O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi Britaniya OTMlari bilan kelishuvga erishdi
O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi Britaniya OTMlari bilan soliq sohasida mutaxassislar tayyorlash va yangi taʼlim dasturlarini joriy etishga kelishdi.

O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi Buyuk Britaniyaning oliy o‘quv yurtlari bilan soliq tizimi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash va taʼlim dasturlarini takomillashtirish yuzasidan kelishuvlarga erishdi. Ushbu kelishuvlar qo‘mita vakillarining Buyuk Britaniyaga amalga oshirgan ish tashrifining birinchi kunida imzolandi.
London Iqtisodiyot va Siyosat Fanlari Maktabi (LSE) bilan Soliq xizmati oliy maktabi negizida "Yashirin iqtisodiyot" yo‘nalishi bo‘yicha fakultet ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, O‘zbekistondan 20 nafar mutaxassis Buyuk Britaniyada malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi Hull Biznes Maktabi bilan bog‘liq. Britaniya maktabi bilan hamkorlikda yashirin iqtisodiyot va soliq tizimini raqamlashtirish masalalariga bag‘ishlangan maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Soliq qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, ushbu kelishuvlar ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va uni keyinchalik milliy amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan.
Bundan tashqari, hamkorlik soliq sohasi uchun yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashni ham o‘z ichiga oladi.

