O‘zbekistonda 7 yil ichida IMEI kodlar uchun jami 3 trln so‘mdan ko‘proq to‘lov qilindi. Pullar qayerga ketmoqda?
UzIMEI operatorining Gazeta’ga ma’lum qilishicha, so‘nggi 7 yilda mobil qurilmalarning 97,8 milliondan ko‘proq kodi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Buning uchun 253 mln dollar, ya’ni 3 trln so‘mdan ko‘proq to‘lov qilingan. IMEI uchun majburiy to‘lovning huquqiy statusi bormi? Tushumlar qayerga sarflanyapti? Rasmiylar izohi.

O‘zbekistonda so‘nggi yetti yil ichida IMEI kodlari uchun jami 3 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ to‘langan. Bu pullar qayerga yo‘naltirilayotgani haqida savollar tug‘ilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yildagi 778-sonli qaroriga asosan, mobil qurilmalarning IMEI kodlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi va to‘lov miqdorlari belgilangan. Unga ko‘ra, import qiluvchilar bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 20 foizi, jismoniy shaxslar esa 20 foizdan 25 foizgacha to‘lovni amalga oshirishi shart. Aks holda, telefon 30 kalendar kun ichida bloklanishi mumkin.
UzIMEI tizimi operatori – Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi bo‘lim boshlig‘i Otabek Azimovning Gazeta muxbiriga ma’lum qilishicha, bu to‘lovlar soliq maqomiga ega emas, balki markaz tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun olinadigan haq hisoblanadi. Azimov 24-avgust kuni Silk Road Finance & Technology forumi doirasida ushbu va boshqa masalalar yuzasidan qisqa intervyu berdi.
“Bu bizga nima beradi? Hozir mobil qurilmalarning 95 foizini importyorlar, qolgan 5 foizini esa jismoniy shaxslar o‘z ehtiyojlari uchun olib kirishmoqda. Bu rasmiy do‘konlar, xizmat markazlari ochilishiga zamin yaratadi. Ya’ni, xorijiy mobil qurilmalar ishlab chiqaruvchilari O‘zbekistonda faqat rasman olib kirilgan telefonlar ishlatilishini, noqonuniylariga yo‘l yo‘qligini ko‘rib, bizga ishonch orttirgan holda ish faoliyatini olib borishi mumkinligini ko‘rsatadi”, – dedi Azimov.
UzIMEI tizimi joriy qilinganiga qariyb yetti yil bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shu vaqt mobaynida Samsung va Xiaomi’ning rasmiy do‘konlari O‘zbekistonda faoliyat boshlagan. Apple kompaniyasining do‘konlari esa hali ochilmagan.
“Distribyutorlari bor, lekin hali rasmiy do‘konlari ochilmagan. Ular bilan muhokamalar bir yildan oshdi. Chunki Apple’ning ham o‘ziga yarasha maxfiylik siyosati bor. Shu narsalarni kelishib olganimizdan keyin, rasmiy do‘koni bizda ham ochiladi”, – deya ta’kidladi Otabek Azimov.
Gazeta’ga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yildan buyon 97,8 milliondan ortiq IMEI kodi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Yangi tizim joriy qilingan dastlabki yilda 47,6 million (48,7 foiz) IMEI kodi avtomatik tarzda hech qanday to‘lovsiz ro‘yxatga olingan. Qolganlari esa quyidagi bo‘linishlarga ega:
Ro‘yxatdan o‘tgan qurilmalar orasida eng ko‘p ulush Samsung (35,5 mln), Xiaomi (18,1 mln), Nokia (7,7 mln), Apple (5,8 mln), Huawei (2,4 mln) va boshqalarga (28,4 mln) to‘g‘ri keladi.
Qurilma turlari bo‘yicha esa smartfonlar (72,5 mln), tugmali telefonlar (20,3 mln), portativ qurilmalar (238 ming), planshetlar (1,4 mln) va boshqalar (3,03 ming) tashkil etadi.
Ro‘yxatdan o‘tmagan, biroq o‘tkazish jarayonida bo‘lgan qurilmalar soni 366 326 tani, bloklanganlari soni esa 20,1 million tani tashkil etadi. Bu muddat ichida IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 3 trillion so‘mdan ortiq to‘lov qilingan. Yillar kesimida bu raqam quyidagicha:
* 2019-yil: 100,4 milliard so‘m
* 2020-yil: 260,8 milliard so‘m
* 2021-yil: 480,6 milliard so‘m
* 2022-yil: 800,2 milliard so‘m
* 2023-yil: 1,03 trillion so‘m
* 2024-yil (iyul holatiga): 330,2 milliard so‘m
Undirilayotgan to‘lovlar davlat budjeti, shuningdek, ishchilarning maoshi hamda sohani texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi aytildi.
“Kalkulyatsiya qilinganda tushgan pullar tizimning ishlab turishi, server qurilmalarining faoliyatini yuritish, yangilash, respublika aloqa sohasini rivojlantirish, shu jumladan chekka hududlarda aloqa sifatini yaxshilash va ishchilarning oyligiga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan”, – dedi Otabek Azimov.
UzIMEI sabab qonuniy olib kirilayotgan telefonlar ulushi 93 foizga yetkazilgan. Gazeta muxbirining bu raqam 100 foizga yetkazilgandan keyin istiqbolda UzIMEI to‘lovini bekor qilish rejasi bor yoki yo‘qligiga oid savoliga mutasaddilar quyidagicha javob berishdi:
“To‘lovsiz tizim qilganidan keyin, u tizimni qo‘llab-quvvatlab turish kerak. Bu esa oxir-oqibat budjetni “yeyish”ga olib boradi. Bizda shundoq ham 95 foiz to‘lov importyorlar zimmasiga tushmoqda. Masalan, bir importyor mobil qurilma olib kirdi, ro‘yxatdan o‘tkazdi, uni keyin sotib olgan odam IMEI uchun pul to‘lamaydi. Lekin “qora bozor”da IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazdik, bemalol ishlatavering degan aldovchi holatlar ham bor. Shuning uchun har bir telefonning IMEI kodi qutisida yozilgan, shu kodni sayt orqali ro‘yxatdan o‘tganmi-o‘tmaganmi tekshirib olsa bo‘ladi”, – dedi markaz matbuot xizmati boshlig‘i Axmadjon Orifjonov.
“Hozir importyor qanday qiladi? U mobil qurilmalarni olib kiradi, bojxona omboriga tushiradi, arizani UzIMEI’ga beradi. UzIMEI uchun to‘lovni qilmaguncha, telefonlarini olib kirolmaydi. Bu arzonroqqa ham tushadi. 17 foiz to‘laydi, ya’ni 12 foiz QQS va 5 foiz bojxona xizmati uchun. Shu sabab importyorlarning olib kirishi qulayroq. Bunda birdaniga 2 ta IMEI kodni ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin”, – dedi Otabek Azimov.
O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan va boj to‘lamasdan tovarlarni olib kirish yoki olib chiqish uchun aniq qiymat va miqdor limitlari belgilangan. Bu limitlar transport turi va harakat yo‘nalishiga qarab farq qiladi.
O‘tgan yili 1-maydan boshlab hukumat qarori bilan bu limitlar pasaytirilgandi. Amalda havo transporti orqali olib kirish 1 000 dollargacha, temir yo‘l va daryo transportida 500 dollargacha, avtomobil va piyoda o‘tish punktlarida esa 300 dollargacha deb belgilangan.
Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi vakillariga ko‘ra, mobil qurilmalarning noqonuniy kirishining oldini olishdagi deklaratsiyaga qo‘shimcha ravishda IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Face ID tizimi joriy etilgan.
“Oldin UzIMEI tizimi boshlanganda, xorijga chiqib kelgan odamning pasportiga registratsiya qilish mumkin edi. Mana shu jarayonda pasport ma’lumotlari “qora bozor”da sotila boshladi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shaxsga doir ma’lumotlar 1 dollardan 5 dollargacha sotilgan vaqtlari bo‘lgan. Ya’ni xorijga chiqib, kirgan pasport ma’lumotlari berib yuborilgan. U ma’lumotlarni olganlar esa UzIMEI saytiga ma’lumotlarni kiritib, ro‘yxatdan o‘tkazishgan.
Keyin biz bularning oldini olish uchun tizimga Face ID va pasportga olingan telefon raqamlarini qo‘shdik. Deklaratsiya qaysi pasportga rasmiylashtirilgan bo‘lsa, faqat shu orqali qilish mumkin. Ya’ni deylik, men chet eldan keldim, xorijga chiqish pasportimga deklaratsiyani to‘ldiryapman, shunda ID kartam bilan registratsiya qila olmayman. Chunki deklaratsiyada xorijga chiqish pasporti turibdi. Bunda Face ID orqali o‘zim ro‘yxatga olaman", – dedi Azimov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, deklaratsiyalash talabi joriy etilgan vaqtda Face ID tizimi hali amalda bo‘lmagan. Keyinchalik ushbu tizim qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazishda shaxsni qo‘shimcha identifikatsiya qilish vositasi sifatida joriy etilgan.
Bo‘lim boshlig‘i IMEI kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bir nechta idoralar vakolatiga taalluqli ekanini, shu sababli deklaratsiyalash bilan bog‘liq talablarni qayta ko‘rib chiqish ham tegishli idoralar bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi mumkinligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi 7 yilda bojxona rasmiylashtiruvi orqali mobil qurilmalarni rasmiy olib kirishdan undirilgan bojxona to‘lovlari 5 trillion so‘mdan oshgan:
* 2019-yil: 200 milliard so‘m
* 2020-yil: 300 milliard so‘m
* 2021-yil: 600 milliard so‘m
* 2022-yil: 1,2 trillion so‘m
* 2023-yil: 2,1 trillion so‘m
* 2024-yil (iyul holatiga): 600 milliard so‘m
Eslatib o‘tamiz, bundan 4 yil avval Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov UzIMEI pulli bo‘lishi kerakligi va huquqiy jihatdan soliq maqomida ekanini qayd etgandi.
“Soliq to‘lashingiz kerak-ku. Hech narsa tekinga bo‘lmaydi-ku. Soliq to‘lagandan keyin ish bo‘ladi-da”, – degandi u.
O‘tgan yili iqtisodchi Behzod Hoshimov deputatlar UzIMEI’ni olib tashlash orqali o‘zbekistonliklarni milliardlab dollarga boyitishi mumkinligini ta’kidlab chiqqan. U IMEI sabab iste’molchilar ham puli bilan, ham vaqti bilan to‘lov qilayotganini aytgandi.
Ma’lumot uchun, IMEI kodlaridan foydalangan holda mobil qurilmalarni majburiy ro‘yxatga olish tizimini amalda “Information Technology Center” MCHJ yuritadi. Milliy statistika qo‘mitasidagi ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu kompaniyaning 51 foiz ulushi hanuz Amerikaning “Delta Telecom International” kompaniyasiga, qolgan 49 foizi Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish markaziga tegishli.
2024-yilda prezidentning tegishli qarori bilan davlat egalik qilayotgan 49 foiz ulush sotuvga qo‘yilib, korxona to‘liq xususiylashtirilishi e’lon qilingandi.

