Iqtisodiyot

Otga berilgan yemmi-bu?

Qozogʻiston ijtimoiy soha hisobidan harbiy byudjetni oshirmoqda: bundan maqsad nima?

**Otga yemmi?**

Qozogʻiston respublika byudjetining tuzatilishi keskin munozaralarga sabab boʻldi. Qayta taqsimlash raqamlarining oʻzi juda koʻp narsadan dalolat beradi: Mudofaa vazirligi qoʻshimcha 41,3 milliard tenge ($ 90,87 mln), Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (MXQ) — 31 milliard ($ 68,21 mln), IIV — 26,1 milliard ($ 57,43 mln) oladi. Ichki ishlar vazirligi, ayni paytda Mehnat vazirligi byudjeti 55 milliard tengega ($ 121 mln), taʼlim xarajatlari — 10,3 milliardga ($ 22,66 mln) qisqartirildi, kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash kamaytirildi, shuningdek, yangi yoʻllar va chegara oʻtkazish punktlari qurish boʻyicha baʼzi loyihalar toʻxtatib qoʻyildi.

**Ichkaridan ham, tashqaridan ham bosim ortmoqda**

Markaziy Osiyo atrofidagi dunyo va mintaqa juda jadal oʻzgarmoqda. Geosiyosiy beqarorlik, xalqaro mojarolar va gibrid tahdidlar xavfi har qanday davlatni suverenitet va xavfsizlik haqida oʻylashga majbur qilmoqda. Qozogʻiston uchun armiya, chegara xizmatlari va harbiy infratuzilmani mustahkamlash davlatning eng birinchi galdagi ustuvor vazifasiga aylandi.

Kuch-qudrat blogi — bu faqat chegaradagi tanklar va askarlar degani emas. IIV va MXQ mamlakat ichidagi jamoat tartibi, muhim infratuzilmani himoya qilish, kiberjinoyatchilik va ekstremizmga qarshi kurash uchun javobgardir. Xarajatlarni oshirish uskunalar, aloqa tizimlarini yangilash, xodimlarning moddiy taʼminotini yaxshilash va chegara hududlarini mustahkamlashga qaratilgan.

**«Ozlashtirilmagan» pullarni tejash**

Hukumat amaliyotida ijtimoiy soha yoki kichik biznes byudjetini qisqartirish har doim ham toʻlovlardan toʻgʻridan-toʻgʻri voz kechishni anglatmaydi. Bu koʻpincha «ozlashtirilmaslik» deb ataladigan holat bilan bogʻliq. Biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha baʼzi dasturlar yoki infratuzilma qurilishlari oʻz vaqtida boshlanmagani yoki tenderlar va hujjatlashtirish bosqichida tiqilib qolgani sababli amalga oshmay qolgan. Sabab korruptsiya va «otkat»larda ekani ham mustasno emas. Shu bilan birga, agar ajratilgan milliardlar «yotgan» boʻlsa va yil oxirigacha sarflanmasa, ular moliyalashtirish shoshilinch zarur boʻlgan va kafolatli ravishda oʻz maqsadida foydalaniladigan sohalarga yoʻnaltiriladi.

Yangi yoʻllar va obʼyektlar qurilishi uchun byudjetlarni bekor qilish yoki qisqartirish yangicha yondashuvni aks ettiradi: qimmatga tushadigan va choʻzilib ketadigan qurilishlarni boshlash oʻrniga, davlat resurslari mavjud yoʻllar va infratuzilmani saqlash va taʼmirlashga qaratilmoqda.

**«Tutash idishlar» effekti: yangi xavf-xatarlar**

Iqtisodiyotda oddiy qoida amal qiladi: agar bir joyda koʻpaysa, demak, boshqa joyda soʻzsiz kamayadi. Milliardlab mablagʻlarning kuch-qudrat sektori foydasiga qayta yoʻnaltirilishi ijtimoiy sohada muqarrar ravishda kemtik qoldiradi. Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi byudjeti qisqartirilganda (deyarli $ 121 mln ga), bu birinchi navbatda aholining eng zaif qatlamlariga — pensionerlar, koʻp bolali oilalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va kam taʼminlangan fuqarolarga zarba beradi. Hatto inflyatsiya sharoitida ijtimoiy toʻlovlarni indeksatsiya qilishning vaqtinchalik qisqartirilishi yoki kechiktirilishi ham odamlar tomonidan juda ogʻriqli qabul qilinadi.

Bunday tengsizlik jiddiy ijtimoiy xavf-xatarlarni keltirib chiqaradi. Aholi va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlashni qisqartirish evaziga davlat xavfsizligini mustahkamlashga urinish aks natija berishi mumkin. Ijtimoiy keskinlikning ortishi, daromadlarning kamayishi va fuqarolar oʻrtasida adolatsizlik hissi anʼanaviy ravishda xalq noroziligi va protest kayfiyatlarining katalizatoriga aylanadi. Oqibatda berk doira hosil boʻlishi mumkin: davlat armiya va huquq-tirotibot organlarining koʻproq resurslari va kuchlarini tashqi tahdidlarga emas, balki ichki norozilikni jilovlashga yoʻnaltirishiga toʻgʻri keladi.

**Strategiyami yoki majburiy qadam?**

Ijtimoiy himoya, taʼlim va tadbirkorlikka xarajatlarni qisqartirish — ommabop boʻlmagan va sezilarli jamoatchilik eʼtirozini keltirib chiqaradigan qarordir. Biroq, hukumat milliy xavfsizlik va barqarorlikka urgʻu bermoqda. Asosiy savol shundaki, davlat kuch-qudrat blogining mustahkamlanishi ijtimoiy portlashga olib kelmasligi uchun muvozanatni saqlab qola oladimi-oʻzi?

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.