O‘zbekiston prezidenti BMT Bosh kotibi bilan uchrashdi
Antoniu Guterrish davlatimiz rahbari va O‘zbekiston xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik,

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkekda bo‘lib o‘tayotgan ShHT sammiti doirasida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi.
Uchrashuv avvalida BMT Bosh kotibi O‘zbekiston rahbari va xalqini mamlakat mustaqilligining 35 yilligi bilan tabriklab, tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tiladi.
Muzokaralar chog‘ida BMT va uning tuzilmalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Prezident Mirziyoyev Antoniu Guterrishning O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasini yuqori baholadi va Bosh kotibning tashkilot tizimini isloh qilishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Tomonlar faol muloqot, o‘zaro tashriflar va O‘zbekistonning BMTning saylanadigan organlari faoliyatidagi ishtiroki kengayib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 15 ta rezolyutsiyasi qabul qilingani ta’kidlandi.
Antoniu Guterrish O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishdagi katta yutuqlarini olqishladi va bu boradagi hamkorlikni yanada faol davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi.
Suhbat davomida xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi, shuningdek, kelgusi qo‘shma tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.

