Siyosat

O‘zbekiston J-10C qiruvchilarini tanladi. Nega aynan u, Rafale emas?

**O‘zbekiston J-10C qiruvchilarini tanladi: Nega aynan u, Rafale emas?**

O‘zbekiston havo hududini mustaqillik yillaridan buyon Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan va bir necha bor modernizatsiya qilingan MiG-29 qiruvchilari himoya qilib kelmoqda. Uning sherigi Su-27 esa allaqachon media maydonidan g‘oyib bo‘lgan, bu ehtimol samolyotlarning uzoq muddatli saqlashga olinganidan dalolat beradi.

Har qanday texnologiya, jumladan, o‘z davrining eng mashhur qiruvchilaridan bo‘lgan MiG-29 ham vaqtga qarshi tura olmaydi. Bu holat O‘zbekistonni o‘z qiruvchi parkini yangilash masalasida jiddiy o‘ylashga majbur qildi. Nihoyat, mamlakat mustaqillikning 35 yillik bayram tantanalarida o‘z tanlovini e’lon qildi. Yangi qiruvchilar Rossiyadan ham, Fransiyadan ham olib kelinmadi. Ushbu maqolada J-10C qiruvchilari va nega aynan ular kelgusi o‘n yilliklarda Vatanimiz havo sarhadlarini qo‘riqlashi haqida so‘z boradi.

**Xitoy – yangi o‘yinchi**

Bir necha o‘n yillar davomida harbiy aviatsiya bozori asosan uchta davlat – AQSH, Rossiya (Sovet Ittifoqi) va Fransiya qo‘lida edi. Ular nafaqat o‘zlarini qiruvchilar bilan qurollantirar, balki boshqa mamlakatlarning harbiy aviatsiya siyosatiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatardi. Ammo hech qanday status-kvo abadiy saqlanib qolmaydi. Xitoy qisqa vaqt ichida ushbu klubning to‘laqonli a’zosiga aylanib, buni yana bir bor isbotladi.

Pekin endilikda o‘zining beshinchi avlod J-20 va J-35, shuningdek, oltinchi avlodga mansubligi taxmin qilinayotgan J-36 va J-50 qiruvchilari bilan dunyoni hayratga solmoqda. Ammo hozirga qadar tashqi bozorlarga sotilgan va o‘z imkoniyatlarini real jangda namoyish etgan yagona model – J-10C bo‘lib turibdi. U hozir sanab o‘tilgan modellardan ancha arzon, biroq keng spektrdagi vazifalarni bajaradi.

J-10C korpus tuzilishi va o‘lchamlari jihatidan og‘ir qiruvchilar, masalan, F-22 hamda Su-57 kabi qudratli ko‘rinmaydi. Qolaversa, samolyotda J-20 va J-35 kabi stels xususiyati ham yo‘q. Shunga qaramay, zamonaviy radar, ilg‘or elektronika, uzoq masofali “havo-havo” raketalari va nisbatan arzon narx uyg‘unligi uni dunyoning barcha qiruvchilari uchun jiddiy raqibga aylantirdi.

Ayniqsa, Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi 2025-yilgi to‘qnashuv J-10C samolyotlari nimalarga qodirligini ko‘rsatib qo‘ydi. O‘shanda pokistonlik uchuvchilar ushbu qiruvchilardan foydalanib, raqiblarining uchta Dassault Rafale, shuningdek, bittadan Su-30MKI va MiG-29 qiruvchilarini urib tushirgandi. Dehli Islomobodning samolyotlar qulatilgani haqidagi da’volarini rad etgan. Biroq ekspertlar va yirik nashrlar pokistonliklarning versiyasini qo‘llab-quvvatlovchi dalillarni topgan.

Hayratlanarlisi, Sovuq urush yillarida Pekin zamonaviy aviatsiya texnologiyalari bo‘yicha SSSRga qaram edi. Xitoy avvaliga sovet samolyotlarini litsenziya asosida ishlab chiqarib, shu orqali muhandislik maktabini shakllantirdi. Bu tajriba keyinchalik mamlakatga o‘z loyihalari uchun poydevor bo‘lib xizmat qildi. Ammo vaqt o‘tishi bilan Pekin va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashdi. Shundan so‘ng xitoyliklar sohani o‘zi mustaqil rivojlantirishga kirishdi. Jarayonda yuqori sur’atlarda rivojlanayotgan iqtisod katta rol o‘ynadi.

**J-10 dasturi**

1980-yillar o‘rtalarida “Chengdu Aircraft Corporation” oldiga yangi ko‘p maqsadli qiruvchi samolyot ishlab chiqish vazifasi yuklandi. Ammo muhandislar oldiga qo‘yilgan talablarni bajarish oson emasdi. Harbiylarga ko‘ra, samolyot nisbatan yengil, arzon va manyovr imkoniyatlari yuqori bo‘lishi, shu bilan bir vaqtda, havo hamda quruqlik nishonlariga qarshi baravar jang qila olishi kerak edi. O‘sha davrdagi Xitoy sanoati uchun juda jiddiy chaqiriq edi.

J-10C qiruvchisining tarixi haqida gap ketganda, yahudiy davlati bilan bog‘liq bahsli mavzulardan biri tilga olinadi. Gap shundaki, 1980-yillarda Isroil o‘zining Lavi qiruvchisini ishlab chiqishni boshladi. Hatto dastlabki prototip havoga muvaffaqiyatli ko‘tarildi. Biroq Qo‘shma Shtatlar Lavi o‘zining F-16 qiruvchisiga jiddiy raqib bo‘lishidan qo‘rqib, dasturni to‘xtatish uchun bosim o‘tkazdi. Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, shundan so‘ng yahudiy muhandislar chizmalarni xitoylik hamkasblariga topshirgan.

Har ikkala samolyotda ham kanard va delta qanotga asoslangan aerodinamik sxema qo‘llangan. Qolaversa, o‘sha davrlarda Xitoy va Isroil o‘rtasida harbiy-texnik aloqalar mavjud edi. Bularning bari ushbu nazariya tarafdorlarini ko‘paytirdi. Ammo mutaxassislarning boshqa bir guruhi mazkur versiyani rad etadi. Ularga ko‘ra, xitoylik muhandislar J-10Cni loyihalashda mahalliy loyihalar, xususan, J-9 dasturidan foydalangan.

**Eng katta muammo – dvigatel**

Xitoyliklar J-10 dasturining dastlabki bosqichlarida dvigatel muammosiga duch keldi. Mamlakatda zamonaviy turbofan dvigatelni mustaqil ishlab chiqish uchun yetarli salohiyat yo‘q edi. Shu bois yana Moskvaga murojaat qilindi. Yangi qiruvchilar Rossiyaning Saturn AL-31FN dvigatellarida parvoz qila boshladi. Bu holat xitoyliklar uning mahalliy versiyasi – WS-10 ni ishlab chiqquncha davom etdi.

Ta’kidlash joiz, J-10 qiruvchisi maqsad hamda vazifalarga ko‘ra bir necha modellarga ajraladi:

* **J-10A** – oilaning seriyali ishlab chiqarilgan dastlabki varianti.

* **J-10S** – ikki o‘rindiqli versiya. U asosan o‘quv va jangovar tayyorgarlik uchun ishlatiladi.

* **J-10B** – sezilarli darajada takomillashtirilgan variant.

* **J-10C** – eng ommalashgan model.

Xitoy qiruvchisini asosan bir kishi boshqaradi. Samolyot o‘z tezligini 1200 km/soatga yetkazishi, 18 000 m balandlikka ko‘tarilishi mumkin. J-10Cning maksimal uchish og‘irligi 19 tonnani tashkil etadi. Undan 6-7 tonnasi o‘q-dori, qariyb 4 tonnasi esa yonilg‘i hissasiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, qiruvchiga tashqi baklar orqali yana 3 tonna kerosin ortsa bo‘ladi. Jangovar harakat radiusi 1240 kmga baholanadi.

**Qurollanish**

J-10C ko‘p maqsadli qiruvchi sifatida qurol-yarog‘larning yirik arsenalidan foydalanadi. Agar yaqin masofadan jang olib borish yoxud dron kabi pastlab uchuvchi nishonlarni bartaraf etishga to‘g‘ri kelsa, 23 mm kalibrli “Gryazev-Shipunov” GSh-23 to‘pi ishga tushadi. Agar raqib dushman samolyotlari bo‘lsa, PL-8 va PL-10 yaqin masofali boshqariluvchi raketalari ishga solinadi. Ko‘rish chegarasidan tashqaridagi tahdidlar uchun esa PL-12 raketasidan foydalaniladi. U 70-100 km masofadagi tahdidlarni zararsizlantirishga mo‘ljallangan.

Biroq Xitoy qiruvchisining uzoq masofali janglar uchun asosiy raketasi PL-15 hisoblanadi. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, uning parvoz masofasi 200-300 kmni tashkil etadi. Ammo raketaning eksportga mo‘ljallangan PL-15E versiyasida bu ko‘rsatkich 150 kmgacha pasaytirilgan. Bundan tashqari, xitoyliklar o‘z qurolli kuchlari uchun yana bir raketa – PL-17 ni ishlab chiqqan. Raqamlarga ishonilsa, raketa 400-500 km masofadagi nishonlarga zarba berishi mumkin.

Gap quruqlik nishonlariga zarba berish haqida ketsa, qanotli raketalar, lazer orqali yo‘naltiriladigan bombalar, “suzuvchi” bombalar hamda boshqarilmaydigan raketalar qo‘llaniladi. Biroq qiruvchining jangovar imkoniyatlarini faqat shuning o‘zi bilan baholab bo‘lmaydi. Chunki zamonaviy mojarolarda dushmanni kim birinchi aniqlasa va muvaffaqiyatli zarba bersa, keyingi kun quyoshidan aynan o‘sha bahramand bo‘ladi.

**Avionika**

Zamonaviy samolyotlar uchun “ko‘z”, “quloq” va “miya” vazifalarini avionika bajaradi. J-10C qiruvchisining kuchli tomonlaridan biri ham aynan shu hisoblanadi. Samolyot AESA radaridan foydalanadi. U eski avlodning mexanik yoki PESA radarlaridan keskin farq qiladi. Masalan, an’anaviy radar tizimlarida markaziy uzatgich asosiy vazifani bajaradi. Qolaversa, son-sanoqsiz mexanik uskunalar tez ishdan chiqadi. Agar ulardan biri buzilsa, radar keraksiz temir-tersakka aylanadi.

AESA radari esa ko‘plab kichik uzatuvchi-qabul qiluvchi modullardan iborat. Ulardan biri ishdan chiqqan taqdirda ham, vazifani boshqasi davom ettiradi. Qolaversa, bunday radarlar elektron urush choralariga chidamliroq bo‘lib, bir vaqtning o‘zida nishonlarni qidirish, yer topografiyasini olib borish va dushman radarlariga xalaqit berish kabi vazifalarni bajaradi.

Biroq avionika faqat radar bilan cheklanmaydi. Zamonaviy displeylar, elektron urush tizimlari, infraqizil sensorlar va boshqa yordamchi tizimlar ham favqulodda muhim hisoblanadi. J-10C qiruvchisi HUD, ya’ni Head-Up Display o‘rnatilgan kam sonli samolyotlardan hisoblanadi. U samolyot tezligi, balandligi, yo‘nalishi, hujum parametrlari va boshqa ma’lumotlarni uchuvchining ko‘z oldida aks ettiradi. Boshqacha aytganda, uchuvchi jang vaqtida qurol tizimlarini boshqarish uchun qimmatli soniyalarni yo‘qotib, pastga qarashiga to‘g‘ri kelmaydi.

Ammo bu hammasi emas. Uchuvchiga dubulg‘aga o‘rnatilgan yana bir displey tizimi ham ma’lumot berib turadi. Uning nomi HMD bo‘lib, qurol tizimlarini bevosita bosh orqali boshqarishga xizmat qiladi. Bu ayniqsa yaqin masofadagi havo janglarida muhim.

**Xitoy nima uchun eng optimal variant?**

J-10C qiruvchisini jahon bozorida ommalashtirayotgan asosiy faktorlardan biri narx hisoblanadi. U G‘arbning qimmatbaho samolyotlari bajaradigan vazifalarni ancha arzonga uddalashi mumkin. Buni Pokiston keysi tasdiqlaydi. Gap shundaki, Hindiston Fransiyadan Dassault Rafale 4++ qiruvchilarini sotib olgach, Islomobod bunga munosib javob qaytarish uchun variantlar izladi. Oxir-oqibat pokistonliklar Xitoydan J-10CE samolyotlarini (eksportga mo‘ljallangan) xarid qildi.

Ochiq manbalarga ko‘ra, Pokiston 24 ta qiruvchi uchun 1,5 mlrd dollar to‘lagan. Bu har bir samolyot o‘rtacha 60 mln dollardan tushganini anglatadi. Endi taqqoslash uchun: hindlar 2016-yili 36 ta Rafale samolyoti uchun 240-260 million dollardan to‘lagan. Ammo bu 2025-yilgi mojaroda pokistonliklar havo ustunligini qo‘lga kiritishiga to‘sqinlik qilmadi.

Darhaqiqat, ikki mamlakat o‘rtasidagi so‘nggi mojaro J-10C uchun yulduzlik soati bo‘ldi. Ammo bu Xitoy qiruvchisi fransuz raqibidan kuchliroq ekanini anglatmaydi. Boisi zamonaviy havo janglarida samolyotdan tashqari yana boshqa qator omillar ham muhim rol o‘ynaydi. Razvedka ma’lumotlari, yuqori tezlikda axborot almashish, quruqlik tizimlari bilan integratsiya, uzoq masofali raketalar, taktik tayyorgarlik va uchuvchining mahorati ularning eng asosiylaridir.

O‘zbekiston Fransiyaning Dassault Rafale qiruvchi samolyotlarini xarid qilishi mumkinligi haqidagi xabarlar ilk bor 2023-yilda tarqalgan edi. Shundan buyon tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar yoki uning borishi haqida rasmiy ma’lumot berilmadi. Biroq O‘zbekistonning asosiy davlat bayramida Xitoyda ishlab chiqarilgan J-10CE qiruvchi samolyotlarining namoyish etilishi O‘zbekiston harbiy-havo kuchlari uchun o‘z tanlovini allaqachon amalga oshirganini anglatadi.

Ushbu qarorga ta’sir qilgan omillar ko‘p. Xitoy qiruvchilarining Hindiston bilan mojaroda o‘zini yaxshi ko‘rsatgani, nisbatan arzon ekspluatatsiya xarajatlari hamda yuqori ishlab chiqarish sur’atlari shular jumlasidan. Dassault kompaniyasi esa Rafale samolyotlari uchun allaqachon 220 ta buyurtmaga ega. Ulardan 45 tasi Fransiya harbiylariga, 175 tasi eksportga mo‘ljallangan. Ishlab chiqaruvchi yakunlangan 2025-yilda jami 26 ta samolyot yetkazib berganini hisobga olsak, O‘zbekiston uzoq kutib qolishi mumkin edi. Bu o‘z qurolli kuchlarini shiddat bilan modernizatsiya qilayotgan mamlakatga to‘g‘ri kelmasdi.

O‘zbekiston nechta qiruvchi sotib olishi, ular qachon to‘liq yetkazib berilishi va shartnoma qiymati kabilar ma’lum emas. Hozircha mamlakat ushbu samolyotning Xitoy va Pokistondan so‘ng uchinchi operatoriga aylangani, O‘zbekistondan so‘ng Bangladesh ham 24 ta qiruvchi uchun 2,2 mlrd dollarlik shartnoma imzolagani, Indoneziya allaqachon 42 ta samolyotga buyurtma bergani, Serbiya, Jazoir va Venesuela kabilar esa qiziqish bildirayotgani ma’lum.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.