“O‘zbekiston mustaqilligi Buyuk Britaniya uchun muhim”. Elchi Timoti Smart — islohotlar, hamkorlik va mintaqa xavfsizligi haqida
O‘zbekistondagi missiyasini yakunlayotgan Buyuk Britaniya elchisi Timoti Smart o‘z faoliyati sarhisobi va o‘zaro munosabatlar rivoji haqida so‘z yuritdi. U Gazeta bilan suhbatda O‘zbekiston mustaqilligi London uchun nega muhim ekani, Buyuk Britaniyaning MO mamlakatlari bilan hamkorlik istiqbollariga to‘xtaldi.

“O‘zbekiston mustaqilligi Buyuk Britaniya uchun muhim”. Elchi Timoti Smart — islohotlar, hamkorlik va mintaqa xavfsizligi haqida
Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Timoti Smart Toshkentdagi missiyasini yakunlamoqda. U 2023-yildan 2026-yilgacha qirol zoti oliylarining elchisi sifatida faoliyat yuritdi. Ketish arafasida, ushbu lavozimdagi so‘nggi intervyusida u Gazetaʼga savdo, investitsiyalar, ta’lim va xavfsizlik sohalarida qanday o‘zgarishlar bo‘lgani, O‘zbekistonning mustaqilligi va hududiy yaxlitligi Buyuk Britaniya uchun nega muhimligi hamda Markaziy Osiyo bilan hamkorlik istiqbollari haqida gapirib berdi.
— Men O‘zbekistonga kelganimdan so‘ng, asosiy e’tiborni O‘zbekiston va o‘z mamlakatim o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratdim: savdo va investitsiyalar, shuningdek, xavfsizlik sohasi va odamlar o‘rtasidagi munosabatlarda qanday yuksalishga erishish mumkin? Bularning barchasi avvalgi elchilar — Tim Torlou, Kris Allan va ulardan oldin bu yerda ishlaganlarning barchasi — yaratib ketgan poydevorga tayangan edi. Sizning ulkan tarixingiz va madaniyatingizni inobatga olgan holda, munosabatlarimizdagi va umuman mintaqadagi haqiqiy imkoniyatlar hamda tub o‘zgarishlar 2016-yildan keyin yuz berganini angladik.
Men 2023-yilda lavozimga kelganimda, o‘sha paytga kelib COVID-19 pandemiyasidan endigina chiqib kelayotgan edik, Qobuldagi hukumat qulashi ham, Rossiyaning Ukrainaga bosqini ham sodir bo‘lib ulgurgan edi. Ya’ni, geosiyosiy vaziyat allaqachon yanada murakkablashgan edi.
Toshkentga kelishimdan bir oy oldin, Buyuk Britaniyaning o‘sha vaqtdagi tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverli bilan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tgan uchrashuvida qatnashdim. Ularning ilk bor yuzma-yuz ko‘rishganini eslayman, bu juda ajoyib lahza edi — ular bir-birlarini mahkam quchoqlab salomlashishdi. O‘shanda chinakam samimiyat va iliq kutib olishni darhol his qildim.
Sizning islohotlar dasturingiz haqiqatan ham hayratlanarli va biz ko‘magimiz chinakam foyda bera oladigan sohalarda siz bilan hamkorlik qilishga tayyormiz.
Mamlakatingiz, jumladan, chegarangizdan janubda joylashgan Afg‘onistondagi vaziyatni hisobga olsak, murakkab mintaqada joylashganini tushunamiz. Shuningdek, siz o‘z mamlakatingizning geosiyosiy holatini bizdan yaxshiroq anglaysiz, buni tan olamiz. To‘g‘ri, biz sizni Ukrainadagi urushni to‘xtatishda yordam berish uchun bor imkoniyatingizni ishga solishga undaymiz, lekin bu siz uchun naqadar nozik masala ekanini ham tushunamiz. Shunday ekan, avvalo, sizdan eshitmoqchimiz: biz qanday yordam bera olamiz? Islohotlar dasturingizni, hududiy yaxlitligingiz va mustaqilligingizni qanday qo‘llab-quvvatlay olamiz?
Va men eshitganmanki, o‘zbekistonlik hamkasblari bilan uchrashgan har bir britaniyalik vazir, har bir tashqi ishlar vaziri va boshqalar uchrashuvni aynan shu so‘zlar bilan boshlaydi: “Biz bu yerga hamkor va do‘st sifatida keldik, qanday yordam bera olamiz?” Sizga yordam berish bizning umumiy manfaatlarimizga mos keladi. Butun missiyam davomida shu narsa menga yo‘lchi yulduz bo‘ldi.
— Diplomatiyani ba’zan KPI yoki indekslar bilan o‘lchash qiyin. Ko‘pincha ishimizning asosiy natijasi oldi olingan urushlar va saqlab qolingan hayotlar bo‘ladi. Lekin O‘zbekiston misolida buni o‘lchash mumkin.
Men bu yerga kelganimda o‘zaro savdo aylanmasi 275 mln funtni tashkil etardi. So‘nggi ko‘rsatkich, 2026-yil iyul oyi yakuniga ko‘ra, 1,3 mlrd funtga, 2025-yil davomidagi hajm esa 2,1 mlrd funtga yetdi. Buning asosiy qismi Buyuk Britaniya tomonidan oltin xaridi hissasiga to‘g‘ri keladi. Shunga qaramay, tovar aylanmasi hajmi bir necha barobar oshdi.
Fikr yetakchilari, vazirlar va Prezident administratsiyasi vakillari bilan suhbatlarda men bir xil asosiy fikrni qayta-qayta eshitaman: O‘zbekistonda har yili millionga yaqin bola tug‘iladi, dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakat esa savdoni kengaytirish va investitsiyalarni jalb etishga ayniqsa muhtoj. Bugun O‘zbekiston zamonaviy, isloh qilingan bozor iqtisodiyotiga o‘tmoqda. Bunday transformatsiya vaqt talab etadi. Shu bilan birga, mamlakat barcha yo‘nalishlarda: shimol, janub, sharq va g‘arbga savdo aloqalarini rivojlantirishga intilmoqda. Bu maqsadga erishish uchun unga ishonchli hamkorlar kerak. O‘zbekistonga Xitoydan, Ko‘rfaz mamlakatlaridan investitsiya oqimi kirib kelmoqda, an’anaviy hamkorlar ham bu yerga sarmoya kiritmoqda.
Men o‘zimga shunday savollarni beraman: islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun nima zarur? Barqarorlikni nima ta’minlaydi? Investitsiyalarni nima jalb qiladi? Britaniya o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun nima taklif qila oladi? Shubhasiz, bu Londondagi kapital bozorlaridan foydalanish imkoniyatidir. London fond birjasi, qarz va aksiyadorlik kapitali, xususiy moliyalashtirish, islomiy moliyalashtirish — bularning barchasi biz yordam bera oladigan sohalardir. Buni menga ko‘p aytishadi. Va biz yordam beryapmiz. Jumladan, shu yilning may oyida O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) aktivlarining joylashtirilishida ko‘maklashdik. Hukumat yaqin bir necha yil ichida boshqa davlat aktivlarini ham joylashtirishni rejalashtirmoqda. Biz bu tarixning bir qismi sifatida siz bilan birga bo‘lishni istaymiz.
— Devid Kemeron o‘sha paytdagi tashqi ishlar vaziri sifatida O‘zbekistonga kelganida juda aniq va haq gapni aytgan edi: sizning demokratiyangizga atigi 8 yil, bugunga kelib esa 10 yil bo‘ldi. Bizda ayollarning ovoz berish huquqiga ega bo‘lishi uchun 300 yildan ortiq vaqt ketgan. Siz esa qancha yo‘l bosib o‘tganingizga bir qarang.
Men imkonim darajasida qo‘llab-quvvatlagan yo‘nalishlardan biri shuki, mening bu yerga kelishimdan biroz avvalroq yoki deyarli o‘sha paytlarda prezident Dubay va Ostonadagi mavjud namunalar asosida, biroq aynan O‘zbekistonga moslashtirilgan xalqaro tijorat sudini tashkil etish niyatini e’lon qilgan edi. Chunki bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi.
Yaqinda bunday sudning tashkil etilishi e’lon qilindi va aftidan, bu haqiqatan ham mustaqil sud bo‘ladi. Bu arbitrajni faqat Londonda, Nyu-Yorkda, Fors ko‘rfazi mamlakatlarida yoki Ostonada o‘tkazish shart emasligini anglatadi — biznes endi bu yerga ham kirib keladi. Bu esa mening vorislarimga asosiy vazifalardan biri — O‘zbekistonga investitsiyalarni jalb etish vazifasini amalga oshirishda yordam beradi.
Men bu yerga kelganimda, O‘zbekiston haqida biladigan Britaniya kompaniyalari juda oz edi, bugun esa ancha ko‘p. Ular sizning JSTga a’zo bo‘lish arafasida turganingizni eshitganda, islohotlar dasturi haqida bilib olganda yoki YAIMning 7 foizdan ortiq o‘sayotganini ko‘rganda, shunday savol ham berishadi:
“Men uchun notanish bo‘lgan bu bozorda qanday kafolatlar bor?”
Mustaqil tijorat sudi aynan shu savolga javob bo‘lib, investorlarni jalb etadi va ular o‘zlari uchun yangi bozorda o‘zlarini ancha ishonchli his qiladi.
Albatta, rivojlanish sekinroq kechayotgan sohalar ham bor, biroq buning sabablari tushunarli va dunyoning ko‘plab mamlakatlari bu jarayonni tezlashtira olishiga ishonchim komil emas. Siz gender zo‘ravonligiga oid qonunchilikda salmoqli yutuqlarga erishdingiz. Biroq davlat tomonidan qilinayotgan barcha sa’y-harakatlardan tashqari, jamiyatda ulkan madaniy o‘zgarish ham yuz berishi kerak.
Madaniyatlarimizda ayol bo‘lish qanday ekanini tushunish — bugungi kunda dunyodagi juda kam erkaklar bosh qotiradigan masala. Hayotimizda va jamiyatimizda ayollar erkaklar tomonidan ko‘proq qo‘llab-quvvatlash va tushunishga muhtoj. Mamlakatlarimizda ayollar iqtisodiy o‘sishning faol ishtirokchilari — tadbirkor ayollar, elchilar bo‘la olmas ekan, biz ishchi kuchining 50 foizini yo‘qotamiz. Barqaror iqtisodiy o‘sish uchun barchamiz ayollarning to‘liq jalb etilishiga erishishimiz lozim.
Madaniy jihatdan O‘zbekistonning islom an’analarini ochiqlik, zamonaviylik va o‘zining ko‘p qatlamli tarixiy merosiga hurmat bilan uyg‘unlashtirgani meni ayniqsa hayratga soldi.
Bunga Toshkentdagi yangi Islom sivilizatsiyasi markazi yaqqol misol bo‘la oladi. U yerda mamlakat tarixining zardushtiylik, buddaviylik va Baqtriya podsholigi kabi barcha qatlamlari haqida so‘z yuritiladi va ayni vaqtda bizni birlashtiruvchi qadriyatlar: bilimga intilish, ilm-fanga muhabbat va bashariyat birligi alohida ta’kidlanadi. Bu g‘oyalar, ayniqsa, Mirzo Ulug‘bek, Ibn Sino va al-Xorazmiy merosida yorqin mujassamlashgan.
O‘ylaymanki, bu butun mintaqa uchun chinakam ilhomlantiruvchi andozadir. Janubingizda sodir bo‘layotgan voqealar fonida siz ochiq, inklyuziv va zamonaviy islom jamiyatini namoyon etmoqdasiz. Shu ma’noda O‘zbekiston mintaqa uchun haqiqiy yo‘lchi yulduzga aylanishi mumkin va men buni yuksak qadrlayman.
— O‘shandan buyon aloqalarimiz muntazamlashdi; vazirlar tashriflari davom etmoqda. Men ketganimdan keyin ham ikki-uchta vazirning tashrifi rejalashtirilgan. Prezident administratsiyasi rahbari Buyuk Britaniyada ikki marotaba bo‘ldi. Prezident va Buyuk Britaniyaning avvalgi bosh vaziri Doha hamda Bokuda uchrashdilar. Fevral oyida Londonda “Markaziy Osiyo + Buyuk Britaniya” formatidagi Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ayrim uchrashuvlarning kechikishi tashqi ishlar vazirlarimizning doimiy o‘zgarib turgani bilan bog‘liq edi.
Har safar yangi tashqi ishlar vaziri yoki yangi bosh vazir ish boshlaganida, biz ularga O‘zbekiston va Markaziy Osiyo naqadar muhim ekanini tushuntirishga harakat qilamiz.
Devid Kemerongacha Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari bu yerga 1990-yillarning oxiridagi Malkolm Rifkind davridan beri kelmagandi. Hozir esa vazirlarimiz muntazam uchrashib turibdi. Vazir Saidov Jeyms Kleverli, Devid Lemmi, Ivett Kuper bilan uchrashdi va ishonchim komilki, yaqin orada janob Milibend bilan ham uchrashadi. Bilishimcha, ular allaqachon o‘zaro yozishmalar olib bormoqda. Vazirlar har ikki tomonga ham safar qilmoqda: vazir Qudratov o‘tgan yili Londonda Iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha harakatlar rejasini hamda muhim minerallar bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Toshkentga savdo elchisi lord Olderdays tashrif buyurdi, uning prezident bilan ajoyib uchrashuvi bo‘lib o‘tdi va u bu yerda bir hafta qoldi. Toshkent xalqaro investitsiya forumiga investitsiyalar bo‘yicha vazir lord Jeyson Stokvud keldi. Uning tashrifi yetarlicha ramziy ma’noga ega edi.
2024-yilning may oyida men uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashdim va turli mamlakatlardan kelgan juda ko‘p delegatlarni ko‘rdim. Men shunday o‘yladim: dunyo O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bilan uchrashish uchun aynan shu yerga kelyapti, biz yaxshiroq ishlashimiz kerak, bizga ancha sezilarliroq Britaniya ishtiroki zarur.
O‘zbekistondagi savdo bo‘yicha direktorimiz Lori Murxed, so‘ngra uning vorisi Nikolas bilan birgalikda 2025-yilda Britaniya biznesining 60 ga yaqin vakilini jalb qilgan edik. Bu yilgi delegatsiyaga esa Lord Stokvud boshchilik qildi. Standard Chartered Bank bosh direktori, London fond birjasi va UK Export Finance rahbarlari hamda 250 nafar britaniyalik ishtirokchi tashrif buyurdi. Ya’ni, Britaniyaning O‘zbekistonga yagona taklifi bor edi: davlat, biznes, moliya.
Foto: prezident matbuot xizmati.
Investitsiya forumining o‘zida bir nechta sessiya o‘tkazdik, prezident, Prezident administratsiyasi rahbari va bosh vazir o‘rinbosarlari — Qo‘chqorov, Xo‘jayev va boshqalar bilan ajoyib uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Avvalgidan ancha ko‘p bitimlar imzolandi, birgalikda ishlash istagi ham ortdi. Biz prezident bilan kuzda bosh vazir o‘rinbosari Xo‘jayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi keyingi bosqichga o‘tish hamda yangi loyihalar va yo‘l xaritalarini kelishib olish — birgalikda yana nimalar qila olishimizni anglash uchun — Buyuk Britaniyaga tashrif buyurishi haqida kelishib oldik.
— Men uchun bu masalada hech qanday chegara yo‘q. 2015-yildagi O‘zbekistonga oid xalqaro kun tartibiga nazar tashlasak, o‘shanda inson huquqlari masalalariga katta e’tibor qaratilgan edi — nazarimda, haqli ravishda — va aksilterror amaliyotlari bo‘yicha kelishuvlarni imzolashning iloji yo‘q edi. Endi esa biz bir-birimiz bilan ishlayapmiz, bir-birimizni taniymiz. Siz biz haqimizda yoki biz siz haqingizda xavotirlanishimiz mumkin bo‘lgan barcha masalalarni o‘tirib gaplashib oldik va o‘zaro ishonchni yo‘lga qo‘ydik.
Biz, xususan, Bosh prokuratura bilan hamkorlik qilyapmiz, jumladan, malaka oshirish borasida. Ikki tomon xavfsizlik xizmatlari ancha yaqinroq ishlayapti. Milliy gvardiya va Mudofaa vazirligi bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Ilgari esa, tushunishimcha, bizga faqat ingliz tilidan dars berishga ruxsat etilgan, xolos. Endi esa: nima bilan shug‘ullanmoqchisiz? Dronlar haqida gaplashishni xohlaysizmi? Tog‘dagi jang taktikasi haqida gaplashishni istaysizmi? Endi biz bu va boshqa masalalar ustida birgalikda ishlay olamiz. O‘zbekiston Buyuk Britaniyadagi Cambrian Patrol mashg‘ulotlarida ajoyib natijalarni qayd etmoqda, harbiylaringiz u yerga ishtirok etish uchun boradi; ular zo‘r atletlar va haqiqiy professionallar. Biroq bugungi kunda munosabatlarimiz ushbu mashg‘ulotlardan ancha kengroq.
Bizning hamkorlikdagi faoliyatimizda mutlaqo muammo yo‘q. Biz o‘z tizimimiz haqida qo‘limizdan kelgan barcha ma’lumotni sizga taqdim etdik, siz ham o‘z tizimingiz bo‘yicha qo‘lingizdan kelganicha ma’lumot berdingiz va oramizda ulkan ishonch mavjud. Bu munosabatlar haqiqatan ham juda mustahkam. Men bot-bot takrorlayman, istalgan odam noutbukimni bemalol tekshirishi mumkin — u yerda sizning mustaqilligingiz va hududiy yaxlitligingizga daxl qiladigan hech narsa yo‘q. Xo‘sh, nega Britaniya elchisi O‘zbekistonning hududiy yaxlitligi va mustaqilligi haqida bunchalik qayg‘uradi? Bunga sof pragmatik nuqtai nazardan qarash mumkin: bizga yirik davlatlarning o‘z ta’sir doirasini kengaytirib, boshqalarning zaifligidan foydalanishi yoqmaydi.
Chegaralaringiz kelgusi o‘n yilliklar davomida xavfsiz bo‘lishi uchun birgalikda ishlayapmiz. Va sizning xavfsizligingiz — bizning ham xavfsizligimiz.
— Sizning mustaqilligingiz Buyuk Britaniya uchun muhim. Agar biror yirik davlat bu mintaqaning hududiy yaxlitligini hurmat qilmaslikka qaror qilsa, bu masala sizga qanchalik taalluqli bo‘lsa, bizga ham shunchalik taalluqli.
Va biz — xoh BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatidagi maqomimiz orqali, xoh bugun yo‘lga qo‘yayotgan iqtisodiy o‘sish va xavfsizlik sohasidagi hamkorligimiz orqali — siz eng yaxshi holatda bo‘lishingiz, mustaqilligingizni hech kim, hech qachon qayta tortib ololmasligi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Chunki bu qoidalarga asoslangan xalqaro tizim haddan tashqari yemirilayotganini anglatadi, bu esa, pragmatik nuqtai nazardan aytganda, Buyuk Britaniya uchun muhim ahamiyatga ega.
Shaxsan olganda esa, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan deyarli har qanday britaniyalik diplomat yoki tadbirkor sizga: “Sizlar yaxshi do‘stsizlar va biz sizning gullab-yashnashingizni istaymiz”, deydi. Chin dildan.
— Hamkorlikning men shaxsan katta ishtiyoq bilan qaraydigan va tizimim to‘liq qo‘llab-quvvatlaydigan bir jihati — bu yetakchilar darajasidagi o‘zaro hamkorlikka erishishdir. Bunga to‘sqinlik qilgan yagona narsa — Buyuk Britaniyada bosh vazirlar va tashqi ishlar vazirlarining almashinuvi bo‘ldi. So‘nggi besh yil ichida bizda besh nafar bosh vazir almashdi.
Shu bois yetakchilar darajasidagi uchrashuvni o‘tkazishga tayyorlik masalasi haqiqatda bor.
Men aynan shuni ko‘rishni istayman, chunki bu sizning tizimingiz uchun qanchalik muhimligini bilaman. Mening tizimimda ham rahbarlarimizning muntazam muloqotda bo‘lishi ahamiyatli. Shu paytgacha buni ta’minlay olmaganimdan afsusdaman.
Yangi bosh vazirimiz endigina ish boshladi va mening vorisim faoliyatining boshidanoq oliy darajadagi uchrashuvlar nihoyat boshlanishiga juda umid qilaman.
O‘ylaymanki, aynan shu yo‘nalishda harakat qilish kerak. Buni biz ham, siz ham istaymiz, bunda manfaat ko‘ryapmiz va bu amalga oshishi kerak. Devid Kemeron ikki yil avval bu yerga kelganida Buyuk Britaniya bosh vaziri va O‘zbekiston prezidenti muntazam ravishda, jumladan, “Markaziy Osiyo + Buyuk Britaniya” formatida ham, ikki tomonlama ham, sammit darajasida ham uchrashib turishi zarurligiga amin bo‘lgan edi. Faqat bir narsa bor — bizda hokimiyat tez-tez almashib turdi. Lekin, menimcha, barqarorlik bo‘lsa, bu so‘nggi bo‘shliqni ham nihoyat to‘ldiramiz.
— Sizning ko‘p vektorli tashqi siyosatingiz va turli yo‘nalishlarda turlicha hamkorlarga ega ekaningiz bizga juda ma’qul. Biz buni o‘ta pragmatik va oqilona yondashuv deb hisoblaymiz. Sizning keng qamrovli hamkorlik aloqalaringiz borligini bilamiz — buni tushunamiz, qabul qilamiz va qo‘llab-quvvatlaymiz.
Siz — Markaziy Osiyo uchun mustaqillik mayog‘isiz. Ilgari, hozirgi prezident davrigacha mintaqaviy integratsiyaga bunchalik e’tibor qaratmagan paytingizda, Markaziy Osiyo bo‘linib ketgan, natijada esa hamma zaifroq edi. Qozog‘iston ko‘p jihatdan neft va gaz hisobiga o‘zini o‘zi ta’minlay olardi. Ammo Prezident Mirziyoyev davrida Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari bilan aloqalar yo‘lga qo‘yildi, endi bunga Boku ham qo‘shilmoqda. Sizda mintaqaviy o‘ziga xoslik shakllanyapti va u haqiqatan ham qudratli. Bu o‘zaro bog‘liqlik esa o‘sishingizni moliyalashtirishga yordam beradi va sizga bozorlarga chiqish imkonini yaratadi.
Qirg‘iziston orqali Xitoyga o‘tadigan temir yo‘l butun bir ulkan “sharq-g‘arb” ta’minot yo‘nalishini kelgusi avlodlar uchun o‘zgartirib yuboradi. Transkaspiy yo‘nalishi ham xuddi shunday vazifani bajaradi. Qayta tiklanuvchi energetika, elektr energiyasini birgalikda ishlab chiqarish, o‘zaro bog‘liqlik va suv ta’minotiga e’tibor qaratish katta ziddiyat manbai bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatni kuch-qudrat manbaiga aylantirmoqda.
Siz xuddi 1950-yillarning oxiridagi Yevropa hamjamiyati kabi birlashyapsiz. Bundan tug‘ilayotgan iqtisodiy o‘sish esa hayratlanarli. Shu bois, bu jarayonni qo‘llab-quvvatlash — xoh bevosita o‘z dasturlarimiz, xoh BMT va xalqaro moliya institutlari orqali ko‘rsatayotgan yordamimiz vositasida bo‘lsin — juda yoqimli. Bu yerda bo‘lib, buni qo‘llab-quvvatlash ajoyib.
— Boshqa har qanday masalada bo‘lgani kabi, bu savolga ham o‘z qarashlarimdan kelib chiqib javob berishim mumkin, lekin hududning o‘zidan u nimani xohlayotganini so‘rash to‘g‘riroq bo‘ladi. Mintaqa Buyuk Britaniya va biz kabi mamlakatlarning qaysi sohalarda faol ishtirok etishini istaydi?
Britaniya tajribasi nimadan iborat? Biz qaysi sohalarda yordam bera olamiz? Loyihalashtirish borasida juda katta tajribaga egamiz. Agar hududiy bog‘liqlik va Transkaspiy yo‘nalishi haqida gapiradigan bo‘lsak, Britaniya tajribasi yo‘llarni, chegara punktlarini va boshqa barcha narsalarni loyihalashda sizga qanday yordam berishi mumkin? Mintaqa uchun ajoyib moliyaviy taklifimiz bor. Birgina O‘zbekistonning o‘zi uchun 4 mlrd funtlik eksport moliyasi mavjud. Markaziy Osiyoning besh mamlakati va Ozarbayjonga esa o‘nlab milliard dollar ajratilgan. Bu ancha jiddiy sa’y-harakatdir. Bundan tashqari, biz aksariyat xalqaro moliya institutlari kengashlarining a’zosimiz, agar biror narsa to‘g‘ri ishlamayotgan bo‘lsa, biz bilan gaplashishingiz mumkin va biz yordam beramiz. JSTga a’zo bo‘lish borasidagi kelishuvga esa ancha oldin erishganmiz va bu masalada asosiy tarafdormiz.
O‘zbekistonning transport va aviatsiya habiga aylanishga intilishi yaqqol ko‘rinib turibdi. Bu borada Britaniya qanday yordam bera oladi? Bizda aviatsiya sohasida jahon yetakchisi — dunyodagi eng tejamkor va samarali Trent 1000 dvigatelini ishlab chiqqan Rolls Royce kompaniyasi bor. Bu dvigatelning raqobatchisi yo‘q. Kompaniya uni muammolari bo‘lgan birinchi bosqichdan har qanday raqobatchidan ustun turadigan uchinchi bosqichga olib chiqish uchun tadqiqot va ishlanmalarga 2 mlrd funt sterling sarmoya kiritdi. Siz yanada yaxshiroq dvigatelga ega bo‘lasiz, uni arzonroq narxda xarid qilasiz, u uzoqroq xizmat qiladi, foydalanish muddati tugagach, uni ancha qimmatga sotishingiz mumkin. Qolaversa, u o‘z xizmat muddati davomida eng yaqin raqobatchisiga nisbatan o‘n millionlab dollar yoqilg‘i tejash imkonini beradi. Bu biz yordam bera oladigan sohalarning kichik bir misoli, xolos.
Mintaqa boshdan kechiradigan ulkan o‘sishni moliyalashtirish uchun mablag‘ga ega bo‘lishingiz uchun davlat korxonalarining qanday IPOʼlari o‘tkaziladi va biz qanday qilib bu jarayonning bir qismiga aylanishimiz mumkin? Iqlim o‘zgarishlariga moslashish masalalarida qanday yordam bera olamiz? Bu sohada katta tajribaga egamiz. Biz quyosh panellarini yetkazib berishda Xitoy bilan raqobatlashmaymiz, lekin bu tarmoqlarni loyihalashtirishda yordam bera olamiz. Shamol energetikasiga kelsak, bu sohada ancha ilgarilab ketganmiz. Kichik modulli reaktorlar — qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish jarayonida energiya tizimingiz barqarorligini ta’minlaydigan atom energetikasining bu yo‘nalishida biz jahon darajasidamiz. Ya’ni, bu yerda ham, butun mintaqada ham hamkorlik uchun ulkan salohiyat mavjud.
Men uchun eng katta savollardan biri shuki, siz “Markaziy Osiyo beshligi”misiz yoki “Markaziy Osiyo oltiligi”mi? Buni biz hal qilmaymiz. Siz qanday formatni ko‘rsatsangiz, biz o‘sha formatda ishlayveramiz.
14-sentabr kuni Markaziy Osiyo xalqaro instituti aynan shu — Markaziy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi va kelajagi haqida suhbatlashish uchun Britaniyaning RUSI, Chatham House va boshqa tahliliy markazlaridan iborat butun bir guruhni qabul qiladi. Sizga rejalashtirishda yordam berish, g‘oyalar almashish va ularni sinovdan o‘tkazish uchun o‘zimizning ilg‘or mutafakkirlarimiz, eng yaxshi strateglarimizni qanday qilib olib kelishimiz mumkin?
Biz birgalikda bundan ham ko‘p ishlarni qilishimiz mumkin edi, lekin bu jarayonda bizga mintaqaning o‘zi yo‘l ko‘rsatishini istayman. Men aytib o‘tadigan mavzulardan biri — qishloq xo‘jaligi. Bizda regenerativ dehqonchilik — Regenerative Agriculture dasturlari bor. O‘z tomorqangizda yoki boshqa har qanday yer uchastkasida suvni uchdan bir baravar kamroq ishlatishingiz mumkin. Shunda ham o‘sha hosilni olasiz va hech qanday sanoat o‘g‘itlarini qo‘llamaysiz. Ya’ni, oddiy fermer o‘g‘it masalasida neftning jahon narxlariga qaram bo‘lib qolmaydi. Suv sarfi uchdan birga kamayadi, xarajatlar keskin pasayadi, neftning jahon narxiga bog‘liqlik yo‘qoladi — hosil esa o‘zgarmaydi. Tuproqning holati ham yaxshilanadi. Bizda Qirg‘izistondagi tajriba loyihalari misollari bor.
— Menimcha, birgina London fond birjasidagi listingning o‘zi yetarli emas. Lekin bu juda muhim ishora. Biz yuqorida Xalqaro tijorat sudini tilga oldik va men bunday institutlar investorlar ishonchini mustahkamlashga yordam beradi, deb chin dildan ishonaman.
UzNIF listingi hamma nafasini ichiga yutib kutgan lahza bo‘ldi. Uddalay olarmikan yoki yo‘q? Yirik xalqaro investorlar va xedj-fondlar O‘zbekistonga qarab: “Biz bu mamlakat haqida hech narsa bilmaymiz”, deb aytisharmikan? Yoki: “Bu yerda barqarorlik bor, islohotlar ketmoqda, xatarlar hamon mavjud, lekin sarmoya kiritsa bo‘ladi”, deyisharmikan? Menimcha, bozor bunga o‘z javobini berib bo‘ldi.
Shu bilan birga, katta sarmoyalar faqat bitta muvaffaqiyatli joylashtirish tufayli kelib qolmaydi. Biz davlatlararo hamkorlik yo‘nalishida yordam bera olamiz: Strategik islohotlar agentligi bilan ishlashimiz, davlat boshqaruvi islohotlarini qo‘llab-quvvatlashimiz, huquq, tartibga solish, strategik kommunikatsiyalar va boshqa sohalarda Britaniya tajribasini taqdim etishimiz mumkin. Agar to‘g‘ri poydevor qo‘ya olinsa, o‘shanda bozorning o‘zi kirib keladi. Haqiqiy katta pullar esa aynan o‘sha yerda.
Munosabatlarimizning ancha vaqtdan beri “donor-retsipiyent” modeli doirasidan chiqib ketgani men uchun ham muhim. Bu chinakam sheriklik bo‘lishi lozim. Albatta, har bir mamlakat o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqib ish tutadi. Buyuk Britaniya ham bundan mustasno emas. Biroq barqaror munosabatlar faqat har ikki tomon ham yutgan taqdirdagina samara beradi. Agar biz shunchaki ayrim bitimlarni tuzish bilan cheklanib qolmay, strategik sheriklikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lsak, ishonch zarur. Investitsiyaviy qarorlar aynan ishonch zamirida yotadi.
Shu bois UzNIF nafaqat o‘z-o‘zidan ahamiyatli. Umid qilamanki, u kelajakda O‘zbekiston aktivlarini joylashtirish uchun ishonch muhitini shakllantirishga yordam berdi. Navbatdagi joylashtirishlarni aynan qayerda o‘tkazishni O‘zbekistonning o‘zi hal qiladi. Lekin, albatta, siz oladigan daromadni hamda bu holat xalqaro investorlarga O‘zbekiston bozorining yetukligi haqida qanday signal berishini inobatga olsak, London juda yaxshi platforma deb hisoblayman.
London fond birjasi kabi platformaga muayyan darajadagi shaffoflik, korporativ boshqaruv va ESG standartlariga muvofiqlikni namoyon etmay turib chiqib bo‘lmaydi. Aktivlarning bu tarzda joylashtirilishining o‘ziyoq global investitsiya hamjamiyatiga O‘zbekiston biznes uchun ochiq va xalqaro qoidalar bo‘yicha ishlashga tayyor ekanini anglatadi.
Shu sababli, gap faqat fond birjasi haqida emas, deb aytgan bo‘lardim. Gap qonun ustuvorligi, institutlar sifati, islohotlarning bashoratliligi va investorlar ishonchi ustida bormoqda. So‘nggi yillardagi dinamikaga qaraydigan bo‘lsak, nazarimda, O‘zbekiston “chegara bozori” degan tasavvurdan asta-sekin uzoqlashib, jiddiy investitsion yo‘nalish sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda.
— Men ikki yil oldingi gaplarimga qaytaman: biz odamlarning Buyuk Britaniyada yaxshi tajriba orttirishlarini istaymiz. Bu biz uchun foydali — meva yig‘im-terimida yordam kerakligini, korxonalarimizda ko‘mak zarurligini bilamiz. Shu bilan birga, Britaniyaga kelayotgan o‘zbekistonliklar haqiqatan ham ijobiy tajriba orttirishiga hamda qo‘lida mablag‘ bilan vatanga qaytishiga ishonch hosil qilishni xohlaymiz. Toki o‘z mamlakatidagi biznesga investitsiya kiritsin.
Biz ishchilar sonini belgilamaymiz, buni xususiy sektor hal qiladi. Agar bosh vazir o‘rinbosari oldimga kelib, “Bizga Buyuk Britaniyada 20 ming mavsumiy ishchi kerak”, desa, men “Buni ta’minlay olmayman, kompaniyalar bilan o‘zingiz kelishishingiz kerak bo‘ladi”, deb javob berishimga to‘g‘ri kelardi. Lekin biz bu borada ish olib boryapmiz: Xalqaro migratsiya tashkilotini moliyalashtirishga ko‘maklashdik va Migratsiya agentligi bilan hamkorlik qilyapmiz. Maqsadimiz — Buyuk Britaniyaga borayotgan o‘zbekistonliklar haqiqatan ham yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lishsin: madaniy farqlarni anglashsin, topgan pullarini qanday tasarruf etishni tushunishsin va muammolar yuzaga kelganda kimga, qachon murojaat qilishni bilishsin.
Britaniya Ichki ishlar vazirligida viza rejimini buzish holatlari bo‘yicha aniq me’yorlar belgilangan bo‘lib, ulardan oshib ketilsa, dastur to‘xtatilishi mumkin. Men bu yerda ishlayotgan butun davr mobaynida O‘zbekiston doim bu me’yorlarga amal qilib keldi. Bir marta chegaraga yaqinlashdik, lekin masalani ancha tez hal qildik. Bu, shuningdek, Buyuk Britaniyaga borayotgan o‘zbekistonliklar ijobiy tajribaga ega bo‘layotganini, ayni vaqtda O‘zbekistonga qaytib kelib, sarmoya kiritishdan manfaat ko‘rayotganini ham ko‘rsatadi. Bu barcha uchun birdek manfaatli.
Ayni paytda mehnat migrantlaringiz yo‘l olayotgan mamlakatlarni qay darajada diversifikatsiya qilayotganingizni ko‘rib turibmiz. Shu bilan birga, Buyuk Britaniyadan pul o‘tkazmalari hajmi [birinchi yarim yillikda] 62 foizga oshdi — buni ko‘rish juda yoqimli.
Mavsumiy ishchilar bo‘ladimi, talabalar yoki tadbirkorlarmi — odamlar o‘rtasidagi aloqalarning kuchi ana shunda. Bularning barchasi so‘nggi uch yil ichida qanday rivojlanganini ko‘rib turibman. Bu mening xizmatim emas; hamkasblarim bilan bizning vazifamiz kengroq poydevor yaratish va munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashishdan iborat. Biz imkoniyatlarni ilg‘aymiz va ularni bir nuqtaga birlashtiramiz.
— Men uchun bularning barchasi odamlar o‘rtasidagi aloqalarga borib taqaladi.
Elchi sifatida men bu aloqalarni o‘rnatishga yordam beraman, lekin bu borada omadim kelgan. Bu aloqalar men kelishimdan ancha avval, Xalqaro Vestminster universiteti ochilishi bilan shakllana boshlagan. Bugungi kunda O‘zbekistonda Britaniya universitetlari bilan yigirmaga yaqin hamkorlik dasturi mavjud. O‘tgan yili bu yerda Britaniya oliy ta’lim dasturlari bo‘yicha 15 ming kishi tahsil olgan bo‘lsa, undan bir yil avval bu ko‘rsatkich 10 ming kishini tashkil etgandi. Bu yil ularning soni 20 mingdan oshsa, ajablanmayman.
Cambridge University Press nashriyoti millionlab o‘zbekistonliklarni darsliklar bilan ta’minlamoqda. Bu shunchaki ingliz tili yoki Britaniya diplomi degani emas. Bu yerda eng asosiysi — tanqidiy fikrlash va kelajak iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalardir. Ular yoshlarga sun’iy intellekt, moliyaviy xizmatlar, strategik muhim minerallar va boshqa sohalardagi imkoniyatlarni ko‘ra olishga yordam beradi. Mohiyatan, sizlar iqtisodiyotga jiddiy turtki bera oladigan mutaxassislar va tadbirkorlarning yangi avlodini tarbiyalayapsiz. Bu jarayonning bir qismi bo‘lish va uni faol qo‘llab-quvvatlash — chindan ham maroqli.
Agar men bu missiyadan o‘zim bilan biror narsa olib ketadigan bo‘lsam, bu — ta’lim sohasida birgalikda ko‘proq ishlarni amalga oshirganimizdir. Chunki bu nafaqat bugungi yoki ertangi kun uchun, balki farzandlaringiz va nabiralaringiz uchun ham. Bu Buyuk Britaniya uchun ham foydali, zero endi biz bir-birimizni ancha yaxshi tushunamiz.
Bu ro‘yxatga Buyuk Britaniyaga o‘qishga borayotgan talabalarni ham qo‘shsak, bugungi kunda 1500 ga yaqin o‘zbekistonlik Britaniya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqda. Ularning ko‘pchiligi o‘z hisobidan o‘qisa, bir qismi “El-yurt umidi” jamg‘armasi yoki Chevening stipendiyasi sohiblaridir. So‘nggi bir necha yildan buyon jamg‘arma bilan hamkorligimiz rivojlanib bormoqda. O‘tgan yili biz sizning stipendiatlaringiz uchun birinchi raqamli yo‘nalish edik; bu yil ham yana birinchi o‘rindamiz. Yaqinda “El-yurt umidi” dasturi bo‘yicha xorijga yo‘l olgan 210 kishidan 104 nafari Buyuk Britaniyaga boryapti. Biz va Britaniya Kengashi jamg‘armaga Britaniya universitetlari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishda yordam berdik. Bu sizlarga oliygohlar bilan yaxshi shartlar borasida kelishib, Buyuk Britaniyaga yanada ko‘proq stipendiatlarni o‘qishga yuborish imkonini beradi.
Bu yil Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi faoliyatiga 30 yil to‘ladi va uning bosh direktori ushbu sanani nishonlash uchun tashrif buyuradi. Bu bir lahza to‘xtab, o‘zaro munosabatlarimizga yaxlit holda nazar tashlash uchun yaxshi sabab. Qayoqqa qarab ketyapmiz? Umid qilamanki, men o‘z jamoam va Britaniya Kengashi bilan birga uch yil davomida qo‘llab-quvvatlab kelgan mavjud aloqalar bundan keyin faqat mustahkamlanib boradi. Agar gap oliy ma’lumot olayotgan 20 ming o‘zbekistonlik haqida ketayotgan bo‘lsa, keling, bu raqamni har yili oshirib boraylik; agar uni bir-ikki yilda ikki barobarga oshira olsak, ajoyib bo‘lardi. Agar transmilliy ta’limni kengaytirib, bu yerga ko‘proq Britaniya universitetlarini olib kela olsak — juda yaxshi. Agar O‘zbekistonni kengroq mintaqaviy ta’lim markaziga aylantirish uchun ko‘nikma va bilimlarni bera olsak — a’lo.
Oksford habining ochilganini yoki Cambridge University Press’ning bu yerda turli aloqalarga ega ekanini ko‘rish juda ajoyib bo‘ldi. Lekin bu yerda hali yo‘q Britaniya universitetlari ham ko‘p. Yigirmata universitet turli hamkorliklarda ishtirok etmoqda — keling, bu ishni kengaytiramiz. Keling, sizga nima kerakligini ko‘rib chiqamiz. O‘z ta’lim tizimingizda Britaniya tajribasi to‘ldirishi mumkin bo‘lgan qanday bo‘shliqlar bor? Ayni paytda siz ham ko‘plab innovatsion ishlarni amalga oshiryapsiz — demak, bu hamkorlikdan biz nimani o‘rganishimiz mumkin?
Umid qilamanki, kelajakda bu munosabatlar yanada muvozanatlashadi, chunki hozirda bilim va tajribaning salmoqli qismi Buyuk Britaniyadan bu yerga kelmoqda. Men har ikki tomonga akademik almashinuvlar, talabalar oqimi ko‘payishiga, xususan, bu yerga ko‘proq britaniyalik talabalar kelishiga chin dildan umid qilaman. Men ko‘rgan misollardan biri: Oksfordda ilk bor o‘zbek va chig‘atoy tillari o‘qitila boshlandi. Shunday ishlar ko‘payaversin va O‘zbekistonga qiziqish ortib borsin.
— Birinchidan, ta’lim sohasida erishgan yutuqlarimizni ko‘rish menga zavq bag‘ishlaydi: xoh bu ingliz tilini jadal o‘zlashtirish bo‘lsin, xoh biz gaplashib o‘tgan boshqa narsalar. Bu yo‘lda hamkor bo‘lish, ushbu sohani qo‘llab-quvvatlash men uchun sharaf edi.
Ikkinchidan, islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash va ishbilarmonlik muhiti bo‘yicha birgalikda qilgan ishlarimiz. Bizning rivojlanishingizga ko‘maklashayotganimiz muhim, biroq iqtisodiy o‘sishingizni xususiy sektor orqali chinakamiga tezlashtirish mumkin. Shu bois, xoh xalqaro tijorat sudini tashkil etish, xoh JSTga a’zo bo‘lish, xoh Strategik islohotlar agentligidagi Delivery Unitʼni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bo‘lsin, kengroq davlat boshqaruvi dasturlari doirasida sizga yordam berishimiz va bu jarayonda o‘zimiz ham sizdan o‘rganishimiz — haqiqiy g‘alabadir. Uch yil avval bu yerga kelganimdan to bugungi kungacha Britaniya biznesi O‘zbekistondagi imkoniyatlardan ancha yaxshi xabardor bo‘lganiga guvoh bo‘ldim. Umid qilamanki, vorisim bu ko‘rsatkichni bir necha karra oshiradi, chunki hali qilinadigan ishlar ko‘p.
Bu yerga kelganimdan keyingi dastlabki ikki hafta ichida savdo va investitsiyalar vaziri, eksport bo‘yicha vazir — lord Offord tashrif buyurgandi. O‘shanda biz 2030-yilgacha bir milliard dollarlik eksport yoki o‘zaro savdo hajmiga qanday erishishni muhokama qilgan edik. Men esa o‘ylagandim: bu kam. Biz bu marrani allaqachon zabt etdik. Nazarimda, maqsadlar ancha yuqori bo‘lishi kerak. Faoliyatim davomida eksport va o‘zaro savdo hajmi o‘sganidan ham minnatdorman, ham faxrlanaman. Shu bilan birga, bu raqam yanada kattaroq bo‘lishini sabrsizlik bilan kutyapman. Ikki milliard iqtisodiyotlarimiz miqyosi uchun yetarlidek tuyulmaydi. Xo‘sh, bu ko‘rsatkich qancha bo‘lishi kerak? Qaysi raqam to‘g‘ri? Bilmadim, lekin o‘ylaymanki, biz ancha dadil va ulkan maqsadlarni ko‘zlashimiz lozim.
Shaxsiy hayotimda bu haqiqatan ham ajoyib davr bo‘ldi. Oilamiz bilan O‘zbekistonda uch yil yashadik, vaqt ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketdi. Hatto bu kam. Biz bu mamlakatni yaxshi ko‘ramiz. Qizlarim shu yerda maktabga borishdi. Xohlaganimizcha ko‘p sayohat qila olmagan bo‘lsak-da, baribir ko‘p joylarni ko‘rdik. Biz bu yerga albatta qaytamiz, chunki bu mehmondo‘stlik va hamkorlik samimiy va bu bundan keyin ham davom etadi.
Va yana bir gap. O‘zbekiston haqida kam biladigan odamlar bilan suhbatlashganimda, ularning mamlakat taraqqiyoti haqida hech bo‘lmaganda bitta narsani eslab qolishlarini istasam, o‘ta qashshoqlik statistikasini misol qilib keltiraman. 2017-yilda bu ko‘rsatkich aholining 35 foizini tashkil etgan bo‘lsa, hozir to‘rt foizga yaqinlashib qoldi. Bu — Prezident Mirziyoyev davrida 7,5−8 million kishi kambag‘allik chegarasidan chiqqanini bildiradi. Mamlakatingizning rivojlanish sur’atlarini ko‘rish bu yerdagi faoliyatimning eng ijobiy jihati bo‘ldi. Bu hamma narsa mukammal degani emas. Mukammallikning o‘zi bo‘lmaydi; mening mamlakatimda ham hamma narsa risoladagidek emas. Biroq bu mamlakatning har bir fuqarosi hayotini yaxshilash va ancha yaxshi kelajakni ko‘rish istagi yaqqol sezilib turibdi.

