O‘zbekiston banklarida 18 mln dan ortiq firibgarlik operatsiyalarining oldi olindi

O‘zbekiston banklarida 18 mln dan ortiq firibgarlik operatsiyalarining oldi olindi
O‘zbekistonda 2026-yilning birinchi yarmida tijorat banklarida qiymati 461 milliard so‘mdan oshiq 18 milliondan ziyod firibgarlik operatsiyalarining oldi olindi.
Markaziy bank matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, tijorat banklarida mijozlar mablag‘lari va mobil qurilmalarini turli raqamli xatarlardan himoya qilish uchun Session antifrod hamda antivirus tizimlari joriy etilgan. Ushbu tizim bank operatsiyalarini xavf darajasi bo‘yicha tahlil qiladi. Yuqori xavf darajasida baholangan operatsiyalar cheklanadi, bu esa shubhali operatsiyalar orqali mablag‘larning chiqib ketishi xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Quyida zararli dastur aniqlangani sabab cheklangan hamda zararli dasturdan tozalangan qurilmalar soni bo‘yicha top 10 tijorat banki keltirilgan. Unga ko‘ra, bunday usul bilan firibgarlik holatlarining eng ko‘pi “Xalq banki”da qayd etilgan — 2,2 millionta. “Ipak yo‘li banki”da 1,4 milliondan ortiq shunday holatlarning oldi olingan. “Hamkorbank” va “Milliy bank”da esa yarim yilda 100 mingtadan ortiq firibgarlik operatsiyalari qayd etilgan.
Olti oy davomida ushbu tizim yordamida 1,29 millionta qurilmaga kirish cheklangan, 2 millionta qurilma esa zararli dasturlardan tozalangan.
O‘zbekistondagi banklarda Session antifrod hamda antivirus tizimlari prezidentning PQ-381-son qaroriga muvofiq joriy etilgan.
Mazkur himoya mexanizmlari firibgarlik xavfini erta aniqlash, shubhali operatsiyalarni o‘z vaqtida cheklash hamda bank xizmatlaridan foydalanuvchilarning mablag‘lari va qurilmalarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Kredit tashkilotlari o‘z ichki qoidalaridan kelib chiqib, onlayn kredit (mikroqarz) ajratish jarayonida sodir etiladigan frod (axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan firibgarlik yoki o‘g‘rilik) holatlarining oldini olish uchun qo‘shimcha choralar ko‘radi. Nomiga firibgarlar onlayn kredit olgan fuqarolardan u bilan bog‘liq foizlar, neustoyka, jarimalarni hisoblash hamda undirish to‘xtatiladi.

