O‘zbekistonda telefon raqami orqali pul o‘tkazish mumkin bo‘ladi

O‘zbekistonda endilikda mobil telefon raqami orqali pul o‘tkazish imkoniyati yaratiladi. Markaziy bank boshqaruvining 24-avgust kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan qaroriga ko‘ra, jismoniy shaxslar o‘rtasida mobil telefon raqami orqali pul o‘tkazmalarini amalga oshirish tartibi belgilandi. Ushbu hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Yangi tartibga muvofiq, fuqarolar pul yuborishda oluvchining bank hisobvarag‘i yoki karta rekvizitlarini kiritishga majbur bo‘lmaydi. Buning uchun oluvchining mobil telefon raqami uning bank hisobvarag‘iga bog‘langan bo‘lishi kerak. Pul o‘tkazmasi Markaziy bankning Tezkor to‘lovlar tizimi orqali amalga oshiriladi.
**Telefon raqamini hisobvaraqqa bog‘lash tartibi**
Foydalanuvchining bank mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqami tegishli bank hisobvarag‘iga bog‘lanadi. Bir bank doirasida bitta mobil telefon raqamini faqat bitta bank hisobvarag‘iga biriktirishga ruxsat beriladi.
Bog‘lash jarayoni yakunlangach, maxsus “bog‘lash kodi” shakllantiriladi va u bank mobil ilovasida foydalanuvchiga ko‘rsatiladi. Fuqaro telefon raqamini hisobvarag‘iga bog‘lashni istalgan vaqtda mobil ilova orqali yoki bankka bevosita murojaat qilib bekor qilishi mumkin.
Agar foydalanuvchi bank mobil ilovasida yangi telefon raqamini ro‘yxatdan o‘tkazsa, avvalgi raqam avtomatik ravishda yangi raqamga almashtiriladi.
**Pul o‘tkazish jarayoni**
Pul yuboruvchi bank mobil ilovasidagi tegishli maydonga oluvchining telefon raqami yoki “bog‘lash kodi”ni kiritadi. Shundan so‘ng Tezkor to‘lovlar tizimi oluvchining hisobvarag‘i haqidagi ma’lumotlarni aniqlaydi.
O‘tkazmani tasdiqlashdan oldin foydalanuvchiga oluvchining F.I.O., banki va vositachilik haqi haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Shundan keyingina to‘lovchi o‘tkazma amalga oshiriladigan bankni tanlab, operatsiyani tasdiqlaydi.
Mobil ilova orqali amalga oshiriladigan bunday o‘tkazmalar 24/7 rejimida va real vaqtning o‘zida bajariladi. Bankka bevosita murojaat qilib amalga oshiriladigan o‘tkazmalar esa bankning ish kunlari va ish vaqtida bajariladi.
**Xavfsizlik talablari**
Qoidalarda telefon raqami asosidagi o‘tkazmalarni amalga oshirishda axborot xavfsizligi, kiberxavfsizlik va firibgarlikning oldini olish bo‘yicha amaldagi talablarga rioya etish majburiyligi belgilangan.
O‘tkazma muvaffaqiyatli amalga oshirilgach, to‘lovchiga operatsiyani tasdiqlovchi hujjat taqdim etiladi. Unda o‘tkazma sanasi va vaqti, to‘lov tizimidagi raqam, banklar nomi, to‘lovchi va oluvchining ma’lumotlari, o‘tkazma hamda vositachilik haqi summasi kabi ma’lumotlar aks ettiriladi.
Shu tariqa, yangi tizim ishga tushgach, fuqarolarga boshqa shaxsga pul yuborish uchun uning bank rekvizitlarini izlab, kiritish o‘rniga telefon raqamidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda mart oyida banklar o‘rtasida Account-to-Account (A-A) xizmati ishga tushirilgan edi. Ushbu xizmat jismoniy shaxslarga bir bank hisobvarag‘idan boshqa bank hisobvarag‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazish imkonini beradi.

