Oybek Tursunov Perfectum bosh ofisi va boshqa aktivlarini 100 mlrd so‘mga yaqin summaga sotib olmoqda
Tadbirkor Oybek Tursunov Perfectum mobil operatorining Toshkentdagi bosh ofisi va 2000 dan ortiq asosiy vositalarini 98,4 mlrd so‘mga sotib olmoqda. Bitimni Rubicon Wireless Communication aksiyadorlari operatorning xalqaro VEON guruhiga 207 mln dollarga sotilishi e’lon qilinishi arafasida ma’qulladi.

Oybek Tursunov Perfectum bosh ofisi va boshqa aktivlarini qariyb 100 mlrd so‘mga sotib olmoqda
Tadbirkor Oybek Tursunov Perfectum mobil operatorining ko‘chmas mulki va boshqa aktivlarini QQS bilan birga jami 98,37 mlrd so‘mga xarid qilmoqda. Tegishli bitim Perfectum brendi ostida faoliyat yurituvchi Rubicon Wireless Communication AJ aksiyadorlari tomonidan 16-oktabr kuni o‘tkazilgan navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishda tasdiqlandi.
Qaror Korporativ axborot yagona portalida 23-oktabr kuni e’lon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, kompaniya Oybek Tursunovga Toshkent markazida joylashgan, Perfectum bosh ofisi joylashgan ko‘chmas mulkni hamda 2012 dona asosiy vositalarni sotadi. Buning uchun ikkita oldi-sotdi shartnomasini tuzish rejalashtirilgan.
Bitimning asosiy obyekti Toshkent shahri Mirobod tumani Taras Shevchenko ko‘chasi 21-uy manzilida joylashgan ko‘chmas mulk majmuasi hisoblanadi. U 7283 kvadrat metr (0,72 gektar) maydonli yer uchastkasida joylashgan bo‘lib, umumiy maydoni 10 479 kv. m ni tashkil etadigan to‘rtta binoni o‘z ichiga oladi, shundan 8677 kv. m foydali maydondir.
Binolarda 57 ta xona, jumladan 47 ta xizmat xonasi mavjud. Ko‘chmas mulk majmuasining qiymati QQS bilan birga 65,97 mlrd so‘m deb belgilangan.
Bundan tashqari, Perfectum umumiy qiymati 32,41 mlrd so‘m bo‘lgan 2012 birlik asosiy vositalarni sotmoqda. Aksiyadorlar qarorida havola berilgan ularning batafsil ro‘yxati oshkor qilingan matnda keltirilmagan.
Sotuvning umumiy qiymati 98,4 mlrd so‘mni tashkil etadi.
“Rubicon Wireless Communication AJ tomonidan mulkni uchinchi shaxsga — Tursunov Oybek Botirovichga qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan birga jami 98 374 503 360 so‘m sotish narxida sotilishi munosabati bilan tuziladigan yirik bitimni (ikkita oldi-sotdi shartnomasini) ma’qullansin”, — deyiladi aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi qarorida.
Aksiyadorlar kompaniya ijrochi direktoriga oldi-sotdi shartnomalarini hamda mulkni topshirish-qabul qilish dalolatnomalarini imzolashni, shuningdek bitimni amalga oshirishda qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlashni topshirdi.
Qaror bir ovozdan ma’qullandi — yig‘ilishda vakillik qilingan barcha 572,39 mln ovoz beruvchi aksiya uning qabul qilinishi uchun ovoz berdi.
Ko‘chmas mulk va asosiy vositalarning sotilishi 16-oktabr kuni xalqaro VEON guruhi Perfectum’ni xarid qilishini e’lon qilishidan uch kun oldin ma’qullangan.
19-oktabr kuni Beeline Uzbekistan operatoriga egalik qiluvchi VEON kompaniyasi Rubicon Wireless Communication’ning 100% aksiyalarini sotib olish bo‘yicha bitim imzolanganini ma’lum qildi.
Bitimning umumiy qiymati qariyb 207 mln dollarni tashkil etadi, bular sirasiga Perfectum’ning taxminan 93 mln dollar miqdoridagi moliyaviy qarzdorligi ham kiradi. Shunday qilib, qabul qilinayotgan qarz chegirib tashlanganida bitim qiymati taxminan 114 mln dollarni tashkil etadi.
Aksiyalarning xaridori sifatida VEON UZB Holding Ltd ishtirok etmoqda.
Rubicon Wireless Communication’ning korporativ ma’lumotlariga ko‘ra, amaldagi aksiyadorlar va VEON UZB Holding Ltd 19-oktabr kuni aksiyalarni oldi-sotdi shartnomasini tuzishlari kerak edi. Aksiyalarni topshirish “Toshkent” respublika fond birjasining birjadan tashqari savdo tizimi orqali chaqirib olinmaydigan buyurtmalarni topshirishni ko‘zda tutadi.
Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi VEON guruhi tomonidan Perfectum’ning sotib olinishini ma’qulladi.
Operator kamida uch yil davomida mustaqilligini, amaldagi 5G FWA tariflarini esa 12 oy davomida saqlab qolishi kerak. Shuningdek, aloqa sifati va abonentlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ham talablar belgilangan.

