O‘zbekistonda ayrim ayollarga davolanish uchun 22 mln so‘mgacha yordam beriladi
Yordamdan foydalanish uchun yashash joyidagi mahallaning xotin-qizlar faoliga ariza bilan murojaat qilish lozim

O‘zbekistonda ayrim ayollarning davolanishi uchun 22 mln so‘mgacha yordam ajratiladi
O‘zbekistonda «Ayollar daftari» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xotin-qizlarning jarrohlik amaliyotisiz davolanish xarajatlari uchun BHMning 50 baravarigacha, ya’ni 22 million so‘mgacha mablag‘ beriladi.
Shuningdek, tibbiy ko‘rikdan o‘tish xarajatlari uchun ham BHMning 10 baravarigacha — 4 million 400 ming so‘mgacha moliyaviy yordam ko‘rsatish belgilandi.
Avval jarrohlik amaliyotlari xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi shartnomasida belgilangan bazaviy narxlar doirasida qoplangan bo‘lsa, yangi tartibga ko‘ra, bemor qaysi tibbiyot muassasasida davolanishidan qat’i nazar, u taqdim etgan shartnomada ko‘rsatilgan summa to‘liq qoplab beriladi.
Bundan tashqari, tuman va shahar shtablariga hudud uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida boshqa ehtiyojmand oilalarga ham tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha qaror qabul qilish huquqi berildi. Bu imkoniyat daromadi bo‘yicha belgilangan toifaga kirmaydigan, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»da bo‘lmagan, biroq kambag‘allikka tushib qolish xavfi mavjud oilalarga ham taalluqli.
Mazkur yordamdan foydalanish uchun yashash joyidagi mahallaning xotin-qizlar faoliga ariza bilan murojaat qilish lozim.

