestrga kirgan oila farzandlarining davlat va xususiy bog‘cha badali, o‘quv markazi to‘lovi, yo‘lkirasi hamda oliygohdagi yotoqxona xarajati vaucher orqali qoplab beriladi”, dedi davlat rahbari.
Vaucher 12 oy muddatga beriladi va ehtiyojmand oila Ijtimoiy reyestrdan chiqarilganidan keyin ham amal qiladi.

