OTB O‘zbekistonga elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun 200 mln dollar qarz ajratadi
OTB O‘zbekistonga elektr taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun 200 mln dollar qarz ajratadi. Dastur doirasida 60 ta podstansiya yangilanadi, elektr energiyasi yo‘qotishlari kamaytiriladi va kamida 3,3 GVt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini tarmoqqa ulash imkoniyati yaratiladi.

OTB O‘zbekistonda elektr tarmoqlarini yangilash uchun 200 mln dollar qarz beradi
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonda elektr energiyasini taqsimlash tizimini modernizatsiya qilish maqsadida 200 mln dollar qarz ajratadi.
Ushbu dastur bo‘yicha qarz bitimi 15-oktabr kuni Tailandning Bangkok shahrida OTB prezidenti Masato Kanda va O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov tomonidan imzolandi.
Dastur elektr energiyasiga talab ortib borayotgan bir paytda O‘zbekistonning elektr taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish, elektr energiyasi yo‘qotishlarini qisqartirish va elektr ta’minoti ishonchliligini oshirishga yo‘naltirilgan.
“Ishonchli elektr ta’minoti — zamonaviy iqtisodiyotning aholi oldidagi eng asosiy majburiyatlaridan biridir”, — dedi Masato Kanda. Uning aytishicha, mustahkamlangan elektr tarmoqlari oilalar, korxonalar va davlat muassasalarini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlash, shuningdek, qayta tiklanuvchi manbalardan olinadigan elektr energiyasini ko‘proq uzatish imkonini beradi.
Dastur doirasida mamlakat bo‘ylab muhim ahamiyatga ega 60 ta elektr taqsimlash podstansiyasi rekonstruksiya qilinadi va modernizatsiya qilinadi. Tarmoqlarni boshqarishni yaxshilash uchun raqamli tizimlar ham joriy etiladi.
OTB ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodiyotning o‘sishi, shaharlarning kengayishi va aholining elektr energiyasiga ehtiyoji ortishi tarmoqlarga tushadigan yuklamani oshirmoqda. Eskirgan infratuzilma, elektr energiyasi yo‘qotishlari va uskunalarning ortiqcha yuklanishi elektr ta’minoti ishonchliligiga ta’sir qilmoqda. Bu holat, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining yangi quvvatlarini tarmoqqa ulashni qiyinlashtirmoqda.
Dastur natijasida elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish, transformatorlarga tushadigan ortiqcha yuklamani pasaytirish va elektr ta’minoti barqarorligini oshirish kutilmoqda. Shuningdek, kamida 3,3 GVt quvvatga ega qayta tiklanuvchi energiya manbalarini elektr tarmog‘iga ulash uchun sharoit yaratiladi. Issiqxona gazlari chiqindilarini esa yiliga qariyb 23 ming tonna karbonat angidrid ekvivalentiga kamaytirish rejalashtirilgan.
Loyiha “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining tarmoqlardan foydalanish va ularni boshqarish salohiyatini oshirishga ham qaratilgan. Xodimlarning texnik ko‘nikmalarini rivojlantirish, boshqaruv va moliyaviy nazorat tizimlarini mustahkamlash, malaka oshirish hamda energetika sohasida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish ham dasturning vazifalari qatoriga kiradi.
OTB ma’lumotiga ko‘ra, bu bankning Jahon banki bilan O‘zaro to‘liq ishonch mexanizmi doirasida amalga oshiriladigan energetika sohasidagi birinchi dasturidir. Shuningdek, u O‘zbekiston energetika sohasida natijalarga asoslangan qarz asosida amalga oshiriladigan ilk dastur hisoblanadi.
Ushbu mexanizm OTB va Jahon bankiga bir-birining kompleks baholash natijalari hamda loyihalarni amalga oshirish tartiblaridan foydalanish imkonini beradi. Bu takroriy ishlarni va bitimlar bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
OTB dasturda yetakchi kreditor hisoblanadi. Bank ma’lum qilishicha, Jahon banki rahbariyati shu oy oxirigacha qo‘shimcha 100 mln dollar moliyalashtirish ajratish bo‘yicha taklifni direktorlar kengashi tasdig‘iga kiritishni rejalashtirgan.
OTB 2010-yildan buyon O‘zbekiston energetika sohasiga jami 3,4 mlrd dollardan ortiq moliyalashtirish va kafolatlar taqdim etgan. Yangi dastur “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish va energiya samaradorligini oshirish maqsadlariga ham xizmat qiladi.
Dastur, shuningdek, OTBning O‘zbekiston bilan 2024−2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik strategiyasi doirasida amalga oshiriladi.
Mazkur dastur OTBning mintaqada energetika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli rejalari fonida amalga oshirilmoqda. Bank may oyida 2035-yilgacha Osiyo va Tinch okeani mintaqasida energetika tizimlarini o‘zaro bog‘lash va transchegaraviy elektr energiyasi savdosini kengaytirish uchun 50 mlrd dollar safarbar etish tashabbusini e’lon qilgan edi.
OTB 2024-yilda O‘zbekiston bilan 2028-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan yangi sheriklik strategiyasi ishga tushirilishini e’lon qilgandi.
Asosiy vazifalar qatorida iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish ko‘rsatilgan. Bank energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va qazib olinadigan yoqilg‘i uchun subsidiyalarni qisqartirishga ko‘maklashishni rejalashtirmoqda.

