“Otlar orasidagi Rapunzel”: Amerikada g‘ayrioddiy dumi bilan mashhur ot Ginnes rekordini yangiladi

“Otlar orasidagi Rapunzel”: Amerikada noodatiy dumi bilan tanilgan ot Ginnes rekordini yangiladi
AQSHning Ogayo shtatida yashovchi Jenni ismli ot o‘zining g‘ayrioddiy uzun dumi sabab Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi.
Rekord 2026-yil 25-iyul kuni rasman qayd etildi. Jenni amerikalik Makkenzi Lou va Reychel Estesga tegishli bo‘lib, Spring-Velli shahridagi ot sporti maktabida yashaydi.
Otning dumi yetti yil davomida parvarish qilingan. Shu bilan birga, hozirgi natija 2007-yilda JJS Summer Breeze baytali o‘rnatgan avvalgi rekorddan deyarli 32 santimetrga uzun. O‘sha paytda uning dumi 381 santimetr bo‘lgan.
Makkenzi Louning aytishicha, Jenni uning fermasiga kelguniga qadar ot bir marta o‘z dumini butunlay yulib tashlagan ekan. Uni sotib olishganida dumi yerga tegib turgan, biroq hali bunchalik uzun emasdi.
Jenni Amerika miniladigan ot zotiga mansub bo‘lib, bu zot vakillari uzun va qalin dumlari bilan mashhur. Ot egalari dumni kesishmagan va vaqt o‘tishi bilan u o‘sishda davom etgan. Shundan keyin ular jahon rekordini o‘rnatishga urinib ko‘rishga qaror qilishgan.
Rekord darajadagi uzun dumni parvarish qilish bir necha soat vaqt oladi. U taxminan oyiga bir marta yuvilib quritiladi, so‘ngra shikastlanishdan asrash uchun o‘rib qo‘yiladi. O‘rtacha hisobda, yuvish va konditsionerlashdan tortib, chigalini yozish va qayta o‘rishgacha bo‘lgan butun jarayon to‘rt-besh soat davom etadi.
Uzoq muolajalar paytida ot ba’zan sabrsizlana boshlaydi, ammo shirinliklar unga parvarish tugashini xotirjam kutishga yordam beradi. Jenni va boshqa otlar dumini bexosdan bosib olmasligi uchun u o‘rilib, maxsus g‘ilofga solib qo‘yiladi.

