Zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarga endi davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi

Zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarga endi davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi
O‘zbekistonda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam berilishi belgilandi.
Prezident imzolagan qonunga ko‘ra, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilgani sababli surishtiruv, dastlabki tergov organlariga yoki sudga murojaat qilgan jabrlanuvchilar davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘ldi.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlariga quyidagi ishlar bo‘yicha davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi:
alimentlarni undirish haqidagi;
bolalarning taʼminoti uchun qilinadigan qo‘shimcha xarajatlarni undirish to‘g‘risidagi;
uyga kiritish, turar joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish va ko‘chirish haqidagi;
otalikni belgilash yoki otalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi;
bolaning yashash joyini belgilash haqidagi;
bola bilan ko‘rishish tartibini belgilash to‘g‘risidagi;
nikohdan ajratish haqidagi;
mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risidagi;
mol-mulkni boshqa shaxsning qonunga xilof egaligidan talab qilib olish haqidagi;
mol-mulkka yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi;
ishga tiklash haqidagi;
ish haqini undirish to‘g‘risidagi.
Qonun bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hududiy markazlariga joylashtirilgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari tegishincha nikoh tuzilgani to‘g‘risida va tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnomalar berganlik uchun davlat boji to‘lashdan ozod qilinishi ham belgilandi.
O‘zbekistonda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi maxsus markazga 6 oygacha muddatga joylashtirilishi mumkin. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchini maxsus markazga joylashtirish hamda undan chiqarish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Ushbu qonun mart oyida “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida” prezident farmoni imzolangandi. Unda zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar telefoniga 2026-yil 1-apreldan boshlab SOS ilovasini o‘rnatish yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.

