O‘zbekistonda yirik iste’molchilar uchun elektr energiyasi tariflari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin

O‘zbekistonda yirik iste’molchilar uchun elektr energiyasi tariflari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Energetika vazirligi axborot xizmati “Spot”ga ma’lum qilishicha, yirik iste’molchilar uchun elektr energiyasining vaqt zonalari bo‘yicha differensial tariflarini qayta ko‘rib chiqish masalasi o‘rganilmoqda.
Bunga qayta tiklanuvchi energiya manbalarining, xususan, kunduzgi vaqtda quyosh elektr stansiyalarida ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi hajmining sezilarli darajada oshgani sabab bo‘lmoqda.
Hozirgi tariflar ayrim korxonalarni elektr energiyasi nisbatan arzon bo‘lgan tungi soatlarda ko‘proq energiya iste’mol qilishga undamoqda. Vazirlik esa ishlab chiqarish jarayonlarining bir qismini kunduzgi soatlarga ko‘chirishni rag‘batlantiruvchi tarif mexanizmlarini ko‘rib chiqmoqda.
Ta’kidlanishicha, bunday yondashuv korxonalarga ish jarayonlarini elektr energiyasi uchun maqbul vaqtga moslashtirish, energetika tizimiga esa kunduzgi paytda ishlab chiqarilayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samaraliroq foydalanish imkonini beradi.
Shuningdek, belgilangan bazaviy tarifga vaqt zonalari bo‘yicha qo‘llanadigan oshiruvchi va kamaytiruvchi koeffitsiyentlar nisbatini qayta ko‘rib chiqish masalasi ham o‘rganilmoqda.
Hozircha yangi tariflarning aniq parametrlari belgilanmagan. Ular muhokamalar yakunlariga ko‘ra o‘zgarishi mumkin.
Avgust oyi boshida Oʻzbekistonda energetika sohasida davlat tariflarini tartibga solishning yangi tizimi joriy etilgani haqida xabar berilgandi. Yangi tartib doirasida elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va yetkazib berish, shuningdek, tabiiy gazni transportirovka qilish hamda gaz ta’minoti xizmatlari bo‘yicha tartibga solinadigan tariflar tasdiqlangan.
Mazkur tariflar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan belgilangan. Ular 2026-yil 1-avgustdan energetika sohasidagi tartibga solinadigan tashkilotlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarda qo‘llanadi.

