Sport

O‘zbekiston klublarining stadionlari nega tez yaroqsiz holatga keladi?

O‘zbekiston klublarining stadionlari nega tez yaroqsiz holatga keladi?

Har yili O‘zbekiston stadionlaridagi maysalarning sifati yomonlashishi futbol muxlislari va mutaxassislari orasida eng ko‘p muhokama qilinadigan mavzulardan biriga aylanadi. O‘zbekiston Professional futbol ligasining (O‘zPFL) “Liga Minbari” podkastida aynan shu muammo, uning sabablari va yechimlari tahlil qilindi.

Dastur boshlovchisi Diyor Imomxo‘jayevning stadionlar holati bo‘yicha bergan savollariga O‘zPFLning Stadionlar bo‘yicha ishchi guruhi a’zosi Uchqun Quvonchov batafsil javob berdi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, stadion maysasini ideal holatda saqlab turish faqatgina suv quyishdan iborat emas. Bu yil davomida olib boriladigan murakkab agrotexnik tadbirlarni talab etadi.

“Avvalambor, maydonlarga qarash — uzluksiz jarayon. O‘z vaqtida beriladigan o‘g‘itlar, qish, kuz yoki yoz mavsumlarida qilinadigan o‘ziga xos ishlar grafikaga qat’iy bog‘langan bo‘lishi kerak. Bularning barchasi bajarilayotgan o‘yinlar soni va ob-havo sharoitiga bevosita daxldordir”, deydi Uchqun Quvonchov.

O‘zbekistondagi stadionlarning 80-90 foizi usti ochiq holatda qurilgan. Bu esa maysalarning yozgi jaziramadan to‘g‘ridan to‘g‘ri zarar ko‘rishiga olib keladi. Qayd etilishicha, joriy yilda havo harorati 50 darajadan ham oshgan vaqti kuzatilgan va bu maysalar uchun jiddiy sinov bo‘lgan. Shunga qaramay, havo harorati qanchalik issiq bo‘lmasin, to‘g‘ri parvarish va yuklamalarni to‘g‘ri taqsimlash orqali maydonni saqlab qolish mumkin.

“Agar sifatli oziqlantirilsa va ayni eng issiq vaqtlarda maydonda futbol o‘yinlari o‘tkazilmasa, maysani saqlab qolsa bo‘ladi. Bunga Qarshining ‘Nasaf’ va Farg‘onaning ‘Neftchi’ klublari stadionlarini misol qilib keltirishimiz mumkin. 50 darajadan oshgan issiqda ham ular maydonni ideal holatda saqlab qola olishdi. Demak, agrotexnik qoidalar to‘g‘ri bajarilsa, iqlim injiqliklarini yengib o‘tish mumkin”, deb tushuntirdi O‘zPFL vakili.

Suhbat davomida mutaxassis O‘zbekiston iqlimi sharoitida stadionlarda asosan qaysi o‘t navlaridan foydalanilishiga oydinlik kiritib o‘tdi. Qayd etilishicha, maydonlar holatini yil davomida birdek saqlab turish uchun mavsumga qarab asosan ikki turdagi maysadan foydalaniladi.

Ulardan birinchisi — bahor, yoz va kuz oylariga mo‘ljallangan “Poa pratensis” (myatlik) navi bo‘lib, u mahalliy iqlimga juda mos keladi hamda 40-45 darajali jaziramaga ham bardosh bera oladi. Qish mavsumida esa “Lolium” (raygras) maysasidan foydalanadi. Ushbu nav +5 dan 20 darajagacha bo‘lgan haroratda ideal o‘sadi, shuningdek, havo harorati nol yoki -1 darajagacha pasaygan vaqtda ham nobud bo‘lmasdan, maydonning yashil holatini barqaror saqlab qolishga xizmat qiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.