O‘zbekiston va yana to‘rt davlatda yagona QR-to‘lov tizimi joriy etilishi mumkin
Bu haqda Qozog‘iston Milliy banki ma’lum qildi.

O‘zbekiston va yana to‘rt davlatda yagona QR-to‘lov tizimi joriy etilishi mumkin
O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjon milliy QR-to‘lov tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Milliy banki ma’lum qildi.
22–23 oktyabr kunlari Tojikistonda besh davlat markaziy banklari vakillarining to‘lov tizimlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan to‘rtinchi mintaqaviy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida milliy to‘lov platformalari, tezkor pul o‘tkazmalari, QR-kod standartlari, naqd pulsiz hisob-kitoblar va masofaviy identifikatsiya tizimlarini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qozog‘iston tomoni raqamli tenge, biometrik identifikatsiya, ochiq banking va telefon raqami orqali pul o‘tkazish imkonini beruvchi banklararo to‘lov tizimi bo‘yicha o‘z tajribasini taqdim etdi.
Muzokaralar yakunida ishtirokchilar milliy QR-to‘lov tizimlarini integratsiya qilish bo‘yicha Qozog‘iston takliflarini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, 2026-yil oxiriga qadar ushbu tizimlarni o‘zaro bog‘lash mexanizmini aniq ishlab chiqishga kelishib olindi.
Tashabbus amalga oshirilsa, besh davlat fuqarolari o‘zaro safarlar chog‘ida o‘z bankining odatiy mobil ilovasi orqali QR-kodni skanerlab, tovar va xizmatlar uchun to‘lov qilishlari mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, mamlakatlar o‘rtasida real vaqt rejimida pul yuborish va qabul qilish imkoniyatini yaratish ham ko‘zda tutilmoqda.
Uchrashuvda raqamli aktivlarni tartibga solish, to‘lov infratuzilmasini kiberhujumlardan himoya qilish, moliyaviy firibgarlikka qarshi kurashish va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish masalalari ham muhokama qilindi.
Hozircha tizim ishga tushirilmagan. Uni integratsiya qilish mexanizmi 2026-yil oxiriga qadar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

